Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Avtomobil yo‘llari qo‘mitasining rasmiy bayonoti

Chop etish Sahifani ulashish
30.07.2022 6879 Yangiliklar

 

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Moliya vazirligining Avtomobil yo'llarini rivojlantirish maqsadli jamg'armasi rahbarining axboroti bo'yicha yoritilgan materiallarda 2021-2022 yillarda yo'l xo'jaligi loyihalarida amalga oshirilgan qurish-ta'mirlash ishlarini o'rganishlari natijasiga ko'ra 45 ta holatda 34 trln 575 mlrd so'mlik mablag'lar samarasiz va noqonuniy sarflangan deb qayd etilganligi haqiqatga to'g'ri kelmaydi.

Ushbu materiallarda yo'l ishlarini amalga oshirish uchun 2021-yil va 2022-yilning I yarim yilligida Jamg'arma tomonidan jami 13,3 trln so'm ajratilganligi bayon etilgan bo'lsa-da, 34,5 trln so'mlik mablag'lar samarasiz va noqonuniy sarflangan deb ko'rsatilishi mantiqan noto'g'ri.

Qo'mitaning matbuot xizmati tomonidan olib borilgan tushuntirishlardan so'ng ayrim saytlardagi ma'lumotlarga o'zgartirishlar kiritilib, "34,5 trln so'm" jumlasi "34,5 mlrd so'm" jumlasiga o'zgartirildi.

O'z navbatida, ushbu 34,5 mlrd so'm miqdoridagi mablag'larning samarsiz ishlatilishi to'g'risidagi ma'lumotlarga aniqlik kiritilib, Moliya vazirligi huzuridagi Davlat moliyaviy nazorati inspektsiyasidan ma'lumotlar olindi.

Taqdim etilgan ma'lumotlarga ko'ra, 34,5 mlrd so'mdan 12,1 mlrd so'm (36%) qismi respublika yo'l xo'jaligi tizimiga taalluqli bo'lmagan korxonalar va obyektlariga tegishlidir.

Qolgan 22,4 mlrd so'm mablag'ning 15,8 mlrd so'm (71%) qismi o'z tasdig'ini topmadi.

Qolgan 6,6 mlrd so'm miqdoridagi yo'l ishlarini bajarish bilan bog'liq aniqlangan kamchiliklar tekshiruv jarayonida to'liq bartaraf etilgan hamda tegishli dalolatnomalar bilan rasmiylashtirilgan.

Shuni alohida ta'kidlash lozimki, aniqlangan kamchiliklar orasida Jamg'arma mablag'larini talon-taroj qilish holatlari aniqlanmagan.

Avtomobil yo'llari qo'mitasi so'z erkinligi bo'yicha Konstitutsiyaviy huquqlarni hurmat qilgan holda barcha ommaviy axborot vositalari, blogerlar va fuqarolar uchun ochiqligini hamda sohaga oid barcha savollarga javob berishga tayyorligini yana bir bor ma'lum qiladi.

Avtomobil yo'llari qo'mitasi Matbuot xizmati