Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

OAV vakillarini akkreditatsiya qilish

O'zbekiston Respublikasi ommaviy axborot vositalari vakillarini Transport vazirligi huzurida
akkreditatsiya qilish tartibi to'g'risidagi
NIZOM

 Umumiy qoidalar

1. O'zbekiston Respublikasi Transport vazirligi (keyingi o'rinlarda vazirlik deb ataladi) faoliyatini o'z vaqtida va xolisona yoritish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida O'zbekiston Respublikasi ommaviy axborot vositalari vakillari vazirlik huzurida akkreditatsiya qilinadi.
2. Ommaviy axborot vositalarining akkreditatsiya qilingan vakillarining (keyingi o'rinlarda “muxbirlar” deb ataladi) huquqiy maqomi va kasb faoliyati printsiplari O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Ommaviy axborot vositalari to'g'risida”, “Axborot erkinligi printsiplari va kafolatlari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi qonunlari, mazkur Nizom hamda akkreditatsiya qiladigan organlarning nizomlari bilan belgilanadi.

Akkreditatsiya qilishning asosiy tushunchalari va printsiplari


3. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
muxbir — mehnat shartnomalari va boshqa shartnomaviy munosabatlar asosida ommaviy axborot vositalari tahririyatlari uchun xabarlar va materiallarni qidirish, to'plash, qayta ishlash va tayyorlash kasbi bilan shug'ullanadigan jismoniy shaxs;
akkreditatsiya — muxbirning vakolatlarini davlat hokimiyati organlari tomonidan e'tirof etish tartiboti bo'lib, uning natijalariga ko'ra akkreditatsiya qiladigan organ akkreditatsiya qiladigan organning faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish uchun ommaviy axborot vositasi (keyingi o'rinlarda «tahririyat» deb ataladi) vakilining o'z sohasini bilishini tasdiqlovchi akkreditatsiya qilish to'g'risidagi guvohnomani beradi;
akkreditatsiya qiluvchi organ — akkreditatsiya tartibotini tashkil etadigan, akkreditatsiyani o'tkazadigan vakillik va ijro etuvchi hokimiyat organlari.
4. Akkreditatsiya uni o'tkazishga jalb etilgan mutaxassislarning o'z ishini puxta bilishi va muxbirlarning mustaqilligi printsiplariga asoslanadi.
Akkreditatsiyani o'tkazishda o'z ishini puxta bilish, kadrlarni tegishli ravishda tanlash, akkreditatsiya tartibotida qatnashadigan ekspertlarni tayyorlash tizimi va zaruriyat bo'lganda, bilimlarning alohida sohalari bo'yicha mutaxassislarni jalb etish yo'li bilan ta'minlanadi.
5. Muxbirning akkreditatsiya qilinishida uning o'z ishini puxta bilishini aniqlash mezoni akkreditatsiya qiladigan organ va ommaviy axborot vositalari vakili faoliyatining o'ziga xosligi hisobga olingan holda, mazkur organning normativ hujjatlari bilan belgilanadi.
6. Akkreditatsiya qiladigan vazirlik huzurida o'z muxbirini akkreditatsiya qilish huquqiga rasmiy ravishda O'zbekiston Respubilkasida ro'yxatdan o'tkazilgan ommaviy axborot vositalari egadir.

Muxbirlarni akkreditatsiya qilish

7. Vazirlik huzurida ommaviy axborot vositasi muxbirini akkreditatsiya qilish uchun tahririyat o'zining rasmiy blankasida bosh muharririning imzosi qo'yilgan, muhr bilan tasdiqlangan buyurtmanoma taqdim etadi.
8. Tahririyatning buyurtmanomasida quyidagilar ko'rsatilishi kerak:

ommaviy axborot vositasining nomi va turi;
ixtisoslashuvi;
tarqalish hududi;
elektron pochta manzili;
tahririyatning telefonlari va fakslari raqamlari;
akkreditatsiyaga taqdim etilgan muxbirning familiyasi, ismi va otasining ismi;
kasb vazifalarini bajarish uchun ushbu muxbir o'zi bilan birga olib yurishi zarur bo'lgan apparatlar.

