Joriy yilning 15-iyulidan 15-avgustigacha Toshkent-Markaziy vokzalidan harakatlanib kelayotgan aksariyat poyezdlar Toshkent Janubiy vokzalidan qatnovini amalga oshiradi.
"To‘qimachi" hamda "Toshkent yo‘lovchi" bekatlari oralig‘idagi temir yo‘lda texnik ta’mirlash ishlari olib borilishi munosabati bilan "Olma-ota – Toshkent – Olma-ota", "Toshkent – Novosibirsk – Toshkent", "Toshkent – Samara – Toshkent" yo‘nalishida harakatlanadigan yo‘lovchi poyezdlari hamda "Toshkent – Xojikent – Toshkent" shaharlararo poyezdlaridan tashqari, bugungi kunda Toshkent-Markaziy temir yo‘l vokzalidan qatnovini amalga oshirib kelayotgan barcha yo‘lovchi poyezdlar joriy yil 15-iyuldan 15-avgustgacha Janubiy vokzaldan o‘z harakatini boshlaydi.
Jumladan, bir oy mobaynida yuqori tezlikda harakatlanuvchi "Afrosiyob" elektropoyezdlari, “Sharq”, “Nasaf” hamda "Toshkent – Andijon – Toshkent", "Toshkent – Volgograd – Toshkent", "Dushanbe – Toshkent – Dushanbe" yo‘lovchi poyezdlari Janubiy vokzal hududidan reyslarini amalga oshiradi.
Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish maqsadida Toshkent-Markaziy hamda Toshkent-Janubiy vokzallaridagi barcha chiptaxonalar tunu-kun faoliyat ko‘rsatadi. Bundan tashqari chiptalarni elektron tarzda ham olish mumkin.
Shuningdek, bir oy mobaynida Toshkent-Markaziy vokzalidagi chiptaxonalardan poyezd jo‘nashidan oldin chipta xarid qilgan, yoki yanglishib Markaziy vokzalga kelib qolgan yo‘lovchilarni Janubiy vokzalga olib borish uchun vaqtincha bepul avtobuslar ham qo‘yiladi.