Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Avtotransportda xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshiruvchi milliy va xorijiy haydovchilar diqqatiga

Chop etish Sahifani ulashish
30.04.2020 10707 Yangiliklar

Koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tratib davrida O‘zbekiston Respublikasi hududida avtomobilda xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirishning vaqtinchalik tartibi belgilandi.

 

Yuk avtotransport vositalarining harakati alohida belgilangan Davlat chegara o‘tkazish punktlari orqali amalga oshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarorida qayd etildi.

Unga ko‘ra, alohida topshiriq bo‘lgunga qadar yuk avtotransport vositalarining harakati faqatgina quyidagi Davlat chegara o‘tkazish punktlari orqali amalga oshirilishi belgilandi:

- Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan – “Termiz”;

- Turkmaniston Respublikasi bilan – “Olot”;

- Tojikiston Respublikasi bilan – “Sarosiyo”, “Oybek” va “Plotina”;

- Qirg‘iziston Respublikasi bilan – “Do‘stlik”, “O‘zbekiston”, “Vodil”, “Chashma” va “Oq qiya”;

- Qozog‘iston Respublikasi bilan – “Daut-ata”, “Guliston”, “Yallama”, “Zangiota” va “Toshkent”.

 

Chegara o‘tkazish punktlarida faoliyat olib boruvchi bojxona xodimi tomonidan kirib kelayotgan xorijiy yuk avtotransport vositalari haydovchilariga ularning harakatlanishi, to‘xtab turishi (avtoturargoh, texnik va maishiy xizmat ko‘rsatish va x.k.), oziq-ovqatlarni xarid qilish mumkin bo‘lgan joylari ko‘rsatilgan yo‘nalishlar chizmasi taqdim etiladi.

2020 yil 30 apreldan respublika hududiga kirib kelayotgan barcha yuk avtotransport vositalari chegara o‘tkazish punktlariga eng yaqin joylarda tashkil etilgan maxsus avtoturargohlarga yo‘naltiriladi va o‘sha yerda haydovchilaridan koronavirus infeksiyasiga test olinadi.

Test natijalari e’lon qilingunga qadar avtotransport vositalari va ularning haydovchilari maxsus avtoturargohlarda bo‘ladilar.

Test natijalari bo‘yicha koronavirus infektsiyasi aniqlanmagan taqdirda harakatni tasdiqlangan yo‘nalish chizmasi asosida davom ettirishga ruxsat beriladi.

Bunda, xalqaro tashuvlarni amalga oshirayotgan haydovchilar faqatgina maxsus kombinezon, bir martalik himoya niqoblari va qo‘lqoplardan foydalangan taqdirdagina harakatni davom ettirishi mumkin.

Test natijalari bo‘yicha koronavirus infektsiyasi aniqlangan hollarda haydovchi o‘rnatilgan tartibda davolash muassasasiga olib ketiladi, agar ikkinchi haydovchi bo‘lsa, u haydovchi statsionar karantinga joylashtiriladi.

Avtotransport vositasi to‘liq dezinfeksiyadan o‘tkazilgandan so‘ng, boshqa (yuk jo‘natuvchi yoki qabul qiluvchining mazkur tashuvga aloqasi bo‘lmagan) haydovchi tomonidan harakatlanishi davom ettirilishi yoki avtotransport vositasidagi yuklar boshqa transport vositasiga bojxona nazorati ostida qayta yuklanib olib ketilishi mumkin.

Bunda, avtotransport vositasi boshqa haydovchi tomonidan harakatlanishi davom ettirilganda, qonunchilikda belgilangan tartibda bojxona nazoratidagi tovarlarni yetkazib berish bilan bog‘liq majburiyatlar avtotransport vositasini qabul qilgan haydovchiga yuklanadi.

Xalqaro yuk tashuvchi haydovchilar respublika hududida taqdim etilgan yo‘nalish chizmasiga muvofiq harakatlanishni amalga oshirishi lozim. Respublika ichki hududida xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirayotgan milliy va xorijiy tashuvchilarning belgilangan yo‘nalish chizmasi doirasida harakatlanishi va to‘xtab turishlari ustidan tegishli vazirlik va davlat idoralari tomonidan nazorat o‘rnatiladi.

Xalqaro yuk tashuvchi milliy haydovchilar belgilangan yo‘nalish doirasida yukni manziliga yetkazib berganidan so‘ng o‘rnatilgan tartibda 14 kunga o‘zini izolyatsiya qilish chorasini ko‘rishi shart.

Bunda, eksportga mo‘ljallangan yukni tashish talabi vujudga kelgan taqdirda, istisno tariqasida test natijalariga muvofiq xalqaro tashuvni amalga oshirilishiga ruxsat beriladi.

Xalqaro yuk tashuvchi xorijiy haydovchilar O‘zbekiston hududida import yuklarni belgilangan manzilga yetkazib berganidan so‘ng, 10 kun muddat ichida respublika hududida belgilangan davlat chegara postlari orqali chiqib ketishlari shart.

Agar, belgilangan muddat mobaynida eksportga mo‘ljallangan yukni olib ketish imkoniyati mavjud bo‘lgan taqdirda, yukni yetkazib kelgan manzilga eng yaqin bo‘lgan maxsus avto turargohlarda kutib turishi lozim.

Maxsus avtoturargohlarda haydovchilarning karantin qoidalari hamda ijtimoiy masofaga rioya etishi, ortiqcha shaxslar bilan muloqotga kirmasligi, turargohlardan boshqa joyga chiqmasliklari va ushbu hududlarga tashqaridan begona shaxslar kirmasligi ustidan qat’iy nazorat o‘rnatiladi.

Bojxona chegarasidan o‘tib kelayotgan xorijiy avtotransport vositalarini O‘zbekiston hududida harakatlanishini nazorat qilish “Avtotransport vositasini qaytarib olib chiqish to‘g‘risida majburiyatnoma” asosida amalga oshiriladi.

Marshrutdan chetga chiqqan holatlar va haydovchilar tomonidan kombinezon, bir martalik himoya niqoblari va qo‘lqoplarsiz harakatlanishi, avtotransport vositalarini qaytarib olib chiqish uchun belgilangan muddatni buzish holatlari hamda haydovchilarning barcha zaruriy hujjatlari (haydovchilik guvohnomasi, yo‘l varaqasi va xalqaro tashuvlarni amalga oshirishga ruxsat beruvchi sertifikat) bo‘lmagan taqdirda - karantin qoidalarini buzish sifatida bahaolanib, belgilangan tartibda choralar qo‘llaniladi.

Bojxona organi tomonidan belgilangan yetkazib berish muddatlari buzilishi holatlari aniqlanganda, mazkur holatlar xalqaro yuk avtotransport vositalari haydovchilari tomonidan ushbu Vaqtinchalik tartibga amal qilinishi natijasida kelib chiqqanligi isbotlangan taqdirda (hujjatlardagi qaydlar orqali), istisno tariqasida bojxona qoida buzilishi bo‘yicha ma’muriy ishlar yuritilmaydi.