Click to listen highlighted text!

Skip links

Yo‘lovchilar diqqatiga!

image_pdfimage_print

Bugun yurtimizda barcha sohalarda shiddat bilan katta o‘zgarishlar va yangilanishlar yuz bermoqda. Davlatmiz rahbarining tashabbuslari bilan olib borilayotgan islohotlardan asosiy maqsad esa xalqimiz farovonligini ta’minlash, yurtimiz aholisiga munosib turmush sharoitlarni yaratib berishdan iboratdir. Barcha jabhalarda bo‘lgani kabi avtomobil transporti sohasida ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, yo‘lovchilarni o‘z vaqtida manzillariga xavfsiz yetkazib qo‘yishni tashkil etish borasida Transport vazirligi tomonidan belgilangan reja asosida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Hozirda avtomobil infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida yangi avtovokzal va avtostansiyalarni qurish, mavjudlarini rekonstruksiyadan chiqarish, hududlarda oraliq bekatlarini barpo etish, mamlakatimizning chekka hududlarini ham jamoat transporti qatnovi bilan qamrab olish, tumanlararo va shaharlararo yo‘nalishlarda, tuman markazi bilan olis qishloqlar o‘rtasida zamonaviy transport xizmati ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yish borasidi salmoqli ishlar amalga oshirmoqda.
Joriy yilning 10 may kuni to‘liq qayta rekonstruksiyadan so‘ng foydalanishga topshirilgan Toshkent avtovokzalida zamon talablariga mos servis xizmatlarini ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, kuniga 2000 mingdan ortiq yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatib kelinmoqda. Yo‘lovchilarni shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlarda manzillariga xavfsiz yetkazib qo‘yishni tashkil etish maqsadida tuzilgan “Uzautotrans Service” milliy korxonasi tomonidan hozirda 14 ta mahalliy shaharlararo yo‘nalishlarda va 5 ta xalqaro yo‘nalishlarda avtobus qatnovlari amalga oshirib kelinmoqda. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida nafaqat viloyat markazlari balki yo‘lovchi oqimi katta bo‘lgan tumanlarga ham muntazam avtobus qatnovlari tashkil etilmoqda. Shu bugungi kunga qadar korxona tomonidan jami 84 144 nafar yo‘lovchi tashilgan bo‘lib, kuniga 55 ta qatnov amalga oshirilmoqda.
Mazkur korxona ishini samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida avtobus haydovchilari maxsus tanlov asosida saralab olinib, doimiy ravishda malakasi oshirib borilmoqda. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad esa sifatli servis xizmati ko‘rsatish, qatnovlar xavfsizligini ta’minlash va yo‘lovchilarga munosib xizmat ko‘rsatishni tashkil etishdan iboratdir.
Biroq afsuski guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, deganlaridek, avtovokzal xodimlari va avtobus haydovchilari orasida bugungi islohotlarning mazmun- mohiyatini to‘liq anglab yetmagan, hamon eskicha fikrlashdan xalos bo‘la olmayotgan xodimlar ham uchrab turibti. Bu kabi xodimlarning o‘z ishga noxolis yondashuvi, chiptalarning noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanishi, haydovchilarning esa belgilangan yo‘nalishlardan chetga chiqishi, yo‘nalish pasportida ko‘rsatilmagan hududlarda to‘xtashi, safar vaqtida yo‘l- yo‘lakay avtobus saloniga qo‘shimcha yo‘lovchilarni olayotgani kabi salbiy holatlar uchrab turibti. Bu esa o‘z navbatida yo‘lovchilarning haqli e’tirozi va noroziligiga sabab bo‘lyapti.
Bu kabi holatlarning oldini olish maqsadida transport vazirligi inspektorlari tomonidan doimiy ravishda reyd tadbirlari tashkil etib kelinmoqda. Shuningdek, korxona ishchi- xodimlari o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borilyapti. Biroq, afsuski shu kabi sa’y-harakatlarga qaramasdan yuqoridagi kabi salbiy holatlar kundalik hayotimizda uchrab turibti.

Transport vazirligi hurmatli yo‘lovchilardan o‘z safarlari davomida avtovokzal xodimlari va avtobus haydovchilarining shu kabi xatti- harakatlariga guvoh bo‘lgan taqdirda vazirlikning (71) 202 55 22 yoki 1167 qisqa raqamli ishonch telefoniga murojaat etishlarini so‘rab qoladi. Shuningdek, Toshkent avtovokzalining (71) 207 87 00 hamda “Uzautotrans Service” korxonasining (71) 207 87 02 raqamlariga qo‘ng‘iroq qilib ariza qoldirishingiz mumkin.
Transport vazirligi fuqarolar bilan to‘g‘ridan- to‘g‘ri aloqaga kirishish va bevosita jamoatchilik nazoratini o‘rnatish orqali, o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va vazifalarga erishish, islohotlarni samarali amalga oshirishning ustuvor yo‘nalishi sifatida qaraydi.

O’zbekiston Respublikasi Transport Vazirligi axborot xizmati

Размер шрифта
Контраст
Click to listen highlighted text!