Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Temir yo'l transporti

 
 O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
TEMIR YO‘L TRANSPORTI TO‘G‘RISIDA
 

1-modda. Asosiy tushunchalar.
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
temir yo‘l transporti (temir yo‘l) — umumiy foydalanishdagi transport turlaridan biri bo‘lib, u ishlab chiqarish va ijtimoiy yo‘nalishdagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarni o‘z tarkibiga olgan, boshqa davlatlarning temir yo‘llari va transportning boshqa turlari bilan o‘zaro hamkorlikda tashish ehtiyojlarini ta’minlovchi yagona ishlab chiqarish-texnologiya majmuidan iboratdir;
temir yo‘l transporti korxonasi — temir yo‘l asosiy faoliyatining tuzilmaviy bo‘linmasi bo‘lib, bevosita tashish jarayonini ta’minlaydi;
temir yo‘l transporti muassasasi — temir yo‘lning kadrlar tayyorlash, temir yo‘l transporti xodimlariga ijtimoiy-maishiy va madaniy xizmat ko‘rsatish sohasida band bo‘lgan tuzilmaviy bo‘linmasi;
temir yo‘l transporti tashkiloti — temir yo‘lning qo‘shimcha yordamchi faoliyatni amalga oshiruvchi va tashish jarayonida bevosita ishtirok etmaydigan tuzilmaviy bo‘linmasi;
temir yo‘l ustavi — qonunchilikka muvofiq temir yo‘lning, temir yo‘l transporti xizmatlaridan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslarning (shu jumladan ular nomidan ish ko‘ruvchi ekspeditorlik va boshqa tashkilotlarning) huquqlari, majburiyatlari va javobgarligini belgilaydigan normativ hujjat;
(1-moddaning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 21 apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021 y., 03/21/683/0375-son)
transport xizmatlari bozori — yuklar, yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagajini tashuvchi, transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatuvchi va ta’mirlovchi, temir yo‘l transportida tashish bilan bog‘liq qo‘shimcha yordamchi ishlarni hamda boshqa ish turlarini (xizmatlarni) bajaruvchi soha;
tashish jarayoni — yuklar, yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagajini tashishga tayyorgarlik ko‘rish, uni amalga oshirish va tugallash chog‘ida temir yo‘l transporti korxonalari bajaradigan tashkiliy va texnologik jihatdan o‘zaro bog‘liq harakatlar va operatsiyalar majmui;
umumiy foydalanishdagi temir yo‘llar — temir yo‘lning poyezdlarni qabul qilish va jo‘natish, yuklar, bagaj va yuk bagajini qabul qilish hamda topshirish va yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish, manevr ishlarini amalga oshirish bo‘yicha tegishli operatsiyalarni bajarish uchun ochiq bo‘lgan temir yo‘l bekatlari joylashgan tarmog‘i;
yuk — tashish uchun temir yo‘l transporti korxonasi tomonidan belgilangan tartibda qabul qilingan, o‘z vaqtida eltib berilishi va saqlanishi uchun temir yo‘l javobgar bo‘lgan temir yo‘l tashish obyekti;
yo‘lovchi — yo‘l hujjatlariga ega bo‘lgan va poyezdda safar qiluvchi fuqaro (jismoniy shaxs);
bagaj — yo‘lovchi olib ketayotgan va safar davomida yo‘lovchilar vagonida uning yonida bo‘ladigan buyumlar, tovarlar va boshqa moddiy boyliklar;
yuk bagaji — yo‘lovchilar va pochta-bagaj poyezdlarida tashiladigan temir yo‘l tashish obyekti;
yuk jo‘natuvchi (jo‘natuvchi) — o‘z nomidan yoxud yuk yoki yuk bagaji egasi nomidan ish ko‘ruvchi va tashish hujjatlarida qayd etilgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
yukni oluvchi (oluvchi) — yuk yoki yuk bagajini olish huquqiga ega bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
