Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Transport vazirligining ochiq hay’at va kengash majlislarida axborot izlashni amalga oshirayotgan jismoniy yoki yuridik shaxslarning hozir bo‘lish tartibi

 Axborotdan foydalanuvchilarning O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining ochiq hay’at majlislarida hozir bo‘lish tartibi to‘g‘risidagi 

YO‘RIQNOMA

 

Transport vazirligi faoliyatining ochiqligi sohasidagi munosabatlarni tartibga solish bo‘yicha ochiq majlislar ishini tashkil etish O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonuni va amaldagi boshqa tegishli normativ-huquqiy hujjatlar hamda mazkur sohada qabul qilingan tegishli Yo‘riqnomaga muvofiq amalga oshiriladi. 

 

I bob. Umumiy qoidalar

 

1. O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonunining 7-moddasiga asosan, vazirlikning faoliyati to‘g‘risidagi axborot izlashni amalga oshirayotgan jismoniy yoki yuridik shaxs axborotdan foydalanuvchi hisoblanadi.

2. Mazkur Yo‘riqnoma talablari vazirlik tomonidan ochiq hay’at majlisida ishtirok etish uchun taklif etilgan shaxslarga nisbatan tadbiq etilmaydi.

3. Vazirlikning hay’at majlislari ochiq tarzda o‘tkaziladi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.

4. Vazirlikning ochiq hay’at majlislari kun tartibi loyihalari, ular o‘tkaziladigan sana, joy va vaqti O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri tomonidan tasdiqlanadi.

5. Vazirlikning rasmiy veb-sayti hamda axborot stendida ochiq hay’at majlislarining kun tartibi loyihalari, ular o‘tkaziladigan sana, joy va vaqt hamda boshqa zarur axborotlar majlis o‘tkazilishidan kamida uch kun oldin joylashtirilishi shart.

 

II bob. Axborotdan foydalanuvchilarning ochiq hay’at majlislarida qatnashishini tashkil qilish

 

6. Axborotdan foydalanuvchi ochiq hay’at majlislarida qatnashish uchun vazirlikka so‘rov bilan murojaat qiladi. So‘rov O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonunining 20-moddasida belgilangan talablarga muvofiq rasmiylashtiriladi.

Axborotdan foydalanuvchining identifikatsiyalash imkoniyatini beradigan ma’lumotlar ko‘rsatilmagan so‘rovlar anonim hisoblanadi va ko‘rib chiqilmaydi.

7. Axborotdan foydalanuvchi ochiq hay’at majlisida qatnashish uchun vazirlikka so‘rov bilan murojaat qilgan taqdirda, ushbu so‘rov shu kunning o‘zida maxsus jurnalda ro‘yxatga olinadi va zudlik bilan ko‘rib chiqiladi. Mazkur jurnal vazirilik hay’ati mas’ul kotibi tomonidan yuritiladi.

8. So‘rovga asosan hay’at mas’ul kotibi axborotdan foydalanuvchini ochiq hay’at majlisida ishtirok etuvchilar ro‘yxatiga kiritadi hamda bu haqda uni xabardor qiladi. Ochiq hay’at majlisining o‘tkazilish sanasi, vaqti yoki joyi o‘zgargan taqdirda, bu haqda axborotdan foydalanuvchilarga ma’lum qilinadi.

9. Axborotdan foydalanuvchilar ochiq hay’at majlisiga shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida kiritiladi.

10. Axborotdan foydalanuvchilar ochiq hay’at majlisiga kelmagan taqdirda, hay’at mas’ul kotibi tomonidan bu haqda maxsus jurnalga yozib qo‘yiladi.

11. Ochiq hay’at majlisining o‘tkazilishi rejalashtirilgan zalning tashkiliy-texnik imkoniyatlari hamda axborotdan foydalanuvchilar sonidan kelib chiqib, ular uchun joy tayyorlanadi. Axborotdan foydalanuvchilar ochiq hay’at majlisi o‘tkaziladigan zalga maxsus jurnaldagi qayd etish ketma-ketligi asosida joylashtiriladi.

Axborotdan foydalanuvchilar sonining ko‘pligi sababli, ularni ochiq hay’at majlisi o‘tkazilayotgan zalga joylashtirish imkoni bo‘lmagan taqdirda, ular ochiq hay’at majlisining borishini video tasvir orqali moneleksiz kuzatib borishlari mumkin bo‘lgan xonaga joylashtirilishi mumkin.

12. Ochiq hay’at majlisida ishtirok etish istagini bildirgan axborotdan foydalanuvchilarni ro‘yxatga olish majlis o‘tkazilishi rejalashtirilgan kunga bir ish kuni qolganda to‘xtatiladi.

13. Axborotdan foydalanuvchilar ochiq hay’at majlisi boshlangunga qadar belgilangan joyga yetib kelishi, ro‘yxatdan o‘tishi va belgilangan joyga o‘tirishi lozim. Axborotdan foydalanuvchilar hay’at yig‘ilishiga raislik qiluvchi tomonidan majlis boshlanganligi e’lon qilingandan so‘ng kelgan taqdirda, kechikib kelgan hisoblanadi va hay’at majlisiga kiritilmaydi.

14. Axborotdan foydalanuvchilar ochiq hay’at majlisining tasdiqlangan Reglamentida belgilangan tartibda majlisda hay’at a’zolariga savollar bilan murojaat qilish huquqiga ega.

15. Axborotdan foydalanuvchi tomonidan hay’at majlislari davomida hay’at majlisi muhokamasiga taalluqli bo‘lmagan va ushbu majlisda muhokama qilinmagan masalalar bo‘yicha fikr-mulohazalar bildirilgan yoki savollar bilan murojaat etilgan taqdirda, unga mazkur masala bo‘yicha axborot olish tartibi tushuntiriladi.

16. Axborotdan foydalanuvchi hay’at majlisi o‘tkazilayotgan vaqtda tartibni buzmasligi shart. Axborotdan foydalanuvchi majlis o‘tkazilayotgan vaqtda tartibni buzgan taqdirda, raislik qiluvchi tomonidan ogohlantiriladi.

Axborotdan foydalanuvchi tartibni takroran buzgan taqdirda, u raislik qiluvchi tomonidan majlis o‘tkazilayotgan zaldan chiqarib yuboriladi. Mazkur holat yuzasidan hay’at mas’ul kotibi dalolatnoma tuzadi va dalolatnoma raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.

17. Axborotdan foydalanuvchilarga ochiq hay’at majlisini fotosuratga, video tasvirga olishga, ovoz yozish vositalaridan foydalanishga ruxsat berilmaydi.

18. Hay’at majlisi bayonnomasida ochiq hay’at majlislarida qatnashgan axborotdan foydalanuvchilarning ishtiroki haqida tegishli ma’lumotlar ko‘rsatilishi lozim.

 

III bob. Yakuniy qoida

 

19. Axborotdan foydalanuvchilarning vazirlikning ochiq hay’at majlislarida hozir bo‘lishi bilan bog‘liq barcha tartib-qoidalar O‘zbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq tartibga solinadi.