Bugun 21 mart kuni bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi”ning yig‘ilishida 22 martdan poytaxtimizdagi jamoat transporti harakti vaqtincha to‘xtatilishi ma’lum qilindi.
Mazkur yig‘ilishning 8-sonli bayonida belgilangan topshiriqlar ijrosi yuzasidan Toshkent shahar hokimining tegishli qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra:
- 2020 yil 22 martdan e’tiboran mulkchilik shaklidan qat’iy nazar tashuvchilar tomonidan xizmat ko‘rsatiluvchi yo‘nalishlar bo‘yicha Toshkent shahri hududida barcha jamoat transporti (avtobus, metro va yo‘nalishli taksi) harakati vaqtinchalik to‘xtatiladi;
- Yo‘lovchilar gavjum yig‘iladigan maskanlar, metro bekatlarida Toshkent shahrida barcha jamoat transporti harakati vaqtinchalik to‘xtatilganligi to‘g‘risida ma’lumotlar beriladi;
- Shahrimizdagi shifoxonalarning tibbiy jamoasini ishga va uyga tashish uchun, ularning xodimlari soniga ko‘ra, Toshkent shahar Sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasining buyurtmalari asosida kerakli miqdorda maxsus dezinfektsiya qilingan alohida avtobuslar ajratiladi;
- Jamoat transporti o‘rniga vaqtincha Toshkent shahar Sanitariya epidemiologik osoyishtalik markazi tomonidan maxsus dezinfektsiya qilingan taksilar harakatlanadi.
Har kuni yo‘nalishga chiqqan har bir taksiga SEOM tomonidan dezinfektsiya qilinganligi haqida ma’lumotnoma berib boriladi.
Mutasaddilarga Toshkent shahrida jamoat transporti harakati vaqtinchalik to‘xtatilgan vaqtda yo‘nalishsiz taksilarda tashish bilan shug‘ullanuvchilar tomonidan yo‘l haqlarini sun’iy ravishda oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik choralarini ko‘rish topshirildi.