xavfli yuklar — muayyan omillar mavjud bo‘lganda o‘z xossalari va xususiyatlariga ko‘ra tashish jarayonida, ortish-tushirish ishlarini bajarish va saqlash chog‘ida portlash, yong‘in chiqishiga yoki tashilayotgan yuklar, texnika vositalari, qurilmalar, binolar va inshootlar, boshqa ob’ektlarning shikastlanishiga, shuningdek odamlar hayoti yoki sog‘lig‘iga ziyon yetishiga, hayvonlarning nobud bo‘lishiga, atrof tabiiy muhitning zararlanishiga sabab bo‘lishi ehtimoli bor moddalar, materiallar, buyumlar, ishlab chiqarish va boshqa faoliyat chiqindilari;
ajratilgan mintaqa — temir yo‘l transportining tuproq ko‘tarmasi, sun’iy inshootlar, yo‘l binolari, temir yo‘l aloqasi va elektr ta’minoti qurilmalari, temir yo‘l bekatlari, boshqa binolar, inshootlar va yo‘l qurilmalari, shuningdek ihota daraxtzorlari joylashgan yerlari;
muhofaza zonalari — temir yo‘llardan, elektr ta’minoti va aloqa tarmoqlaridan bir me’yorda foydalanishni, temir yo‘l transporti inshootlari, qurilmalari va boshqa obyektlarining saqlanishi, mustahkamligi va turg‘unligini ta’minlash uchun zarur bo‘lgan yer uchastkalari, shuningdek temir yo‘l transporti yerlariga tutash bo‘lgan siljuvchi tuproqli yerlar.
2-modda. Temir yo‘l transporti to‘g‘risidagi qonunchilik
(2-moddaning nomi O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 21 apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021 y., 03/21/683/0375-son)
Temir yo‘l transporti to‘g‘risidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iborat.
(2-moddaning birinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 21 apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021 y., 03/21/683/0375-son)
Temir yo‘l transporti xizmatlaridan foydalanish chog‘ida temir yo‘l transporti korxonalari bilan yuk jo‘natuvchilar, yukni oluvchilar, yo‘lovchilar, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar o‘rtasidagi munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tasdiqlaydigan Temir yo‘l ustavi bilan ham belgilanadi.
Temir yo‘l transportida yuklar, yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagajini tashishni tashkil etish tartibi davlat temir yo‘l transportini boshqarish organi tomonidan tasdiqlanadigan yuklar, yo‘lovchilar, bagaj va yuk bagajini tashish qoidalari, shuningdek boshqa normativ hujjatlar bilan belgilanadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining temir yo‘l transporti to‘g‘risidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
(2-moddaning to‘rtinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 21 apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021 y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Temir yo‘l transportida mulkchilik
Tashish jarayonining uzluksizligini, harakat xavfsizligini va avariya-tiklash ishlari o‘tkazilishini bevosita ta’minlovchi temir yo‘l transporti korxonalari, umumiy foydalanishdagi temir yo‘llar va temir yo‘l transportining boshqa mol-mulki mutlaq davlat mulkidir.
Tashish jarayonida bevosita ishtirok etmaydigan temir yo‘l transporti mol-mulki qonunchilikda belgilangan tartibda xususiylashtirilishi mumkin.
(3-moddaning ikkinchi qismi O‘zbekiston Respublikasining 2021 yil 21 apreldagi O‘RQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 21.04.2021 y., 03/21/683/0375-son)
4-modda. Temir yo‘l transporti korxonalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish
Tashish jarayonini ta’minlash bilan bog‘liq bo‘lgan temir yo‘l transporti korxonalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish davlat temir yo‘l transportini boshqarish organi tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
5-modda. Temir yo‘l transporti korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining mol-mulki Temir yo‘l transporti korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining mol-mulki asosiy va aylanma mablag‘lardan, shuningdek qiymati o‘z mustaqil balansida ko‘rsatiladigan boshqa moddiy boyliklardan iborat bo‘ladi.