Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Gender tenglikka oid me'yoriy hujjatlarni ishlab chiqish

 

Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturining (BMTTD) O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan “Toshkent-past uglerodli transportga investitsiyalar jalb etishni jadallashtirish” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyihaning asosiy maqsadlaridan biri yashil yo‘laklarni joriy etish va elektrobus harakatlarini yo‘lga qo‘yishda davlat siyosati va mahalliy hokimiyat organlari tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va hayotga tatbiq qilishga ko‘maklashishdan iborat.

Shuningdek, yashil infratuzilma loyihalarini joriy etish, ayollar ishtirokini ta’minlash loyihaning asosiy yo‘nalishlaridan biri.

Qonun hujjatlari tahlil qilinganda ayollarga yuk ko‘tarishi 2,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari va yo‘lovchilarning soni 14 kishidan oshgan avtobuslarni boshqarishga ruxsat etilmasligi aniqlandi.

Qayd etish joizki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xotin-qizlarning mehnat huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirish va tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 7-martdagi PQ-4235-son qaroriga muvofiq 2019-yil 1-maydan ayollar mehnatini muayyan soha yoki kasblarda qo‘llash bo‘yicha taqiqlar bekor qilinishi belgilab qo‘yilgan.

Biroq, ba’zi normativ-huquqiy hujjatlarda yuqoridagi cheklovlar saqlab qolingan.

Transport vazirligi tomonidan bugungi kunda ayollarga yuk ko‘tarishi 2,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari va yo‘lovchilarning soni 14 kishidan oshgan avtobuslarni boshqarishga ruxsat berilishini nazarda tutuvchi qaror loyihasi ishlab chiqilgan.

Mazkur qaror qabul qilinishi natijasida olib borilayotgan islohotlarning mantiqiy davomiyligi ta’minlanadi hamda ayollarga qo‘shimcha kasb va sohalarda mehnat faoliyatini olib borishi uchun huquqiy asos mustahkamlanadi.  

Qayd etish joizki, zamonaviy avtotransport vositalarining texnik xususiyatlari ayollarga ushbu sohalarda qulay bo‘lishi va sog‘liqlari uchun zararsiz mehnat faoliyatlarini olib borishi uchun imkoniyat yaratadi.