Buyurtmanomaga batafsil ma'lumotlar (muxbirning xizmat mavqei, pasportiga oid ma'lumotlar, diplomi nusxasi, elektron pochta manzili, telefon va faks raqami) mavjud bo'lgan ma'lumotnoma hamda belgilangan shakldagi to'rtta fotosurat ilova qilinadi.
9. Muxbirni akkreditatsiya qilish to'g'risidagi buyurtmanoma vazirlik tomonidan tegishli murojaat olingan kundan boshlab bir oy mobaynida ko'rib chiqiladi.
10. Akkreditatsiya qilinadigan muxbirlar soni tahririyat tomonidan vazirlik bilan birgalikda belgilanadi.
11. Akkreditatsiya tartiboti quyidagi asosiy tadbirlardan iborat bo'ladi:
buyurtmanomani va taqdim etilgan hujjatlarni ko'rib chiqish;
muxbirlarni attestatsiyadan o'tkazish;
akkreditatsiya qilish to'g'risida yoki akkreditatsiya qilishni rad etish to'g'risida qaror qabul qilish, akkreditatsiya to'g'risidagi guvohnomani rasmiylashtirish va berish.
12. Ommaviy axborot vositasi tahririyati tomonidan taqdim etilgan buyurtmanomalar va hujjatlarni ko'rib chiqishni mazkur nizom 1-ilovasidagi tarkibda vazirilik huzuridagi maxsus ekspert guruhi amalga oshiradi. Hujjatlarni ko'rib chiqish natijalari ariza tushgan paytdan boshlab o'n kun muddatda ekspert xulosasi bilan rasmiylashtiriladi.
13. Attestatsiyani vazirlik huzurida rasmiy ravishda tuzilgan mazkur Nizomning 2-ilovadagi tarkibda komissiya o'tkazadi. Komissiya tarkibi va attestatsiyani o'tkazish muddatlari tahririyat bilan kelishilishi kerak. Tahririyat komissiyaning ayrim a'zolari ishtirok etishi va attestatsiya o'tkazilishi muddatlari yuzasidan e'tiroz sabablarini asoslagan holda taklif bildirishga haqlidir.
Komissiya attestatsiyani akkreditatsiya qiluvchi organ tasdiqlagan dasturga muvofiq o'tkazadi. Muxbirning kasbiy sifatlari va layoqatini tavsiflash bo'yicha taqdim etilgan hujjatlarni ko'rib chiqish natijalari to'g'risidagi ekspert xulosasi, shuningdek ekspertiza va attestatsiya jarayonida olingan boshqa axborotlar attestatsiya komissiyasining qaror qabul qilishi uchun asos hisoblanadi. Attestatsiya natijalari attestatsiya dalolatnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
14. Komissiya attestatsiya dalolatnomasini ko'rib chiqish natijalari asosida muxbirni akkreditatsiya qilish yoki akkreditatsiya qilishni rad etish to'g'risida qaror qabul qiladi.
15. Ijobiy qaror chiqarilgan taqdirda komissiya qaror qabul qilingandan keyin bir hafta muddatda O'zbekiston Respublikasi ommaviy axborot vositasi muxbirini akkreditatsiya qilish to'g'risidagi guvohnomani rasmiylashtiradi va beradi.
16. Komissiya akkreditatsiya qilingan muxbirga 2 yilgacha muddatda amal qiladigan ushbu Nizomning 3-ilovasidagi shaklda akkreditatsiya to'g'risidagi guvohnomani beradi.
Akkreditatsiya qilish to'g'risidagi guvohnoma vazirlik reyestrida ro'yxatdan o'tkazilgan sanadan boshlab amal qiladi.
17. Akkreditatsiyaga taalluqli barcha hujjatlar (buyurtmanomalar, qarorlar, dalolatnomalar, akkreditatsiya qilish to'g'risidagi guvohnoma va shu kabilar) davlat tilida rasmiylashtiriladi.
18. Komissiya O'zbekiston Respublikasining tegishli qonunlari yoki mazkur Nizom asosida jurnalistni akkreditatsiya qilishni rad etishi mumkin. Komissiya bunday qarorning sabablari to'g'risida uch kun muddatda ommaviy axborot vositasi tahririyatini yozma shaklda xabardor qiladi.
19. Zarur hollarda vazirlik huzurida vaqtinchalik yoxud doimiy muxbirlik punktlari tashkil etilishi mumkin.

