Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

O‘zbekiston, Afg‘oniston va Eron transport sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi

Chop etish Sahifani ulashish
24.07.2020 6783 Yangiliklar

 

Joriy yilning 22 iyul kuni videokonferens aloqa shaklida O‘zbekiston Respublikasi, Afg‘oniston Islom Respublikasi va Eron Islom Respublikasi vakillari ishtirokida transport sohasidagi aloqalarni rivojlantirish, uchla tomon uchun birdek manfaatli bo‘lgan istiqbolli loyihalarni ro‘yobga chiqarish masalalariga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston tomoniga Transport vaziri Elyor G‘aniyev, Afg‘oniston tomoniga mamlakat transport vaziri Yamo Shams, Eron tomoniga esa mamlkatning yo‘l va shaharsozlikni rivojlantirish vaziri Muhammad Islomi rahbarlik qildi.


Onlayn muloqot shaklida tashkil etilgan uchrashuvda O‘zbekston Respublikasi Transport vaziri Elyor G‘aniyev bugun dunyoda kuzatilayotgan koronavirus pandemiyasi sabab davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalar jiddiy ravishda murakkablashib borayotganini, mazkur vaziyatda mamlkatlarimiz o‘rtasida transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini yanada faollashtirish va mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan qo‘shma qarorlar qabul qilish zarurligini davrning o‘zi taqazo etayotganini alohida qayd etib o‘tdi.

Ta’kidlash joizki, boshqa davlatlar o‘rtasidagi yuk tashish hajmi pasayishi kuzatilayotgan bir davrda Afg‘oniston yo‘nalishida yuk tashuvlar hajmi umumiy dinamikasi barqaror o‘sish sur'atlarini namoyon etmoqda. Jumladan joriy yilning yanvar-iyun oylari davomida temir yo‘l transporti orqali Afg‘onistondan va Afg‘onistonga yuk tashuvlari hajmi 2,5 mln.tonnani tashkil etdi. Bu 2019 yilning mos davriga nisbatan 50,6 % o‘sishga erishilganini anglatadi. Aynan shuning uchun ham xalqaro hamjamiyat Afg‘oniston hududida amalga oshirilayotgan transport koridorlarini rivojlantirish bilan bog‘liq infratuzilma loyihalariga katta qiziqish bildirmoqda. Ayni shu jihatlardan kelib chiqqan holda uchrashuvda transafg‘on temir yo‘lining qurilish masalasi hamda “Shimol-Janub” transport koridori doirasida Eronning «Choxboxor» porti imkoniyatlaridan unumli foydalanish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Shuningdek, uchrashuvda tomonlarning tranzit potentsialini yanada rivojlantirishda mavjud qator muammolar xususan, tarif masalalari, yuk tashuvlar xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan TIR tizimidan to‘liq foydalanish, istiqbolda elektron TIR tizimini joriy etish va davlatlar chegaralaridagi bojxona infratuzilmalarini yaxshilash kabi masalalarni hamkorlikda hal etish choralarini ko‘rish bo‘yicha fikr almashildi.

Tomonlar mavjud muammolarni hal etish, davlatlar o‘rtasida yuk tashish va tranzit qilish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratish masalalarni tartibga soluvchi yangilangan xalqaro hujjatni imzolash zarurligini alohida qayd etib o‘tishdi. Shu munosabat bilan Eronning yo‘l va shaharsozlikni rivojlantirish vaziri Muhammad Islomi hamkorlikdagi loyihalarni davom ettirish maqsadida davlatlar o‘rtasida maxsus ishchi guruhini tashkil etish va transport sohasidagi munosabatlarini tartibga soluvchi yangi bitm imzolashni taklif qildi. Tomonlar yangi hujjatni shakllantirish uchun uch tomonlama ekspertlar kengashini tashkil etishga kelishib olishdi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston tomoni Eron – Afg‘oniston – O‘zbekiston yo‘nalishida ilk avtokarvonni tashkil etish taklifini bildirdi. Ushbu avtokarvonning tashkil etilishi yo‘nalish bo‘ylab yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar bo‘yicha tasavvurga ega bo‘lishga va ularning yechimi yuzasidan aniq choralarni ko‘rishga imkoniyat yaratadi.

Mazkur taklif Afg‘oniston va Eron tomonidan ham ma’qullandi. Eron tomoni aynan mazkur yo‘nalishda multemodal transport koridorini tashkil etish davlatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarning yanada rivojlanishga katta turtki berishini alohida qayd etib o‘tdi. Muhammad Islomi shuningdek, 2021 yilda Eron tomoni Choxboxor portidan mamlakatning Zaxedon shahrigacha temir yo‘l qurib bitkazilishi va ishga tushirilishini bu esa o‘z navbatida davlatlar o‘rtasida yuk tashuvlar hajmining ortishiga hissa qo‘shishini ta’kidlab o‘tdi.

Afg‘oniston transport vaziri Yamo Shams davlatlar o‘rtasidagi transport va tranzit aloqalarini rivojlantirishga va bu boradagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyorligi bildirdi. Eron – Afg‘oniston – O‘zbekiston yo‘nalishida ilk multemodal avtokarvonni tashkil etish va bu jarayonda xavfsizlik masalalari Afg‘oniston hukumati tomonidan to‘liq ta’minlanishini ta’kidlab o‘tdi.

Uchrashuv so‘ngida tomonlar koronavirus pandemiyasi tufayli bugun vujudga kelayotgan qiyin va murakkab vaziyatga qaramasdan uch tomonlama hamkorlik aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni davom ettirish zarurligini, aynan davlatlar o‘rtasida transport sohasidagi aloqalarni rivojlantirish uchun katta imkoniyatlar mavjud ekanligini qayd etishdi. Uchrashuv ko‘tarinki ruhda yakunlandi.