Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Bugundan qator mahalliy yo‘nalishlarda poyezdlar harakati tiklandi.

Chop etish Sahifani ulashish
18.05.2020 6795 Yangiliklar

Respublika maxsus komissiyasi tomonidan Karantin davrida mahalliy yo‘nalishlarda temir yo‘l qatnovlarini yo‘lga qo‘yishning Vaqtinchalik tartibi tasdiqlandi va unga ko‘ra joriy yil 18 may kunidan boshlab,  karantin davrida mahalliy yo‘nalishlarda avia va temir yo‘l qatnovlarini amalga oshirish boshlanadi.  Mazkur tartibga binoan,  temir yo‘llarda Toshkent shahridan Navoiy,  Buxoro,  Qarshi shaharlariga “Afrosiyob” tezyurar poezdi hamda Farg‘ona vodiysiga temir yo‘l qatnovi (borish va qaytish) qayta yo‘lga qo‘yiladi.

 

Bugun soat 07:00 da Toshkent – Navoiy – Buxoro yo‘nalishida №762-sonli “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezd  "Toshkent-Markaziy" temir yo‘l vokzalidan jo‘nab ketdi. Bugun  soat 16: 28 dan Buxoro – Navoiy – Toshkent yo‘nalishida №761-sonli “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezd Toshkentga qaytadi.

Shuningdek, soat 08:00 da Toshkent – Qarshi yo‘nalishida №760-sonli “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanuvchi poezd "Toshkent-Markaziy" temir yo‘l vokzalidan jo‘nadi va shu kuni soat 17: 58 dan Qarshi – Toshkent yo‘nalishida №759-sonli “Afrosiyob” yuqori tezlikda harakatlanuvchi poyezd Toshkentga qaytadi.

Soat 08:05 da esa "Toshkent-Janubiy" vokzalidan Toshkent – Andijon yo‘nalishida №60-sonli poyezd jo‘nab, shu kuni soat 15: 33 dan Andijon – Toshkent yo‘nalishida №59-sonli tezyurar yo‘lovchi poyezd Toshkentga kirib keladi.

Temir yo‘l qatnovlarini tashkil etishda barcha karantin qoidalariga amal qilish,  shu jumladan,  yo‘lovchilar sonini kamaytirish,  dezinfeksiya qilish va boshqa sanitariya talablari so‘zsiz bajarilishi nazorat qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, poyezdlarga chiqayotgan yo‘lovchilar uchun muhim shartlardan biri – Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi markazi tomonidan koronavirus infektsiyasiga test tahlillari olinganiga 120 soatdan ko‘p bo‘lmagan va tahlil natijasi “manfiy” ekanligi haqidagi ma’lumotnomaga ega bo‘lishlari kerak. 

Temir yo‘l vokzallari hududiga hamda temir yo‘l transportiga kirganda,  barcha yo‘lovchilar bir martalik tibbiy himoya niqoblari va qo‘lqoplarda bo‘lishlari,  temir yo‘l vokzallarida ijtimoiy masofani saqlashlari hamda yo‘naltiruvchi maxsus tasmalar bo‘ylab harakatlanishlari shart.  Yo‘lovchilar poyezd vagonlariga ijtimoiy masofani saqlagan holda joylashtiriladi.

Poyezdlarga elektron chiptalar onlayn tarzda sotiladi.  Elektron chipta olish imkoniyati bo‘lmagan yo‘lovchilar,  o‘rnatilgan tartibda dezinfeksiya ishlari amalga oshirilgandan so’ng temir yo‘l vokzali kassalaridan chipta rasmiylashtirishlari mumkin.  Chipta olgan yo‘lovchilar tomonidan yo‘lovchilar so‘rovnomasi (marshrut varag‘i) to‘ldiriladi.