Click to listen highlighted text!

Skip links

Sirdaryoda yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi korxona vakillari bilan sayyor qabul bo‘lib o‘tdi

image_pdfimage_print

Transport vazirligining avtomobil va daryo transportini rivojlantirish departamenti va yuridik boshqarmasi vakillaridan iborat maxsus ishchi guruh Sirdaryo viloyati transport boshqarmasida yo‘lovchi tashuvlari sohasida faoliyat yuritib kelayotgan uyushma rahbarlari va haydovchilar bilan sayyor qabul o‘tkazdi. Qabul davomida uyushma rahbarlari va haydovchilarga O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 21 maydagi “Yo‘lovchilarni avtobusda tashish xavfsizligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 424-son qarorining mazmun-mohiyati atroflicha tushuntirildi. Shuningdek, qatnashchilarni qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob berildi.

Ushbu qarorning 1-bandiga muvofiq 2019 yil 1-sentyabrdan boshlab foydalanish muddati 15 yildan ortiq bo‘lgan avtobuslarda yo‘lovchilarni tashishga litsenziya kartochkalari berilishiga yo‘l qo‘yilmasligi hamda 2021 yil 1-yanvardan boshlab foydalanish muddati 15 yildan ortiq bo‘lgan avtobuslarda yo‘lovchilarni tashish taqiqlangani belgilangan. Biroq viloyatdagi aksariyat transport uyushmalari va ularga a’zo bo‘lgan haydovchilar o‘rtasida ushbu qaror mazmun-mohiyatini to‘liq tushunmaganligi bois, endi mikroavtobuslarga ham litsenziya berish to‘xtatiladi degan noto‘g‘ri fikrning yuzaga kelishiga sabab bo‘lgan. Ayrim haydovchilar esa litsenziya varaqalarining amal qilishi muddati tugagan bo‘lishiga qaramasdan yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanishda davom etgan. Natijada esa qo‘shma reyd tadbirlari davomida litsenziya talab shartlarini buzgan ana shunday tashuvchilarning avtotransport vositalari vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchalariga joylashtirilgan.

Haydovchilar bilan bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotda ular litsenziya varaqalari olish uchun o‘zi a’zo bo‘lgan uyushmalar orqali hududiy transport boshqarmasiga belgilangan tartibda ariza bilan murojaat etmagani oydinlashdi. Ishchi guruhi tomonidan barcha haydovchilarga litsenziya olish tartib qoidalari yana bir bor batafsil tushuntirib o‘tildi. Hamda viloyat transport boshqarmasiga barcha uyushma rahbarlariga bu kabi masalalarda haydovchilarning huquqiy savodxonligini oshirib borish va kelib tushgan arizalar bo‘yicha o‘z muddatida litsenziya varaqalarini taqdim etish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

O‘zbekiston Respublikasi “Avtomobil transporti to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq yo‘lovchilar avtotransporti vositalari jumlasiga avtobuslar, mikroavtobuslar, yengil avtomobillar, yo‘lovchilar tashiladigan tirkamalar va yarim tirkamalar kirishi ko‘rsatib o‘tilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2012 yil
4 iyuldagi 191-son qarori bilan tasdiqlangan “Avtotransport vositalari konstruktsiyasining foydalanish shartlari bo‘yicha xavfsizligi to‘g‘risida”gi umumiy texnik reglamenti 1-ilovasining o‘n uchinchi xatboshisiga asosan mikroavtobuslar yo‘lovchilar tashish uchun mo‘ljallangan, haydovchidan tashqari 16 tagacha o‘tiradigan yo‘lovchi uchun joy bo‘lgan B klassdagi avtotransport vositasi ekanligi belgilangan. Bundan ko‘rinib turibdiki, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 21 maydagi 424-son qarori mikroavtobuslarga tegishli emasligi oydinlashadi.

Shu o‘rinda transport vazirligi yuk va yo‘lovchi tashish sohasida faoliyat olib borish uchun litsenziya varaqalarini qonunda belgilangan tartibda berish jarayoni qat’iy nazorat ostida ekanligi bildiradi. Mazkur masalada qandaydir tushunmovchilik yoki qonun buzilish holatlari ro‘y bergan taqdirda 1167 qisqa raqamli ishonch telefonlari orqali murojaat etishingizni so‘rab qolamiz.

O’zbekiston Respublikasi Transport vazirligi axborot xizmati

Размер шрифта
Контраст
Click to listen highlighted text!