Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Avtomobil transporti

 
 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-iyuldagi
636-son qaroriga muvofiq Avtomobil transportida yo‘lovchilarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo, xalqaro, shuningdek, yuklarni xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlangan.

Mazkur Reglament avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini belgilaydi.

  1. Ushbu Reglamentda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:

litsenziya varaqasi — litsenziya talablari va shartlariga majburiy tarzda rioya qilingan holda yo‘lovchilar va yuklarni tashishda foydalaniladigan har bir avtotransport vositasiga litsenziyalanadigan faoliyat turini amalga oshirish uchun beriladigan ruxsatnoma (litsenziya);

tijorat asosida yo‘lovchilarni va yuklarni tashish — tijorat asosida, ya’ni tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish yo‘li bilan avtotransport vositalarida yo‘lovchilarni va yuklarni tashish xizmatini ko‘rsatish natijasida daromad olish.

  1. Tijorat asosida amalga oshiriladigan yo‘lovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyati litsenziyalanadi.Tijorat asosida yo‘lovchilarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyati yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi.
  2. Aholining hayoti va sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘ygan tabiiy ofatlar, epidemiyalar, yirik avariyalar oqibatlarini tugatish hamda Hukumatning qarorlari bo‘yicha avariya-qutqarish va tiklash ishlari amalga oshirilishi va muruvvat yuklari yetkazib berilishi talab etilishi bilan bog‘liq tashishlarni amalga oshirishga, elektron tijorat orqali realizatsiya qilingan tovarlarni sotuvchiga va yetkazib beruvchiga shaxsiy mulk, ijara va boshqa foydalanish huquqiga asosan tegishli bo‘lgan avtomobil transportida O‘zbekiston hududi bo‘ylab yetkazib berishga, aeroportdan, temir yo‘l vokzallari va avtostansiyalardan mehmonxonaga va undan qaytishga, o‘z ehtiyojlari uchun yuklarni texnologik tashish uchun, shuningdek, turizm obyektlariga o‘zining ijarachilariga transport xizmatini ko‘rsatish uchun hamda “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 9-moddasida nazarda tutilgan tashkilotlarga litsenziya olish talab etilmaydi, qonun hujjatlarida belgilangan holatlar bundan mustasno.
  3. Litsenziya berish, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan hollarda litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish yoki to‘xtatish, shuningdek, uni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar transport boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda litsenziyalovchi organlar deb ataladi) tomonidan tegishli qarorlar qabul qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Bunda:
            O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan (keyingi o‘rinlarda Vazirlik deb ataladi) — yo‘lovchilarni va yuklarni xalqaro tashish bo‘yicha litsenziyalar berish, litsenziyalarning amal qilishini to‘xtatib turish yoki to‘xtatish, shuningdek, ularni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish amalga oshiriladi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar transport boshqarmalari (keyingi o‘rinlarda Vazirlikning hududiy boshqarmalari deb ataladi) tomonidan — yo‘lovchilarni va yuklarni shahar, shahar atrofi, shaharlararo tashish bo‘yicha litsenziyalar berish, litsenziyalarning amal qilishini to‘xtatib turish yoki to‘xtatish, shuningdek, ularni bekor qilish va qayta rasmiylashtirish amalga oshiriladi.

  1. Vazirlikka litsenziyalovchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirish, litsenziyalash tartibini takomillashtirish bo‘yicha takliflar tayyorlash, O‘zbekiston Respublikasi hududidagi litsenziyalarning yig‘ma reyestrini yuritish, litsenziyalovchi organlar tomonidan avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni tashish faoliyatini litsenziyalash sohasidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini nazorat qilish vazifalari yuklanadi.

 Avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish huquqi uchun ushbu Reglamentga
1-ilovaga muvofiq namunaviy (oddiy) litsenziyalar beriladi.

  1. Ariza beruvchining so‘rovnomasiga ko‘ra litsenziya quyidagi faoliyat turlari uchun beriladi:
  2. a) yo‘lovchilarni shaharda avtobuslarda tashish;
  3. b) yo‘lovchilarni shaharda mikroavtobuslarda tashish;
  4. v) yo‘lovchilarni shaharda yengil avtomobillarda tashish;
  5. g) yo‘lovchilarni shahar atrofida avtobuslarda tashish;
  6. d) yo‘lovchilarni shahar atrofida mikroavtobuslarda tashish;
  7. e) yo‘lovchilarni shahar atrofida yengil avtomobillarda tashish;
  8. j) yo‘lovchilarni shaharlararo avtobuslarda tashish;
  9. z) yo‘lovchilarni shaharlararo mikroavtobuslarda tashish;
  10. i) yo‘lovchilarni shaharlararo yengil avtomobillarda tashish;
  11. y) yo‘lovchilarni xalqaro avtobuslarda tashish;
  12. k) yo‘lovchilarni xalqaro mikroavtobuslarda tashish;
  13. l) yo‘lovchilarni xalqaro yengil avtomobillarda tashish;
  14. m) yuklarni avtomobil transportida shaharda va shahar atrofida tashish;
  15. n) yuklarni avtomobil transportida shaharlararo tashish;
  16. o) yuklarni avtomobil transportida xalqaro tashish.

