Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Abadiyliging bardavom bo‘lsin, qadri baland ona tilim

Chop etish Sahifani ulashish
15.04.2020 23438 Yangiliklar

Til buyuk ne’matdir, har bir millat o‘z tilini e’zozlasa, qadrlasa, taraqqiyoti uchun jon kuydirsa, u til go‘zal, betakror va buyuk bo‘lib qolaveradi! Har bir xalq aziz va muqaddas bo‘lgan o‘z tilini asrash, rivojlantirish, jozibasini to‘la namoyon etish uchun harakat qiladi, chunki unda xalq tarixi, milliy qadriyatlari, madaniyati ifodalanadi.

1989 yil 21 oktyabrda o‘zbek tiliga Davlat tili maqomining berilishi xalqimiz hayotida shubhasiz buyuk tarixiy voqea va O‘zbekistonning mustaqillik sari qo‘ygan ilk tamal toshi bo‘ldi. Davlatimiz mustaqilligi e’lon qilinishi bilan ona tilimiz o‘zining haqiqiy o‘rni va mavqeiga ega bo‘ldi.
O‘tgan davr mobaynida dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan ona tilimizga milliy merosimizning asoslaridan biri sifatida katta e’tibor qaratilgan holda uning mavqeini oshirish, sofligini saqlash, bu boradagi qonunchiligimizning ma’no-mazmunini yosh avlod ongiga singdirish yo‘lida ulkan ishlar amalga oshirildi.

O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayotida va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash maqsadida o‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilganligining 30 yilligini nishonalash arafasida 2019 yil 21 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni e’lon qilindi.

Mazkur Farmonga muvofiq Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etildi, shuningdek, hukumat qarori bilan davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, muassasa hamda boshqa tashkilotlarda davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishi, o‘zbek tilini rivojlantirishni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchi (mas’ul xodim) lavozimi joriy etildi.

“Davlat tili haqida”gi Qonunning tarixiy o‘rni va ahamiyatini inobatga olgan holda davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan ishlarning uzviy davomi sifatida 2020 yil 10 aprel kuni Prezidentimiz tomonidan O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonuni imzolandi. Unga muvofiq 21 oktyabr sanasi yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” deb belgilandi. Bu bilan davlat ramzlaridan biri sanalgan ma’naviy qadriyatimiz – ona tilimiz qonun himoyasida ekanligi yana bir bor o‘z isbotini topdi.

Ushbu bayramning mamlakatimizda keng nishonlanishi ona tilimizga e’tiborni yuksaltirish, uning mukammaligi va boyligini ko‘rsatib bera olish, nafaqat o‘zbek xalqi, balki boshqa millat vakillarini ham bebaho boyligimiz hisoblangan tilimiz va madaniyatimizni o‘rganishga ilhomlantirishda xizmat qiladi.

Biz esa o‘z navbatida tilimizning pokligi va o‘ziga xosligini saqlash, uni boyitish va takomillashtirishga o‘z hissamizni qo‘shmog‘imiz darkor. Zero, noyob xazinamiz - tilimizni asrash hammamizning burchimizdir.

Shunday ekan, o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzini oshirishga doir hujjatlar ijrosini ta’minlash uchun Transport vazirligi va uning hududiy bo‘linmalari, idoraviy mansub tashkilotlarida rahbarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi va hujjatlarning davlat tilida qat’iy yuritilishini ta’minlash ishlari bo‘yicha mas’ul xodimlar tayinlandi, tegishli vazifalar belgilangan holda buyruqlar, chora-tadbirlar rejalari ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.

Transport sohasi odamlarning uzog‘ini yaqin, og‘irini engil qilishga xizmat qiladi. Vokzallarimiz va aeroportlarimiz mamlakatimizning o‘ziga xos darvozalari hisoblanadi. Bu dargohdan jahonga yo‘l olayotgan har bir inson ona tili atalmish muqaddas ko‘prikdan o‘tib, shu til orqali vataniga, xalqiga va oilasiga muhabbatini yuragiga joylab safarga chiqib ketadi. Shu darvozalar orqali O‘zbekistonga kelayotgan har bir mehmon Alisher Navoiy, Boburdek buyuk zotlar, A.Qodiriy, Cho‘lpon, A.Qahhor, Zulfiya, A.Oripov, E.Vohidov kabi ulug‘ so‘z ustalari adabiy poydevorining abadiyligiga sabab bo‘luvchi o‘zbek tili ko‘prigi orqali yurtimizga qadam qo‘yishi bilanoq, go‘zal tilimizni eshitib unda so‘zlashishga harakat qiladi. Safari nihoyasiga yetgach esa so‘z boshi bo‘lmish “Assalomu alaykum”, “Rahmat” kabi minnatdorchilik so‘zlari orqali tilimizning bir gavharini qalbiga joylab olib ketadi. 

Dilorom Djalalova,

Transport vazirining ma’naviy-ma’rifiy
ishlar samaradorligini oshirish, davlat
tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga
rioya etilishini ta’minlash masalalari
bo‘yicha maslahatchisi