Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Havo transporti

 

Havo transporti, aviatsiya transporti — yo‘lovchilar, pochta va yuklarni havo yo‘llari orqali tashishni amalga oshiradigan transport turi. Uning afzalligi shunda-ki, yuqori uchish tezligi hisobiga tashish vaqtini juda tejaydi, yer va suv yo‘llari bo‘lmagan manzillar bilan bevosita transport qatnovini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini yaratadi.

Dastlabki havo transporti Birinchi jahon urushidan keyin Yevropa va Amerika davlatlarida vujudga keldi. Germaniya va Fransiyada transport turi sifatida 1920—21-yillarda rivojlandi. O‘zbekiston SSRda birinchi havo yo‘li 1929-yil 12-mayda ochildi. Uzunligi 800 km bo‘lgan Toshkent—Avliyo-ota (Taroz) — Pish-pek (Bishkek) — Olmaota marshrutida Rossiya ko‘ngilli havo floti jamiyati ("Dobrolyot")ning O‘rta Osiyo bo‘limi (Kogon shahri)ga qarashli Germaniyadan sotib olingan "Yunkers—13" samolyotlarida dastlabki yo‘lovchilar tashish reysi amalga oshirildi. Shu yili uzunligi 450 km bo‘lgan Kogon—Oqto‘qay—Darg‘onota—Xiva hamda Buxoro—Termiz—Dushanbe havo yo‘llari ochildi.
1924-yilda Havo transportida jami 1000 yo‘lovchi, 200 kg pochta jo‘natmalari, 5 t yuk tashildi. 1930-yillar boshidan O‘zbekiston SSR havo transportida yuk va yo‘lovchilar tashish ommaviy tus oldi, 1930- yildan Toshkent—Moskva yo‘lida samolyotlar muntazam qatnay boshladi. Toshkent (1932), Nukus va Urganch (1939), Termiz (1940), Namangan (1941) shaharlarida aeroportlar qurilib ishga tushirildi.

Ulug‘ Vatan urushidan keyingi yillarda Il—12, Il—14. Li-2 va turli modifikatsiyadagi An—2 samolyotlari Toshkent parklariga berildi. 1957—58-yillarda havo yo‘llarida Tu—104, P—18, An-24, Yak-40 samolyotlari, Mi-1, Mi-2, Ka-26 vertolyotlari o‘zlashtirildi, mahalliy havo kemalarida An—24, Yak—40 samolyotlari qatnay boshladi. Ayni vaqtda dalalarga mineral o‘g‘itlar va zararkunanda hasharotlarga qarshi preparatlar sepishda, g‘o‘zani defoliatsiya qilish ishlarida aviatsiyadan keng foydalanildi. Qo‘qon (1947), Samarqand (1948), Qarshi (1955), Buxoro (1963) va Toshkent yaqinidagi Sergeli (1961) da yangi aeroportlar qurildi. 1974- yildan Il-62, 1977- yildan Tu—154 samolyotlari, 1982- yil dekabrdan Il—86 aerobuslari respublika havo yo‘llarida ucha boshladi.

1980 -yilga kelib O‘zbekiston havo transporti havo yo‘llarining uzunligi 155 ming km dan ortiq bo‘ldi (shu jumladan, mahalliy havo yo‘llari uzunligi 60,1 ming kilometrni tashkil etdi).

O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka e’lon qilganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga muvofiq, 1992- yil 28- yanvarda sobiq Ittifoq Fuqaro aviatsiyasi vazirligi tasarrufida bo‘lgan O‘zbekiston Fuqaro aviatsiyasi boshqarmasi negizida "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi tashkil etildi.

Havo transporti O‘zbekiston iqtisodiyotida yetakchi tarmoqlardan biri hisoblanadi, mamlakatning tashqi dunyo bilan xalqaro, iqtisodiy, diplomatik, madaniy aloqalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Toshkent, Nukus, Samarqand, Buxoro, Urganch, Termiz, Qarshi, Namangan, Farg‘ona, Navoiy shaharlarida zamonaviy jihozlangan aerovokzal (aeroport)lar ishlaydi. Toshkent aeroporti Markaziy Osiyo mintaqasidagi eng yirik xalqaro aeroport hisoblanadi. Buxoro, Samarqand, Urganch aeroportlari ham xalqaro aeroport maqomiga ega. "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi muntazam holda 20 ta xalqaro reyslarni amalga oshiradi. Yevropa, Amerika, Janubi-Sharqiy Osiyo, MDH davlatlari shaharlarida uning 44 ta vakolatxonalari ochilgan. Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasi hukumati yordamida aviatsiya tarmog‘iga 1 mlrd 200 mln AQSh dollari miqdorida investitsiya kiritildi va rivojlangan zamonaviy infratuzilma barpo etildi.

Barcha xalqaro reyslar "Boing" 767/757, A-310, Yu-85 rusumli samolyotlarda bajariladi. "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi Yevropadagi yirik "Eyrbas Indastri", AQShning "Boing" kompaniyalari, Rossiyaning "Ilyushin" konstruktorlik byurosi, Germaniya, Fransiya firmalari bilan turli sohalarda hamkorlik qiladi. Shunday hamkorlik natijasida 1993 yildan milliy avia-kompaniya sotib olgan "Eyrbas" A—310— 300 aerobuslari, "Boing" laynerlari xalqaro reyslarda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsata boshladi. 2004 yilda "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasi 3 ta "Boing 757" va "Boing 767" samolyotlarini sotib oldi va G‘arb mamlakatlarida ishlab chiqarilgan samolyotlari soni 16 taga yetdi.