Akkreditatsiya qilingan muxbirlarning asosiy huquqlari va majburiyatlari

20. Akkreditatsiya qilingan muxbirlar kasb faoliyati davrida O'zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquqlardan foydalanadilar va majburiyatlarni bajaradilar.
Muxbirni akkreditatsiya qilgan organlar uni majlislar, kengashlar va boshqa tadbirlar to'g'risida oldindan xabardor qiladi, stenogrammalar, protokollar va boshqa hujjatlar bilan ta'minlaydi.
21. Akkreditatsiya muxbirning rasmiy shaxslar tashriflari davridagi tadbirlarda bevosita qatnashishini kafolatlamaydi. O'zbekiston Respublikasining yoki xorijiy davlatlarning rasmiy shaxslari tashriflari vaqtida muxbirlarni maxsus akkreditatsiya qilish tartibi qonun hujjatlari, shuningdek ushbu tadbirni tayyorlash va o'tkazish uchun mas'ul xizmatlar talablariga binoan belgilanadi.
22. Akkreditatsiya qilingan muxbir quyidagi huquqlarga ega:
bo'lajak majlislar, kengashlar va boshqa tadbirlar to'g'risida oldindan axborot olish;
akkreditatsiya qilgan organning binolari (xonalari) va ob'ektlariga tegishli guvohnoma (ruxsatnoma) asosida, ushbu organ tomonidan belgilangan tartibda kirish;
uni akkreditatsiya qilgan organlar tomonidan o'tkaziladigan majlislar, yig'ilishlar, brifinglar (matbuot konferentsiyalari) va boshqa tadbirlarda qatnashish, yopiq tadbir o'tkazilishi to'g'risida qaror qabul qilingan hollar bundan mustasno;
akkreditatsiya qilgan organning mas'ul shaxslaridan zarur hujjatlar va materiallarni so'rash va olish, kirish erkin bo'lgan tadbirlarning yozuvlari bilan tanishish va ulardan nusxa olish;
yozuvlardan, matnli materiallar tayyorlashda, akkreditatsiya qilingan ommaviy axborot vositalarining tele-, radiodasturlarida foydalanish;
audio, video yoki kinosuratga olish, ovoz yozish uchun zarur bo'lgan texnik apparatlardan, shuningdek kompьyuter texnikasi vositalaridan faqat akkreditatsiya qilgan organning faoliyatini yoritish maqsadlarida foydalanish.
23. Akkreditatsiya qilingan muxbir quyidagilarga majbur:
akkreditatsiya qilgan organning binosida bo'lishda uning ichki tartib-qoidalariga va ishlarini tashkil etish talablariga rioya qilish;
o'zi ishtirok etayotgan tadbirlarning o'tkazilishiga aralashmaslik (agar tadbir matbuot uchun maxsus tashkil etilmagan bo'lsa);
akkreditatsiya qilgan organning faoliyati to'g'risida xolisona axborot berish;
maxsus tadbirlarni o'tkazish qoidalariga rioya qilish;
davlat hokimiyati organlarining faoliyatini ommaviy axborot vositalarida yoritish to'g'risidagi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa talablarni bajarish.

