Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

17 yillik tanaffusdan so‘ng Farg‘ona xalqaro aeroportidan yuklarni xorijiy davlatlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri jo‘natish imkoniyati qayta tiklandi

Chop etish Sahifani ulashish
01.06.2020 7273 Yangiliklar

 

Pandemiya sharoitda mamlakatimizda yetishtirilgan mahsulotlar eksporti hajmini oshirish bu orqali esa aholi daromadlarining keskin kamayib ketishining oldini olish, qo‘shimcha ishchi o‘rinlarini yaratish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Karantin davrida tadbirkorlar va eksportyorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga amaliy ko‘mak berish maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda. Hususan, transport vazirligida tashkil etilgan eksportga ko‘maklashish shtabi tomonidan tadbirkorlardan kelib tushayotgan murojaatlar tezkorlik bilan o‘rganilib, mavjud muammolar joyida hal etilishi natijasida xorijiy xaridorlarga sifatli mahsulotlarni o‘z vaqtida yetkazib berish ta’minlanmoqda.

Jumladan, Farg‘ona viloyatidan xorijga ho‘l mevalar eksporti bilan shug‘ullanayotgan RTL logistics, UZ-Segong, XinFergana korxonalari tomonidan bo‘lgan murojaatlar va ushbu korxonalarning faoliyati Transport vazirligining aeroportlarni rivojlantirish va yer usti ta’minoti boshqarmasi mutaxassislari tomonidan atroflicha o‘rganib chiqildi.

Eksportyor korxonalar vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ho‘l mevalarni Farg‘ona viloyatidan Qamchiq dovoni orqali Toshkent xalqaro aeroportiga yuk mashinalarida yetkazib borish jarayonidagi qiyinchiliklar, qolaversa, ushbu jarayon transport harajatlarining ortib ketishiga bu esa o‘z navbatida eksportga yuborilayotgan mahsulotlar narhining ko‘tarilishiga sabab bo‘layotgani tufayli ushbu hududning o‘zidan yuk aviaqatnovlarini tashkil etish masalasi o‘rganib chiqildi.

Eksportyor korxonalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga qulay shart-sharoitlarni yaratib berish maqsadida UZ-Segong va XinFergana korxonalari tomonidan eksport uchun tayyorlanagan 50 tonna gilos mahsulotini 1 iyun kuni Farg‘ona xalqaro aeroportidan Koreyaning Seul xalqaro aeroportiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazilishi ta’minlandi.

Mazkur jarayonni muvafaqqiyatli amalga oshirish maqsadida, Namangan xalqaro aeroportidan havo kemasi sahniga yuklarni ortish uchun ishlatiladigan maxsus texnika vositalari (Triple) hamda Toshkent xalqaro aeroportidan esa maxsus evropaddonlar Farg‘ona xalqaro aeroportiga olib kelindi. Havo kemasi yetib kelguniga qadar esa aeroportning yuk tashuvlari bo‘limi xodimlariga maxsus texnikadan foydalanish va yuk tashish havo kemasiga yuklarni ortish mashg‘ulotlari o‘tkazildi.

Barcha tashkiliy masalalar muvafaqqiyatli amalga oshirilib, 50 tonna gilos mahsulotini Seul shahriga yuborish amaliyoti omadli yakunlandi. Shunday qilib vodiylik eksport bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratish hamda ularning viloyatlararo yuk tashish borasida yuzaga kelayotgan muammolarini bartaraf etish va xorijga to‘g‘ridan-to‘g‘ri Farg‘ona xalqaro aerportidan yuklarni yuborish imkoni yaratildi.