Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Respublika maxsus komissiyasining qarori: Karantin muddati uzaytirildi va yangi tartiblar kiritildi

Chop etish Sahifani ulashish
20.04.2020 14681 Yangiliklar
Respublika maxsus komissiyasi tomonidan Oʻzbekistonga koronavirusning yangi turi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan izchil va tizimli ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, yurtimizdagi epidemiologik vaziyat hali barqarorlashmaganligi, qolaversa, dunyo boʻyicha koronavirus infeksiyasining tarqalishi ortayotgani tufayli Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan koronavirus pandemiyasi orqali kiritilgan cheklov choralarini saqlab turish maqsadga muvofiqligi bayon etilmoqda.

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish maqsadida hozirga qadar joriy etilgan barcha cheklovlarning 2020-yilning 10-mayiga qadar uzaytirganligidan kelib chiqib, quyidagilar maʼlum qilinadi:

Xorijiy fuqarolarga berilgan viza muddatlari joriy yilning 1-iyungacha avtomatik tarzda uzaytirildi.

Nooziq-ovqat buyumlar (kiyim-kechak, xoʻjalik mollari, koʻchatlar, urugʻlar) savdosiga sayyor savdo nuqtalari orqali sanitariya-gigiyena talablariga toʻliq rioya qilingan holda tashkil etishga ruxsat beriladi. Bunda ijtimoiy masofa (2 metr) saqlanishi hamda boshqa sanitariya-gigiyena qoidalariga rioya etilishi majburiydir.

Karantin davrida muddati tugaydigan barcha ruxsat berish xususiyatiga ega boʻlgan hujjatlar (litsenziya va ruxsatnomalar) hamda shaxsni tasdiqlovchi hujjatlarning (fuqarolik pasporti, Oʻzbekistonda yashash ruxsatnomasi), avtotransport vositalari uchun talab qilinadigan hujjatlar (sugʻurta polisi, transportni boshqarish uchun ishonchnoma, transport vositasini (qayta) roʻyxatdan oʻtkazganlikni hamda texnik koʻrikdan oʻtganligini tasdiqlovchi hujjatlar) amal qilish muddati 2020-yil 1-iyulga qadar uzaytiriladi. Ularning muddati oʻtganligi munosabati bilan javobgarlik va boshqa choralar qoʻllanilmaydi.

Karantin davrida faqatgina bank plastik kartalariga oʻtkazish tartibi belgilanganligini inobatga olgan holda, pensionerlarning plastik kartalaridagi operatsiyalar uchun komission toʻlovlarni undirmaslik tartibi joriy etiladi.

Elektron raqamli imzo kalitini masofadan turib olish mexanizmi joriy etiladi.

Yetkazib berish xizmatini koʻrsatuvchi litsenziyasiga ega boʻlgan, yoʻnalishsiz taksilar haydovchilari “maxsus kombenizon” (shaxsiy ximoya kiyimi), tibbiy qoʻlqop va niqoblarda faoliyat olib borishi lozim.

Yoʻlovchi tashish faoliyati bilan bogʻliq barcha litsenziyalar boʻyicha ariza qabul qilish va litsenziyalarni koʻrib chiqish va berish 2020-yil 10-maygacha qadar vaqtincha toʻxtatiladi.

Nodavlat tibbiyot tashkilotlariga barcha talablariga rioya qilgan holda hududdiy sanitariya epidemiologik osoyishtaligi markazlari rahbarlari tomonidan imzolanadigan shartnoma asosida 2020-yil 1-sentyabrga qadar koronovirus infeksiyasini laborator tekshirish boʻyicha pullik tibbiy xizmat koʻrsatishlariga ruxsat beriladi.

Shuningdek, respublika hududlarida faoliyat koʻrsatuvchi dexqon bozorlarida dizenfeksion holatni yana-da kuchaytirishga qaratilgan qoʻshimcha choralar belgilanmoqda.

Xususan, dehqon bozorlarida, shu jumladan bozor hududidan tashqarida joylashgan yirik oziq-ovqat doʻkonlarida savdo ijtimoiy masofa (2 metr) saqlagan holda “zigzag” tartibi (quvurlar, bantlar va boshqa shu kabi toʻsiqlar orqali) tashkil etiladi.

Har bir bozorga kirishda “dezinfeksiya tunneli” va “sanitariya post”lari, dezinfeksiya guruhlari tashkil etilib, ular bozor hududida karantin choralari talablariga rioya etilishini taʼminlab boradi.

Yuqorida bayon etilgan tartiblar bir tomondan koronavirus infeksiyasining keng tarqalishining oldini olishga, boshqa tomondan esa karantin davrida fuqarolarimizning sogʻligʻi hamda ijtimoiy muhofazasini qatʼiy taʼminlashga qaratilganligi bilan eʼtiborlidir.

Fuqarolarimizdan ushbu tartiblarga ongli ravishda, vaziyatni toʻgʻri tushunib, ogʻishmay amal qilishlarini soʻraymiz.