Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Karantin davrida mahalliy yo‘nalishlarda avia va temir yo‘l qatnovlarini yo‘lga qo‘yishning vaqtinchalik tartibi

Chop etish Sahifani ulashish
15.05.2020 7250 Yangiliklar

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining 14 maydagi qarori bilan O‘zbekistonda amaldagi karantin talablari 2020 yil 1 iyunga qadar uzaytirildi.

Shu bilan birga navbatdagi engilliklar e’lon qilinib, qator faoliyat turlariga ruxsat berildi. Xususan, 2020 yil 18 may kunidan boshlab, Toshkent shahridan Nukus, Urganch, Termiz shaharlariga aviaqatnovlarni (borish va qaytish) tiklash;

Toshkent shahridan Navoiy, Buxoro, Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” tezyurar poezdi hamda Farg‘ona vodiysiga temir yo‘l qatnovini (borish va qaytish) qayta yo‘lga qo‘yishga ruxsat berildi.

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan Karantin davrida mahalliy yo‘nalishlarda avia va temir yo‘l qatnovlarini yo‘lga qo‘yishning Vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi.

Ushbu Vaqtinchalik tartib O‘zbekiston Respublikasi hududida koronavirus pandemiyasi davrida mahalliy yo‘llanishlarda yo‘lovchi tashish davomida koronavirus infeksiyasining tarqalishiga yo‘l qo‘ymaslik, avia
va temir yo‘l tashuvlari barcha ishtirokchilariga qo‘yiladigan talablar va vazifalarni, shuningdek, yo‘lovchilarning havo va temir yo‘l transportida harakatlanish tartibini belgilaydi.

Mazkur tartibga muvofiq yo‘lovchilarga quyidagi talablar qo‘yiladi

1. Albatta koronavirus infektsiyasiga test topshirishi lozim, reyslarga chiqish istagida bo‘lgan yo‘lovchilar. Bunda, Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi markazi tomonidan koronavirus infeksiyasiga test tahlillari olinganiga 120 soatdan ko‘p bo‘lmagan va tahlil natijasi “manfiy” ekanligi haqidagi ma’lumotnomaga ega bo‘lgan yo‘lovchilar reyslarga qo‘yiladi.

Ruxsat etilgan yo‘nalishlar bo‘yicha avia va poyezdlarda safarga chiqish istagida bo‘lgan yo‘lovchilar koronavirus infeksiyasiga test tahlillarini Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi markazi va OITS (SPID) markazlarining viloyat bo‘limlarida, Toshkent shahrida esa Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan belgilangan dislokatsiyalarda topshirishlari mumkin.

2. Barcha yo‘lovchilar aeroport va temir yo‘l vokzallari hududiga kirishdan oldin tana harorati o‘lchanadi. Tana harorati 37 C dan yuqori bo‘lmagan yo‘lovchilar dezinfektor yordamida zararsizlantiriladi hamda havo va temir yo‘l transportlariga bir martalik himoya niqoblari va qo‘lqoplarda kiritiladi.

Tana harorati 37 C dan yuqori bo‘lgan yo‘lovchilar tibbiyot xodimlari nazoratiga topshiriladi. Sog‘liqni saqlash xodimlarining xulosasiga ko‘ra yo‘lovchiga avia va temir yo‘l xizmatlaridan foydalanishga ruxsat berilmaydi. Bunday holatlarda yo‘lovchiga chipta puli belgilangan tartibda qaytarib beriladi.

3. Yo‘lovchilar aeroport va temir yo‘l vokzallarida ijtimoiy masofani saqlashlari hamda yo‘naltiruvchi maxsus tasmalar bo‘ylab harakatlanishlari shart.

Aeroport va temir yo‘l vokzallarida umumiy ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish va savdo shahobchalarining faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Yo‘lovchilar savdo avtomatlaridan foydalanishlari mumkin.

4. Yo‘lovchilar havo kemalariga va temir yo‘l vagonlariga ijtimoiy masofani saqlagan holda joylashtiriladi.

6. Avia va temir yo‘l qatnovlariga elektron chiptalar onlayn tarzda sotiladi.

Elektron chipta olish imkoniyati bo‘lmagan yo‘lovchilar, belgilangan tartibda dezinfektsiya ishlari amalga oshirilgandan so‘ng, havo aloqalari bosh agentligi, aeroport va temir yo‘l vokzallari kassalaridan chipta olishlari mumkin bo‘ladi.


Yo‘lovchilarning parvoz vaqtida havo kemasi salonida harakatlanishlari taqiqlanadi, xojatxonadan foydalanish holatlari bundan mustasno. Xojatxona hamda oshxona qismida yo‘lovchilarning to‘planishlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Yo‘lovchilar uchun xojatxonalar sanitariya va gigiena tozalovchi vositalar hamda antiseptik vositalar bilan to‘liq ta’minlanadi.

Parvoz vaqtida oziq-ovqat mahsulotlari, turli xil jurnal va gazetalar tarqatilmaydi, avariya holatidagi harakat yo‘riqnomasi bundan mustasno. Parvoz vaqtida yo‘lovchilarga faqatgina 250 ml hajmdagi qadoqlangan ichimlik suvlari beriladi.

Yo‘lovchilarga poezd vagonlarida o‘zlariga taqdim etilgan bir martalik himoya niqoblari va qo‘lqoplarini echishlariga ruxsat berilmaydi. Yo‘lovchilarning suv ichish holatlari bundan mustasno.

Yo‘lovchilarning vagonlar bo‘ylab harakatlanishlari ta’qiqlanadi, xojatxonadan foydalanish holatlari bundan mustasno. Vagonlarning xojatxona hamda tamburlarida yo‘lovchilarning to‘planishlariga yo‘l qo‘yilmaydi. Yo‘lovchilar uchun xojatxonalar sanitariya va gigiena tozalovchi vositalari, antiseptik vositalari bilan to‘liq ta’minlanadi.

Mazkur Vaqtinchalik tartib talablari buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortiladi.

Koronavirus pandemiyasi davrida yo‘lovchilarning havo kemasi bortida va temir yo‘l vagonlarida joylashuvi ijtimoiy masofani saqlash tamoyili asosida, quyidagi ko‘rinishda amalga oishiriladi.

 

Ruxsat etilgan yo‘nalishlar bo‘yicha safarga chiqish istagida bo‘lgan yo‘lovchilar parvozlar va poyezdlar harakatlanish jadvali bilan “Uzbekistan airways” AJ va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ ning veb-saytlari va ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy sahifalaridan olishlari mumkin.