Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Barcha uchun qulay jamoat transport tizimi yaratiladi

Chop etish Sahifani ulashish
26.11.2020 6678 Yangiliklar

 

Yo‘lovchilar uchun qulay, xavfsiz, tezkor va ishonchli bo‘lgan jamoat transporti xizmatini tashkil etish barcha megapolis shaharlardagi eng dolzarb masalalardan biri bo‘lib hisoblanadi. Aholining keng qatlami o‘z shaxsiy transport vositalaridan ko‘ra aynan jamoat transportini afzal bilib uning xizmatlaridan foydalanishi uchun esa avvalambor, jamoat transporti har tomonlama (vaqt nuqtai nazaridan, moliyaviy jihatdan, qulayligi bilan) jozibador bo‘lishi talab etiladi.

Mamlakatimizda aholi daromadlari va turmush darajasining ortishi bilan yil sayin avtotransport vositalarinnig soni ham ortib bormoqda. Oxirgi 10 yilda birgina poytaxtimiz Toshkent shahrida avtomobillar soni 250 mingtadan 510 mingtaga, ya’ni 2 baravar oshgan. Kuniga Toshkent shahri ko‘chalariga 600 mingdan ziyod transport vositalari chiqadi. Shunga mos ravishda transport infratuzilmasi rivojlantirib borilmoqda. Biroq yo‘l harakatini tartibga solishdagi kamchiliklar tufayli ko‘chalaridagi yuklamalar, transport vositalarining tirbandligi yil sayin ortib bormoqda. Bu esa o‘z navbatida katta iqtisodiy yo‘qotishlarga, atrof-muhitning zararlanishiga, shuningdek, aholi salomatligiga salbiy ta’sir etmoqda.

Shu boisdan davlatimiz rahbari xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda Toshkent shahrida jamoat transporti tizimi va infratuzilmasini takomillashtirish bo‘yicha topshiriq bergan edi. Mazkur topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida Toshkent shahar hokimligi va Turkiyaning “Kalyon Ulaştırma” kompaniyasi bilan hamkorlikda poytaxtimizdagi muammo va kamchiliklar kompleks o‘rganib chiqildi. Geoinfarmatsion tizim hamda modellashtirish orqali transport va yo‘lovchilar oqimi tahlil qilindi. Olib borilgan tahlillar natijasida Toshkent shahrida jamoat transporti jozibadorligini yanada oshirish, aholi uchun sifatli va qulay transport tizimini joriy etish yuzasidan bir necha yo‘nalishlar bo‘yicha takliflar tayyorlandi.

Joriy yilning 23 - noyabr kuni Prezidentimiz Toshkent shahrida yo‘l-transport infratuzilmasini rivojlantirishga oid kontsepsiya taqdimoti bilan tanishdi.

Mazkur taqdimot jarayonida poytaxt va yirik shaharlarda transport tirbandliklari yildan-yilga oshib borayotganligi, jamoat transportini boshqarishda yagona siyosat mavjud emasligi, to‘lov tizimi va boshqa hududlardagi muammolar tanqid ostiga olindi.

O‘z navbatida, Toshkent shahri misolida jamoat transportini tartibga solish va xizmatlar sifatini oshirish borasida xorijiy ekspertlar bilan tayyorlangan takliflar ma’qullandi hamda hududlar kesimida bir yoki ikkita ko‘cha misolida jamoat transportini tartibga solish tadbirlarini ko‘rish vazifasi yuklatilgan edi.

25-noyabr kuni Toshkent davlat transport universitetida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan “Toshkent shahri misolida jamoat transporti va transport infratuzilmasini rivojlantirish” mavzuida o‘quv seminari tashkil etildi.

Tadbirni Transport vaziri v.b. I.Mahkamov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining o‘rinbosari, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining o‘rinbosarlari hamda sohaga oid tadqiqotchi olimlar, Toshkent davlat transport universiteti bitiruvchi kurs talabalari va ilmiy izlanuvchilar ishtirok etishdi.

Toshkent shahridagi jamoat transporti yo‘nalish tarmoqlari o‘tgan asrning 80-yillarida tuzilgan bo‘lib, shu vaqtga qadar mukammal tarzda qayta ko‘rib chiqilmagan. Bu esa o‘z navbatida shahar jamoat transporti tizimida jiddiy muammolarning yig‘ilib qolishiga sabab bo‘ldi. Ushbu tizimli muammolarni esa faqatgina ilmiy asoslangan yondashuvlar bilan hal etish mumkin. Aynan xorijlik mutaxassislar ishtirokida ishlab chiqilgan takliflar tizimdagi mavjud muammolarni bartaraf etishga yo‘naltirilgani bilan ahamiyatlidir.

Turkiyaning “Kalyon Ulaştırma” kompaniyasi direktori Chixat Kalyonchi o‘g‘li semirnar ishtrokchilariga Toshkent shahar transport va yo‘l transport infratuzilmasini kompleks rivojlantirish bosh rejasi yuzasidan taqdimot o‘tkazdi.

Taqdimot davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga turkiyalik mutaxassislardan javob olishdi. Viloyat va shahar hokimlari o‘rinbosarlari o‘z hududlaridagi transport tizimi bilan bog‘liq holatlar yuzasidan fikr almashishdi.

Kunning ikkinchi yarimida esa Transport vazirligi huzuridagi Transport va logistikani rivojlantirish muammolarini o‘rganish markazi tomonidan “Samarqand shahrida transport tizimini istiqbolli rivojlantirishda modellashtirish tizimini joriy etish” loyihasi bo‘yicha rejalar va amalga oshirilgan ishlar, kutilayotgan natijalar to‘g‘risida ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, seminar qatnashchilari Toshkent shahri transport infratuzilmasini rivojlantirish doirasida poytaxtning Yunusobod tumani Ahmad Donish ko‘chasida amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdi.