Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi Operativ shtabi axboroti

Chop etish Sahifani ulashish
29.09.2020 6619 Yangiliklar

 

O‘zbekistonning Qozon va Rostov-Don shaharlaridagi bosh konsulxonalari ma’lumotlariga asosan, 2020-yil 29-sentabr holatiga ko‘ra Samara viloyatining “Kinel”, Rostov viloyatining “Pervomayskaya” va “Lixaya” temir yo‘l stansiyalari yaqinida O‘zbekiston fuqarolarining to‘planishi kuzatilmayapti.

To‘plangan barcha fuqarolar avtobus reyslari va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning maxsus poyezdlari orqali vatanga qaytarilgan. Shu munosabat bilan ushbu stansiyalar yaqinidagi maxsus vaqtinchalik lagerlar ayni paytda yopilgan.

Mamlakatimizning Rossiyadagi diplomatik vakolatonalari xabar berishicha, so‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda Rossiya-Qozog‘iston davlatlararo chegarasi joriy yilning 1-oktabridan ochilishi hamda Rossiyadagi O‘zbekiston fuqarolari Qozog‘iston hududi orqali Vatanimizga qaytishlari mumkinligi haqidagi yolg‘on xabarlar tarqalmoqda. Bundan tashqari, yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadigan ayrim shaxslar shaxsiy avtomobil vositalarida O‘zbekistonga qaytish to‘g‘risida turli e’lonlar tarqatmoqdalar.

Hamyurtlarimizdan bu kabi yolg‘on xabarlarga ishonmasliklarini so‘raymiz. Rossiya va Qozog‘iston o‘rtasidagi avtomobil chegaralari tomonlar ushbu masala bo‘yicha maxsus qaror qabul qilgunga qadar chet el fuqarolari uchun yopiq qolishi haqida ma’lum qilamiz.

Hozirda Vatanga qaytishni istagidagi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun avia, temir yo‘l va avtobus charter qatnovlari tashkil etilmoqda. Ushbu reyslarga chiptalar onlayn tarzda sotilmoqda.

Koronavirus infeksiyasi pandemiyasi tarqalayotgan bir paytda fuqalorning bir joyda to‘planishi ularning virus bilan kasallanish ehtimolini keskin oshiradi. Bunday holat ayniqsa qariyalar, bemorlar, surunkali kasalligi bor fuqarolar uchun nihoyatda xavflidir.

Rossiya hududida bo‘lgan vatandoshlarimizdan joylarda to‘planmaslik, barcha karantin talablariga qat’iy rioya qilish hamda o‘zlari va yaqinlari salomatligini xavf ostiga qo‘ynmasliklarini yana bir bor so‘raymiz.