Click to listen highlighted text!

Skip links

Deputatlar Transport vazirligi faoliyatini baholadi

image_pdfimage_print
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Sanoat, qurilish va savdo masalalari qoʻmitasining kengaytirilgan yigʻilishi oʻtkazildi.
Parlament quyi palatasi deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Transport vazirligi, Hisob palatasi vakillari, ekspertlar hamda jurnalistlar qatnashgan tadbirda Prezidentimizning 2019-yil 27-fevraldagi “2019-yilda vazirliklar, davlat qoʻmitalari va boshqa davlat boshqaruvi organlari faoliyati samaradorligini hamda maqsadli vazifalarga erishishlarini baholashning asosiy mezonlari toʻgʻrisida”gi farmoyishi ijrosi yuzasidan Transport vazirligining hisoboti eshitildi.
Taʼkidlanganidek, baholashning asosiy mezonlarida Transport vazirligi tomonidan bajarilishi lozim boʻlgan 55 maqsadli vazifaning 21 tasi 2019-yil davomida ijro etilishi va 5 tasi joriy yilning sentyabr-dekabr oylarida yakunlanishi belgilangan. Shu bilan birga Oʻzbekiston Respublikasida 2025-yilgacha transportni rivojlantirish Konsepsiyasi va uni amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, tegishli tartibda Vazirlar Mahkamasiga kiritilgan.
Yigʻilishda vazirlik mutaxassislari qayd etishicha, joriy yilda Oʻzbekiston boʻylab harakatlanuvchi 57 yangi avtobus yoʻnalishi tashkil etildi. Shuningdek, xalqaro yoʻnalishda Qozogʻistonning bir qator shaharlariga, yaʼni Toshkent – Nur-Sulton, Toshkent – Yettisoy, Toshkent – Taraz, Samarqand – Olmaota, Samarqand – Turkiston va Chirchiq – Chimkent yoʻnalishlariga yangi avtobuslar qatnovi yoʻlga qoʻyildi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand va Namangan viloyatlarida 4 ta avtostansiya qurildi, Andijon va Namangan viloyatlarida 2 ta avtostansiya rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirildi.
Deputatlar Transport vazirligi faoliyatini baholash boʻyicha qator mezonlarning bajarilishi holati bilan birga aholi tomonidan koʻtarilayotgan muammolar yechimiga ham eʼtibor qaratdi. Xususan, aholiga koʻrsatiladigan avtotransport xizmatlariga ehtiyoj toʻliq qoplanmayotgani, qishloqlardan tuman markaziga, tuman markazidan shaharga, shahar markazidan viloyatlarga va viloyatlararo yoʻlovchi tashish yoʻnalishlarining yetarli emasligi koʻrsatib oʻtildi.
Bundan tashqari, avtomobil, temir yoʻl, havo va elektr transportlarda yuk hamda yoʻlovchilar tashishning hajmi kamligi, ularning xizmat sifati pastligi, narxi yuqoriligi va boshqa bir qator masalalar aholining haqli eʼtiroziga sabab boʻlayotganiga toʻxtalib oʻtildi. Bu vazifalarni amalga oshirishda, birinchi navbatda, vazirlik va uning tizimidagi barcha rahbarlar oʻz faoliyatini tanqidiy tahlil, qatʼiy tartib-intizom asosida tashkil etishi zarurligi boʻyicha tavsiyalar berildi.
Tadbirda deputatlar “Oʻzyoʻlinspeksiyasi” tomonidan 5 ming 985 yoʻl qurilish obyektida amalga oshiriladigan ishlarning 1 ming 710 tasida nazorat ishlari amalga oshirilgani, qolgan 4275 yoʻl qurilish obyektining nazoratsiz qolayotganiga alohida eʼtibor qaratdi.
Eshituv davomida “Transport toʻgʻrisida”gi qonun loyihasini ishlab chiqishda qoʻmita bilan hamkorlik qilish lozimligi aytib oʻtildi. Mazkur hujjatda transport logistikasining asosiy prinsiplari, transport tashishlar va transport ekspeditorlik faoliyati kabi koʻplab yoʻnalishlarni qayta koʻrib chiqish borasida oʻzaro kelishib olindi.
Shuningdek, Jahon bankining (Logistic performance Index) logistika samaradorligi Indeksi metodologiyasiga muvofiq, mamlakatimizning transport-logistika kompleksi ahvolini baholash tizimini joriy etish hamda ushbu indeksda yurtimiz reytingini yaxshilash borasida olib borilayotgan amaliy chora-tadbirlar tanqidiy muhokama qilindi. Ushbu tadbirlarni oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish boʻyicha tegishli takliflar bildirildi.
Tadbir yakunida qoʻmitaning sohani yanada takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalari aks etgan qarori qabul qilindi.
Размер шрифта
Контраст
Click to listen highlighted text!