Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Andijon shahriga kirish va chiqish boʻyicha cheklovlar belgilandi

Chop etish Sahifani ulashish
26.03.2020 9131 Yangiliklar

Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini taʼminlash, fuqarolarning hayoti va sogʻligʻini himoya qilish hamda koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish maqsadida Andijon viloyati hokimining farmoyishi bilan 2020-yil 27-mart soat 00:01 dan boshlab, har qanday transport vositalarining Andijon shahriga viloyatning barcha hududlaridan kirishi va shahar hududidan chiqishi toʻxtatiladi.

Andijon shahriga kirish va chiqishdagi cheklovlar yuk tashish bilan bogʻliq holatlarga, shuningdek, Andijon shahrida doimiy yashovchi (roʻyxatdan oʻtgan) shaxslarga, tumanlarda yashab, Andijon shahridagi mahalliy davlat hokimiyati organlari, huquq-tartibot idoralari, boshqarma, idora va tashkilot (nodavlat tashkilot)larda mehnat faoliyatini olib borayotgan rahbar va xodimlarga, shifokorlarga, davlat sanitariya va epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.

Belgilangan tartibdan boshqa holatlarda, zarurat boʻlmaganida transport vositalari qatnovi karantin muddati tugagunga qadar toʻxtatib turiladigan boʻldi.

Farmoyishda tegishli boshqarma, idora va tashkilotlar tomonidan Andijon shahrining kirish, chiqish joylarida vaqtinchalik postlar faoliyatini tashkil qilish, nazoratni yana-da kuchaytirish, postlarni mutaxassislar bilan taʼminlash, teplovizorlar va antiseptik vositalar bilan jihozlash boʻyicha vazifalar belgilangan.

Bundan tashqari, Andijon shahriga kirib kelayotgan va chiqayotgan har qanday yuk mashinalari, xodimlar boshqaruvidagi avtomashinalarni majburiy dezinfeksiya qilinishi, qoʻyilgan cheklovlarga hamda aholining karantin qoidalariga qatʼiy rioya etilishi, karantin qoidalarini buzgan shaxslarga nisbatan qonunchilik doirasida qatʼiy choralar koʻrilishi belgilandi.