Muxbirning akkreditatsiyasini to'xtatish va uni akkreditatsiyadan mahrum qilish tartibi

24. Quyidagilar akkreditatsiyaning to'xtatilishi uchun asos hisoblanadi:
muxbirning tahririyatdan ishdan bo'shatilishi (ushbu holda tahririyat boshqa vakilni akkreditatsiya qilish to'g'risidagi ariza bilan akkreditatsiya qiluvchi organga murojaat qilishga haqlidir);
muxbir vakili bo'lgan ommaviy axborot vositasi faoliyatining to'xtatilishi;
tahririyat rahbariyati tomonidan muxbirni akkreditatsiya qilgan organning faoliyatini yoritishdan chetlatish to'g'risida qaror qabul qilinishi (rasmiy bildirishnoma asosida).
25. Muxbir:
o'zi taklif etilgan tadbirlar o'tkazilishi tartibiga aralashganda;
amaldagi qonun hujjatlarini va mazkur Nizomni muntazam ravishda buzganda akkreditatsiyadan mahrum etilishi mumkin.
26. Muxbirni akkreditatsiyadan mahrum etish to'g'risidagi qaror akkreditatsiya qilgan organ tomonidan qabul qilinadi. Qaror asoslangan, yozma shaklda rasmiylashtirilgan, ommaviy axborot vositalari to'g'risidagi qonun hujjatlari bilan dalillangan bo'lishi kerak.
Akkreditatsiya qilgan organ akkreditatsiyadan mahrum qilingan muxbirning tahririyatiga qaror qabul qilingan vaqtdan boshlab besh kun muddatdan kechikmay rasmiy bildirishnoma yuboradi. Bunday qaror kuchga kirgan vaqtdan boshlab akkreditatsiya to'g'risidagi guvohnoma haqiqiy emas deb hisoblanadi va u tahririyat tomonidan akkreditatsiya qilgan organga qaytarilishi kerak.

Yangi muddatga akkreditatsiya qilish

27. Akkreditatsiya qilingan muxbirni yangi muddatga akkreditatsiya qilish akkreditatsiya to'g'risidagi guvohnomaning amal qilish muddati tugagandan keyin tahririyat tomonidan taqdim etilgan buyurtmanoma asosida o'tkaziladi.
28. Tahririyat akkreditatsiya qiluvchi organga akkreditatsiya to'g'risidagi guvohnomaning amal qilish muddati tugashidan bir oy oldin buyurtmanoma berishi kerak.
Yangi muddatga akkreditatsiya qilish akkreditatsiya qilingan muxbirning oldingi akkreditatsiyasi davridagi benuqson faoliyatini hisobga olgan holda soddalashtirilgan tartibot bo'yicha amalga oshirilishi mumkin.

Texnik xodimlar va xizmat ko'rsatuvchi xodimlar

29. Tarjimonlar, teleoperatorlar, fotomuxbirlar, tele, kino va videoapparatlarga, aloqa vositalariga xizmat ko'rsatuvchi mutaxassislar tahririyatning muxbirlarga biriktirilgan texnik xodimlari bo'lishi mumkin.
30. Akkreditatsiya qilingan muxbirlar texnik va xizmat ko'rsatuvchi xodimlarni ishga yollashi mumkin.
Jalb etiladigan texnik xodimlarning shaxsiy tarkibi akkreditatsiya qiluvchi organ bilan kelishiladi. Ularga o'z faoliyatini amalga oshirishlari uchun akkreditatsiya qiluvchi organ tomonidan tegishli guvohnoma beriladi.
31.Akkreditatsiya qilingan muxbirning texnik va xizmat ko'rsatuvchi xodimlariga jurnalistlik faoliyati bilan shug'ullanish taqiqlanadi.

Yakunlovchi qoidalar

32. Vazirlik huzuridagi akkreditatsiyani amalga oshirish tartibi bilan bog'liq nizoli masalalar paydo bo'lgan taqdirda manfaatdor tomon qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ular yuzasidan sudga shikoyat qilishi mumkin.
33. Vazirlik va ommaviy axborot vositalarining muxbirlari mazkur Nizom hamda ommaviy axborot vositalari sohasidagi qonun hujjatlari talablariga rioya qilinishi uchun javob beradilar.