Bugun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy veb-sahifasida Tezkor shtabning Abxaziyada bo‘lib turgan bir guruh yurtdoshlarning O‘zbekistonga qaytishda ko‘mak berish bo‘yicha murojaati to‘g‘risidagi ma’lumoti e’lon qilindi.
“O‘zbekiston Respublikasining Rossiya Federatsiyasidagi Elchixonasi va Rostov-Don shahridagi Bosh konsulxonasiga Abxaziya hududida bo‘lib turgan 400 ga yaqin O‘zbekiston fuqarolarining Vatanga qaytishda ko‘mak berish to‘g‘risidagi murojaatlari kelib tushdi,- deyiladi xabarda. – Ushbu muammoni zudlik bilan hal etish maqsadida mamlakatimiz tashqi siyosat idorasi Rossiya tomoniga hamyurtlarimizni Vatanga qaytarish uchun ularning Rossiya chegarasini kesib o‘tishlariga ruxsat olish yuzasidan yana bir bor tegishli murojaat yuborgan”.
Fuqarolarimizning tezkor yordamga muhtojlardan (ayollar, homiladolar, qariyalar va bolalar) iborat birinchi guruhini shu yilning oktabr oyi boshlarida O‘zbekistonga qaytarish rejalashtirilgan.
“Qolgan fuqarolar Rossiya tomonidan Davlat chegarasini tranzit maqsadida kesib o‘tishga ruxsat berilgandan keyin O‘zbekistonga qaytariladi”,- deb aniqlik kiritilgan Tezkor shtab xabarida.