Bugungi kunda Transport vazirligi va uning tarkibiy bo‘linmalarida ayollar va erkaklar uchun barcha mehnat sharoitlari yaratilgan, ular teng huquq va imkoniyatlardan foydalanmoqda.
Ishga qabul qilish, xodimlarni joylashtirish va teng mehnat sharoitlarini yaratish sohasida
Vazirlik ishga qabul qilishda erkaklar va ayollarning teng huquqlarini kafolatlaydi. Transport sohasida jami 10168 nafar xodim mehnat qiladi, shundan 3597 nafari (35 foiz) ayollar, 6571 nafari (65 foiz) erkaklardir.
Transport vazirligi markaziy apparatida jami 153 nafar xodim ishlaydi. Faoliyat yuritib kelayotgan ishchilarning 26 nafari (17 foizi) ayollar, 127 nafari (84 foizi) erkaklardir.
Teng imkoniyatlar yaratilgan. Transport vazirining 2021-yil 1-apreldagi 69-son buyrug‘i bilan Kadrlarni tanlash, xodimlarni boshqa lavozimga o‘tkazish tizimi to‘g‘risidagi nizom, shuningdek, 2023-yil 2-avgustdagi 137-sonli buyrug‘i bilan Kadrlar tanlash, xodimlarni boshqa lavozimga o‘tkazish tizimi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan. Ochiq mustaqil tanlov asosida kadrlarni tanlash jarayoni, uning asosida ishga qabul qilishning shaffofligi ta’minlanadi.
2023-yilda Transport vazirligi markaziy apparatiga ishga qabul qilish va bo‘sh turgan lavozimlarga tayinlash bo‘yicha 43 ta tanlov o‘tkazildi. Ushbu miqdordagi o‘rinlarga 2000 dan ortiq ariza topshirilgan. Ushbu tanlovlar meritokratiya, ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga asoslanadi.
Test sinovlaridan 31 nafar nomzod o‘tdi. Shundan 23 nafar mutaxassis tegishli lavozimlarga ishga qabul qilindi.
Ayni paytda vazirlik markaziy apparati va tarkibiy bo‘linmalarida 13 nafar xotin-qiz rahbarlik lavozimlarida faoliyat ko‘rsatmoqda. Transport vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida xodimlarning ayrim toifalari uchun nazarda tutilgan qo‘shimcha kafolatlar va imtiyozlar qo‘llaniladi.
Xususan, homilador ayollar va bolasi bor ayollarni ishga joylashtirish kafolatlari, ayollarga yillik ta’til, homiladorlik va tug‘ish ta’tillari tartibini belgilashda beriladigan imtiyozlar, homilador va bolali ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish so‘zsiz qo‘llaniladi.
Transport tizimida mehnat qonunchiligiga rioya qilish, xodimlarning ijtimoiy himoyasi holatini aniqlash va baholash bo‘yicha tizimli anonim so‘rov o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan.
Bundan tashqari, xodimlar kun davomida o‘z faoliyatini to‘g‘ri rejalashtirishi uchun vaqtni boshqarishning yangi zamonaviy modellaridan foydalanish targ‘ib qilinmoqda.
Ayni paytda vazirlikda ish xodimlarni boshqarish bo‘yicha zamonaviy tizim -KPI asosida tashkil etilib, har bir xodimning faoliyati individual ravishda baholanmoqda. Bu o‘z navbatida ish jarayoniga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
Transport vazirining 2020-yil 11-maydagi 87-son buyrug‘iga muvofiq Transport vazirligi huzurida ayollar va erkaklar teng huquq va imkoniyatlarini ta’minlash masalalari bo‘yicha Maslahat kengashi tashkil etilgan.
Kengashning asosiy vazifasi markaziy apparatda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy faolligini, huquqiy bilimini oshirish, ayniqsa, xotin-qizlarning huquqiy madaniyatini oshirish va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, muammolarni o‘rganish va hal etishda ko‘maklashishdan iborat.
Gender tenglik madaniyatini targ‘ib qilish yo‘lida
O‘zbekiston Respublikasining O‘RQ-562-sonli “Ayollar va erkaklarning teng huquq va imkoniyatlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonuni mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirishga, ayollar va erkaklarning teng huquq va imkoniyatlarini ta’minlash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan materiallar to‘plami tayyorlandi, vazirlik xodimlariga huquqiy targ‘ibot ishlarining mohiyati va ahamiyatini yetkazish maqsadida axborot-ma’rifiy tadbirlar olib borilmoqda.