Click to listen highlighted text!

Skip links

Fuqaro aviatsiyasi sohasidagi islohotlar

image_pdfimage_print

“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi 1992 yil 28 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga binoan fuqaro aviatsiyasi davlat boshqaruvi organi sifatida tashkil etilgan.

Ichki va xalqaro aviaqatnovlarda tashuvlarni bajarish va xizmat ko‘rsatish, havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash, qishloq xo‘jaligi faoliyati sohasida maxsus aviatsiya ishlarini taqdim etish hamda respublika xalqaro aeroportlari faoliyatini boshqarish “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning asosiy faoliyat turlari hisoblangan.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK tarkibida respublikaning barcha aviakorxonalari, shu bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasida aeronavigatsiya xizmatlarini taqdim etish va havodagi harakatni boshqarish bo‘yicha vazifalarni bajarib kelgan “O‘zaeronavigatsiya” Markazi DUK bo‘lgan.

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaro aviatsiyasini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PF-5584-sonli Farmonida ko‘zda tutilgan islohotlar nihoyasiga yetdi, jumladan yagona ta’sischi (Davlat aktivlarini boshqarish agentligi) qaroriga binoan:

“O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK, “Uchuvchilar majmuasi” DUK, “Havo aloqalari bosh agentligi” va “O‘zaviatexta’minot” MTTM negizida  «Uzbekistan Airways» AJ;

11 ta xalqaro aeroport ustav fondining davlat ulushini o‘tkazib berish yo‘li bilan «Uzbekistan Airports» AJ;

fuqaro va eksperimental aviatsiyasida havo kemalari parvozlari xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha davlat va texnik jihatdan muvofiqlashtirish vakolati berilgan Fuqaro aviatsiyasi agentligi tashkil etildi.

Shu bilan bir qatorda “O‘zaeronavigatsiya” Markazi DUK va Fuqaro aviatsiyasi agentligi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 1 fevraldagi “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 5647-sonli Farmoniga muvofiq havo transportini rivojlantirish sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish bo‘yicha davlat boshqaruvi organi hisoblangan O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tasarrufiga o‘tkazildi.

“Uzbekistan Airways” AJning asosiy vazifalari etib havo kemalari parkidan samarali foydalanish hisobiga yuk va yo‘lovchi tashish, aviatsiya texnikasiga, shu jumladan xorijiy aviakompaniyalar havo kemalariga texnik xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash belgilangan.

Shu bilan birga, “Uzbekistan Airports” AJga respublika barcha xalqaro aeroportlarini boshqarish, aviakompaniyalarga xizmat ko‘rsatishga slot va ruxsatlar berish, yo‘lovchilar, bagaj va yukga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, DXSh mexanizmlaridan foydalangan holda infratuzilmani takomillashtirish, aerodromlarni o‘z vaqtida va sifatli tayyorlash, yoqilg‘i bilan uzluksiz ta’minlash, aeroportlarda zamonaviy savdo, oziq-ovqat, banklar va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadigan boshqa ob’ektlar tarmog‘ini kengaytirish vazifalari yuklangan.

Xorijiy ekspertlar xulosalariga ko‘ra mazkur yo‘nalish fuqaro aviatsiyasi tarmog‘ini boshqarishni taqsimlash qismida eng samarali hisoblanadi va Jahon banki maslahatchilari ko‘magida “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” aktsiyadorlik jamiyatlari, shuningdek mas’uliyati cheklangan jamiyatlarga aylantirilgan korxonalarning ustavlari tayyorlandi va tasdiqlandi.

Shuningdek, buyurtmachilarning maxsus aviatsiya ishlariga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish, “kichik aviatsiya” havo kemalari parkidan samarali foydalanish maqsadida, islohotlarda qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida maxsus aviatsiya ishlarini, respublika ichki va halqaro yo‘nalishlarda yo‘lovchi, yuk va pochta tashish bilan bog‘liq faoliyatni bajarish, shuningdek turizm va sanitariya aviatsiyasi sohasida aviatsiya xizmatlarini taqdim etish uchun mustaqil aviakompaniya tashkil etish ko‘zda tutiladi.

Hozirgi vaqtda tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda yangi aviakompaniyani tashkil etish va ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha zarur tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan bir qatorda, fuqaro aviatsiyasi korxonalari mutaxassislari tomonidan Jahon banki maslahatchilari bilan birgalikda qaytarilmaydigan va bagajsiz tariflardan foydalanish yo‘li bilan aviatashuvlar narxini optimallashtirishni, aeroport infratuzilmasini qurish, ta’mirlash, kengaytirish va modernizatsiya qilish dasturini, aviatsiya yoqilg‘isi va yoqilg‘i-moylash materiallarini uzluksiz yetkazib berishni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlarni, aviachiptalarni onlayn-sotish imkoniyatlarini kengaytirish hamda elektron aviatsiya yuk xatini rasmiylashtirish tizimini joriy etishni belgilaydigan “Uzbekistan Airways” va “Uzbekistan Airports” aktsiyadorlik jamiyatlarini rivojlantirishning biznes-modelini ishlab chiqish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun xalqaro aeroportlarni rivojlantirish strategiyasini shakllantirish va amalga oshirishda muvaffaqiyatli tajribaga ega yuqori malakali xorijiy mutaxassislarni jalb etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazildi.

Shuningdek, yaqin va o‘rta masofalarga parvozlarni amalga oshiradigan havo kemalaridan foydalanish, respublika ichida norentabel qatnovlarni bajarishda aviatashuvchilarni subsidiyalash mexanizmini amalda tatbiq etish hisobiga O‘zbekiston Respublikasining mahalliy yo‘nalishlari bo‘yicha aviatashuvlarni rivojlantirish masalalari ishlab chiqilmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Transport Vazirligi axborot xizmati

Размер шрифта
Контраст
Click to listen highlighted text!