O‘zbekiston Respublikasida ro‘yxatga olingan yuk avtomobili yoki shatakchi avtomobil hamda xorijiy davlat hududida ro‘yxatga olingan tirkama yoki yarim tirkamadan iborat transport vositalari tarkibidan foydalangan holda amalga oshiriladigan xalqaro tashishda yuk avtomobili yoki shatakchi avtomobilga olingan litsenziya varaqasi transport vositalarining butun tarkibi uchun amal qiladi.

  1. Litsenziat litsenziyalovchi organga murojaat qilganda bir ariza bilan ushbu litsenziyalovchi organ tomonidan beriladigan litsenziya turlarining bir necha qismini olish huquqiga ega.

Xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha yuklarni tashishni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya varaqasiga ega bo‘lgan avtomobilda milliy yuk tashuvchilar unga muvofiq shaharlararo yo‘nalishlarda yuk tashishni amalga oshirish huquqiga ham egadirlar.
Yuklarni avtomobil transportida tashishda foydalaniladigan shatakchi avtomobillarga litsenziya varaqalari berilishi uchun davlat boji to‘lash talab etilmaydi.

Shaharlararo yo‘nalishlar bo‘yicha yo‘lovchilarni avtobuslarda yoki mikroavtobuslarda tashish huquqini beruvchi litsenziya varaqasiga ega bo‘lgan avtotransport vositalaridan mahalliy va xorijiy fuqarolarni shaharda va shahar atrofida turistik-ekskursiya qilish yo‘nalishlarida (nomuntazam yo‘nalishlarda) yo‘lovchi tashishni amalga oshirish uchun qo‘shimcha litsenziya varaqasi olish talab etilmaydi.

  1. Litsenziyaning amal qilish muddati cheklanmaydi.
  2. Litsenziya asosida har bir avtotransport vositasiga ushbu Reglamentga 2-ilovaga muvofiq litsenziya varaqasi beriladi.

Litsenziya varaqasining amal qilish muddati ashyoviy huquqlar yoki ijara shartnomasining amal qilish muddati bilan cheklanadi. Litsenziya varaqasining amal qilishi litsenziya varaqasi berilgan kundan boshlab hisoblanadi.

Litsenziya varaqalari bilan ta’minlanmagan avtomobil transporti vositasidan foydalangan holda tijorat asosida yo‘lovchilarni va yuklarni tashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Ushbu holatlar yuzasidan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan huquqiy ta’sir choralari qo‘llaniladi.

  1. Quyidagilar:
  • ariza beruvchining so‘rovnomasiga ko‘ra litsenziyalovchi organ qaroriga binoan — faoliyat turiga litsenziya;
  • ariza beruvchining so‘rovnomasiga ko‘ra avtotransport vositalarining harakatdagi tarkibiga faoliyat turiga berilgan litsenziya asosida — litsenziya varaqalari;
  • mazkur Reglamentning 32-bandida nazarda tutilgan holatlarda qayta rasmiylashtirilgan ariza beruvchining so‘rovnomasiga ko‘ra — litsenziya/litsenziya varaqalari;
  • avtotransport vositasining davlat raqami belgisi o‘zgarganda, avtotransport vositasining yuk ko‘tarish yoki yo‘lovchi sig‘imi ko‘payganda (kamayganda), bir avtotransport vositasi shu turdagi boshqa avtotransport vositasiga almashtirilganda ushbu avtotransport vositasidagi mavjud litsenziya varaqalari asosida ariza beruvchining litsenziya varaqalarini qayta rasmiylashtirish bo‘yicha arizasiga ko‘ra — qayta rasmiylashtirilgan litsenziya varaqalari beriladi.

Ushbu bandda belgilangan har bir holatda ariza beruvchi (yoki litsenziat) avtotransport vositalari mavjud bo‘lgan taqdirda, ularning mulk huquqi, ashyoviy huquqlar yoki ijara asosida tegishliligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan birga avtotransport vositalarining ro‘yxatini so‘rovnomada ko‘rsatadi.