2024-yil 24-may kuni Ashxobod shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Hukumat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Majlisda Hukumat rahbarlari Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligidagi iqtisodiy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar.
Xususan, yig‘ilishda 2030-yilgacha bo‘lgan davrda MDHga a’zo davlatlar hududidan o‘tuvchi infratuzilmani optimallashtirish va xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar rejasi MDH a’zolari muhokamasiga kiritildi.
Hujjat Hamdo‘stlik mamlakatlari transport vazirliklari va idoralari o‘rtasida xalqaro transport yo‘laklarini rivojlantirish, ularning faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha kelishilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish orqali hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda ishtirok etgan O‘zbekiston Respublikasi Transport vaziri o‘rinbosari Ilxom Abdugafarov MDH transport makonida ishtirokchilar o‘rtasida o‘zaro munosabatlarni ta’minlash uchun tashish jarayoniga tegishli hujjatlarni elektron shaklga o‘tkazish orqali raqamli muhitni shakllantirish lozimligini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, xalqaro ahamiyatga molik infratuzilmani saqlash, ta’mirlash, modernizatsiya qilish va rivojlantirish sohasida davlatlararo standartlashtirish bo‘yicha ishlarning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash asosiy vazifalardan biri ekanligini aytdi.