Click to listen highlighted text!

Skip links

Temir yo‘l kesishmalari kuzgi ko‘rikdan o‘tkazildi

image_pdfimage_print

“O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi va “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati xodimlari tomonidan temir yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash, yuk va yo‘lovchi tashishlarni xavfsiz amalga oshirish, ayniqsa, temir yo‘l va avtomobil yo‘llari kesishmalarida harakat xavfsizligi qoidalariga amal qilinishini ta’minlash borasida qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Temir izlar turli shahar va viloyatlarni bir-biriga bog‘lash orqali ko‘plab soxalar rivojiga va aholining uzog‘ini yaqin qilishga zamin yaratmoqda. Temir yo‘llar aholi yashaydigan hududda tez-tez avtomobil yo‘llari bilan kesishadi. Shu sababdan mutaxassislar tomonidan poyezdlar harakati xavfsizligini ta’minlash maqsadida nafaqat shaharlarda balki, tumanlarda, chekka-chekka hududlardagi temir yo‘l va avtomobil yo‘llari kesishgan maskanlarda zamonaviy, so‘nggi rusumdagi avtomatlashtirilgan ko‘tariluvchi to‘siqlar, taqiqlovchi va ogohlantiruvchi chiroqlar, belgilar o‘rnatilgan. Biroq shunga qaramay, ayrim mas’uliyatsiz haydovchilar tomonidan kesishmalarda harakat xavfsizligi qo‘pol ravishda buzilishi oqibatida baxtsiz hodisalar yuz berayapti, temir yo‘l infratuzilmasiga moddiy ziyon yetmoqda.

Qoidabuzar haydovchilar yo‘l kesishmalaridagi yaqinlashib kelayotgan poyezd haqidagi ogohlantirish belgilarini ko‘rib tursa ham yo‘lni kesib o‘tmoqchi bo‘lishadi. Oqibatlari esa barchaga ma’lum. Har ikki transportga yetgan moddiy zarar, insonlar tan jarohati olishi, ba’zan erta hayotdan ko‘z yumishga olib kelayapti.

Ma’lumki, katta tezlikda kelayotgan poyezd favqulodda to‘xtashi uchun eng kamida 800-1000 metr, yuqori tezlikda harakatlanuvchi lokomotivlar uchun esa undan ham ko‘proq masofa talab etiladi. Ushbu holat kesishmalarda haydovchilar hushyorlikni yanada orttirib, barcha qoidalarga amal qilishlari lozimligini talab etadi. Raqamlar misolida qaraydigan bo‘lsak, inspeksiyaning Toshkent filiali hududida joriy yilning ortda qolgan 9 oyi davomida temir yo‘l kesishmalarda  5 marotaba poyezdlar va avtomobillarning to‘qnashuvi qayd etilgan bo‘lib unda fuqarolarimiz turli darajadagi talofotlar ko‘rishgan.

Mazkur hodisalarni oldini olish maqsadida, O‘zbekiston Respublikasi hududida joylashgan temir yo`l kesishmalarida poyezdlar hamda avtotransportlar harakati xavfsizligini ta’minlash sifatini oshirish uchun “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasining tasdiqlangan rejasiga asosan, shu yilning 14-oktyabridan  25-oktyabriga qadar “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi, Toshkent mintaqaviy temir yo‘l uzeliga qarashli korxona rahbarlari, viloyatlar va Toshkent shaxar       IIV YXXB joylardagi ma’sul xodimlari, “Hududiy avtomobil yo‘llardan foydalanish boshqarmasi” ma’sul xodimlari bilan birgalikda temir yo`l kesishmalarida kuzgi ko‘rik tashkil etildi. Ko‘rikda nafaqat “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga tegishli temir yo‘l kesishmalari, balki boshqa vazirlik va idoralarga tegishli bo‘lgan temir yo‘l kesishmalari ham ko‘zdan kechirildi. Ushbu ko‘rikda temir yo‘l kesishmalarida poyezdlar va avtotransportlar harakati xavfsizligini ta’minlashning sifatini oshirish maqsadida har bir kesishma holati to‘liq o‘rganib chiqildi va aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan vazirlik va idoralarga, “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyatiga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Yo‘l kesishmalaridagi to‘qnashuvlarning oldini olish maqsadida temir yo‘l xodimlari va “O‘ztemiryo‘lnazorat” inspeksiyasi mutasaddilari tomonidan muntazam ravishda avtoxo‘jaliklarda, sanoat korxonalarida, xususiy avtomobil egalari orasida, hamda temir yo‘l yaqinida yashovchi avtomobil transporti bor aholi o‘rtasida, maktab va mahallalarda, haydovchilar tayyorlash o‘quv maskanlarida bu borada tushuntirish ishlari o‘tkazib kelinmoqda. Temir yo`l kesishmalari temir yo‘llardagi yuqori xavfli hudud hisoblanadi. Buni barcha haydovchilar yodda tutishi lozim.

O’zbekiston Respublikasi Transport Vazirligi axborot xizmati

Размер шрифта
Контраст
Click to listen highlighted text!