Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

1 avgustdan O‘zbekistonning barcha hududiy aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimi joriy etiladi

Chop etish Sahifani ulashish
17.06.2020 17357 Yangiliklar

 

2020 yil 12 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirining O‘zbekiston Respublikasi aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimini joriy etish to‘g‘risidagi buyrug‘i imzolandi.

Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 1 fevraldagi «Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5647-son va 2019 yil 13 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5781-son farmonlariga muvofiq respublika fuqaro aviatsiyasi va turizm sohalarida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish maqsadida ishlab chiqildi.

“Ochiq osmon” rejimi 2020 yilning 1 avgustidan boshlab IATA “Qish 2022/2023” mavsumi yakunigacha ikki yil muddatga uni uzaytirish yoki shartlarni o‘zgartirish imkoniyati bilan O‘zbekiston Respublikasining Qarshi, Nukus, Termiz, Buxoro, Navoiy, Urganch, Andijon, Farg‘ona, Namangan va Samarqand shahridagi aeroportlarida “beshinchi havo erkinligi” huquqini qo‘llagan holda joriy etiladi.

Buyruqqa muvofiq “Ochiq osmon” rejimi:

Qarshi, Nukus, Termiz, Buxoro, Navoiy va Urganch shahridagi aeroportlarda hech qanday cheklovlarsiz;

Andijon, Farg‘ona, Namangan va Samarqand shahridagi aeroportlarda Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotiga a’zo davlatlarning aviakompaniyalariga ko‘rsatilgan aeroportlarga ularning texnik imkoniyatlarini inobatga olgan holda parvozlar soni cheklovlarisiz O‘zbekiston Respublikasi tayinlangan tashuvchilari foydalanmagan yo‘nalishlarda “beshinchi havo erkinligi” va yo‘lovchi parvozlarini amalga oshirish huquqi bilan;

Samarqand shahridagi aeroportda qayta ta’mirlash ishlari yakunlangach joriy etiladi.

Mazkur rejimga muvofiq Navoi va Termiz shahridagi aeroportlarda xorijiy aviakompaniyalarga yuk tashish parvozlarini amalga oshirish uchun “yettinchi havo erkinligi”ga qadar bo‘lgan huquqlar beriladi.

Yangi yo‘nalishlarda parvozlarni tashkillashtirish va amalga oshirishga qiziqish bildirgan yoki amaldagi parvozlar sonini oshirishni rejalashtirgan xorijiy aviakompaniyalar o‘rnatilgan tartibda talab etilgan hujjatlarni Transport vazirligi huzuridagi “O‘zaviatsiya” agentligiga yoki Transport vazirligining havo transportini rivojlantirish departamentiga topshirishlari lozim.