Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Urgutda jamoat transporti qatnovi yoʻlga qoʻyiladi

Chop etish Sahifani ulashish
17.12.2019 6580 Yangiliklar

Urgut tumani qishloqlaridan tuman markazi yoki boshqa shaharlarga borib-kelish uchun yoʻlovchilarga qulay sharoitlar yaratish, umuman tuman aholisining jamoat transportiga boʻlgan ehtiyojlarini toʻliq qondirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirligi tomonidan “Avtotrans Urgut” davlat unitar korxonasi tashkil etildi va ushbu korxonaga dekabr oy boshida 60 dona ISUZU rusumli avtobuslar sotib olindi.

Urgut tumani Samarqand viloyatining aholisi eng koʻp boʻlgan tumanlaridan biri boʻlib hisoblanadi. Biroq shu kunga qadar tumanda birorta ham yoʻnalishda avtobus qatnovi mavjud emas edi. Bu esa oʻz navbatida yoʻlovchilarning manzillariga yetib olishlarida qator muammolarni keltirib chiqarayotgan edi. Tumandagi ayni mana shu muammoni bartaraf etish maqsadida Transport vazirligi tomonidan hududda jamoat tarnsporti qatnovini tashkil etish maqsadida oʻrganish ishlari olib borildi. Tuman aholisi bilan bir necha marotaba tashkil etilgan sayyor qabullar davomida bildirilgan takliflar va murojaatlar asosida yangi yoʻnalishlarda avtobus qatnovlarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqldi. Aynan ushbu rejaga muvofiq “Avtotrans Urgut” davlat unitar korxonasi tashkil etildi va korxonaga yangi avtobuslar sotib olindi. Ushbu korxona oʻz ish faoliyatini boshlashi bilan tuman aholisining jamoat transportiga boʻlgan ehtiyoji toʻliq qondiriladi.

Joriy yilning 15-dekabr kuni Transport vazirining oʻrinbosari D.Dexkanov boshchiligidagi maxsus ishchi guruh Urgut tumani aholisi bilan sayyor qabul oʻtkazdi. Uchrashuv davomida yangi tashkil etilgan korxona va tumanda jamoat transporti qatnovini yoʻlga qoʻyish borasida tashkil etiladigan yoʻnalishlar boʻyicha toʻliq maʼlumot berildi.

Yangi sotib olingan 60 dona avtobuslar Urgut tumani aholisi uchun xizmat koʻrsatadigan 17 ta yoʻnalishlarga 2020-yilning yanvar oyidan eʼtiboran bosqichma- bosqich joylashtiriladi. Shundan, yangi tashkil etiladigan 5 ta yoʻnalish Urgut tumani markazini bevosita Samarqand shahri bilan bogʻlaydi.
Bular, “Urgut shahri- Siyob ABB”, “Urgut ABB- Baxrin-Siyob ABB”, “Urgut ABB- Dehqonobod- Siyob ABB”, “Urgut ABB- Sovgʻon- Taroqli- Siyob ABB”, “Jartepa- Siyob ABB” qolgan 12 ta yoʻnalish esa tuman ichki avtobus yoʻnalishlaridir.

Tuman aholisi bilan bevosita muloqot davomida Samarqand viloyati transport boshqarmasi rahbari I.Hamroyev yangi korxona tashkil etilishi bilan 200 ta yangi ishchi oʻrni yaratilishi va birinchi galda korxonada faoliyat yuritish uchun mahalliy aholi vakillari ishga qabul qilinishini taʼkidlab oʻtdi. Korxona faoliyat boshlashi bilan avtobus qatnovlarining muntazamligi taʼminlanib, qatʼiy belgilangan yoʻlkira narxi boʻyicha harakatlanishi doimiy nazoratda boʻladi. Hozirda yangi sotib olingan avtobuslarni rasmiylashtirish va siqilgan tabiiy gazga oʻtkazish boʻyicha qayta jihozlash ishlari olib borilmoqda.

Maʼlumot oʻrnida shuni aytib oʻtish joizki, Samarqand viloyatida 2019-yil davomida 10 ta yangi avtobus yoʻnalishlari, shundan 1 ta shahar, 8 ta shahar atrofi va 1 ta shaharlararo avtobus yoʻnalishlari ochildi. Urgut va Nurobod tumanlarida bittadan yangi avtostansiya qurib bitkazilib foydalanishga topshirildi. Viloyatda yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi korxonalar tomonidan 49 ISUZU va 24 katta hajmli shuningdek, “Avtotrans Urgut” DUK ga 60 dona ISUZU jami 133 ta avtobus sotib olindi. Viloyat shahar va tumanlarida Transport vazirligi tomonidan 30 ta oraliq bekatlar qurildi.

O'zbekiston Respublikasi Transport Vazirligi axborot xizmati