Respublika havo transporti uchun uchuvchilar, texnika xizmati tarkibi, yerdagi xizmat xodimlari "O‘zbekiston havo yo‘llari" milliy aviakompaniyasining uchish o‘quv-texnika markazi (1943-yil 15-mayda tashkil etilgan), Toshkent aviatsiya instituti (hozirda yopilgan) tayyorlanadi. 2003-yilda O‘zbekiston havo transportida 0,8 mln  yo‘lovchi, 5,9 ming t yuk tashildi, yo‘lovchi aylanmasi 3956,5 ming yo‘lovchi km ni, yuk aylanmasi 95,3 ming t km ni tashkil etdi.

Chet mamlakatlarda havo transporti AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Italiya va boshqa davlatlarda rivojlangan. Bu mamlakatlardagi aviakompaniyalarda 300 va undan ortiq yo‘lovchiga mo‘ljallangan fuqaro samolyotlari, og‘ir yuk transport samolyotlari keng qo‘llanadi.

Ta’kidlash joizki, butun dunyo bo‘ylab koronavirus COVID-19 tarqalishi munosabati bilan deyarli barcha davlatlarda, shu jumladan, mamlakatimizda muntazam aviaqatnovlar to‘xtatilganligi, xalqaro aviaqatnovlar bajarilishida aksariyat mamlakatlar tomonidan cheklovlar kiritilishi O‘zbekiston Respublikasidagi barcha soha qatori aviatsiya sohasi rivojiga ham o‘zining salbiy ta’sirini o‘tkazib, hozirga qadar to‘sqinlik qilishni davom etmoqda.

Jahondagi mazkur epidemik vaziyatni inobatga olgan holda Transport vazirligi Jahon banki guruhi bilan hamkorlikda Koronavirus pandemiyasi inqirozidan keyingi davrda aviatsiya sohasining inqirozdan chiqish chora-tadbir rejalari, aniq amalga oshirish mexanizmlari ishlab chiqilmoqda.

Ushbu vaziyat yaxshilanib, mavjud cheklovlar bekor qilinib, xalqaro aviaqatnovlar tiklanishi bilan xorijiy konsultantlar tahlillari asosida respublika aeroportlarini davlat-xususiy sheriklik asosida modernizatsiya qilish va ishonchli boshqaruvga berish bo‘yicha tender o‘tkazish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, respublika aeroportlariga xorijiy aviakompaniyalar tomonidan aviaqatnovlarni qayta tiklash uchun jalb etish maqsadida joriy yilda aeroport xizmatlariga chegirmalar e’lon qilishni, avia yoqilg‘i narxini arzonlashtirish borasida tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining tegishli xorijiy davlatlar bilan imzolagan havo qatnovi to‘g‘risidagi xalqaro shartnomalarida ko‘rsatilgan aviakompaniyalar soniga qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash, muntazam qatnovlarini bosqichma-bosqich tiklash hamda O‘zbekistonning havodagi tranzit salohiyatini oshirish maqsadida xorijiy aviakompaniyalar uchun jozibador, yangi xalqaro trassalar va marshrutlarni joriy qilish rejalashtirilgan.

Respublika aeroportlarida avtoturargohlar, bagaj saqlash xonalarini joriy etish, mehmonxonalar, Duty Free, keytering xizmatlarini rivojlantirish orqali noaviatsiya daromadlarni oshirish, shuningdek, aeroportlarning mintaqaviy salohiyatidan kelib chiqib, yuk tashish parvozlarini jalb etish choralari ko‘rilmoqda.

Turizm sohasini rivojlantirish hamda aholining jismoniy faolligini oshirish borasidagi ishlarni jadallashtirish borasida Prezidentimiz tomonidan Transport vazirligiga yuklatilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida hamda Ziyorat turizmini rivojlantirish dasturi doirasida joriy yilda mavjud aviaqatnovlarni ko‘paytirish, yangi yo‘nalishlarda aviaqatnovlarni ochish hamda ushbu dastur doirasida parvozlarni amalga oshiruvchi xorijiy aviakompaniyalar uchun aeroportlarda xizmat ko‘rsatish tariflarini 50 foizgacha kamaytirish orqali aviareyslar sonini oshirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari respublikamizda ichki yo‘nalishlarni rivojlantirish maqsadida Farg‘ona vodiysi shaharlarini Buxoro, Urganch kabi shaharlarini bog‘lagan holda aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilishi ustida hozirda tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish bilan bir qatorda ushbu yo‘nalishlarda aviachipta narxlarini qisman byudjet hisobidan qoplanishi tizimini joriy etish borasida Transport vazirligi tomonidan hujjat loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, hozirda kelishish uchun tegishli vazirlik va idoralarga yuborilgan.

Mazkur tizim joriy etilishi yurtdoshlarimiz uchun qulaylik yaratish bilan birga aholining aviamobillik ko‘rsatkichi ortishiga sabab bo‘ladi.