“Avtomobil yo‘llari sohasida ochiqlik standartlarini joriy etish va sohada jamoatchilik nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (49-son, 02.02.2022 y.) qabul qilindi.
Qarorga ko‘ra, 2022 - yil 1 - iyuldan avtomobil yo‘llari sohasiga tegishli ma’lumotlar bazasini o‘z ichiga olgan “Shaffof yo'l” platformasi test rejimida ishga tushiriladi.
Qaror bilan mazkur platformada joylashtirilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar (17 ta) ro‘yxati tasdiqlandi.
“Shaffof yo'l” platformasining alohida sahifasi orqali aholining yo‘llar nosozligi, shuningdek, yo‘llarda va yo‘l bo‘yida xavfsiz harakatlanish uchun yuzaga kelgan favqulodda texnik muammolar (svetoforlar va yo‘l belgilar o‘rnatilmaganligi yoki ularning shikastlanganligi, tabiiy ofatlar natijasida yuzaga keladigan hodisalar ortidan hosil bo‘ladigan oqibatlar) haqida foto va videomurojaatlar – jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladi.
2022 - yil 1 - maygacha avtomobil yo‘llarini qurish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash obyektlarining interaktiv onlayn xaritasi-sxemasi ishlab chiqilib, platformaga joylashtiriladi.
2023 - yildan boshlab va keyinchalik har yili keyingi yilda qurilishi, rekonstruksiya qilinishi, ta’mirlanishi nazarda tutilgan barcha toifadagi yo‘l uchastkalarini xaritaga joylashtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Qarorga ko‘ra, “Ochiq byudjet” axborot portali orqali tuman (shahar)lar byudjetlari parametrlarida hududiy ichki yo‘llarini ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘lar jamoatchilik fikri asosida shakllangan ichki xo‘jalik yo‘llarni ta’mirlashga yo‘naltiriladi.
Bu bo‘yicha alohida nizom tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, jamoatchilik fikri asosida ichki yo‘llarni ta’mirlashda takliflarni qabul qilib olish har yili 10 - yanvargacha, bildirilgan takliflar orasidan g‘olib takliflarni ovoz berish yo‘li bilan aniqlab olish joriy yilning 31 - yanvariga qadar amalga oshiriladi.
Takliflarni yuborish hamda ovoz berish jarayonida voyaga etgan fuqarolar ishtirok etishlari mumkin.
Fuqarolar har yili ichki yo‘llarni ta’mirlashga doir faqat bitta taklifni kiritishi hamda bitta taklifga ovoz berishi mumkin. Fuqarolar o‘zlari tomonidan kiritilgan taklifga ovoz berishi taqiqlanadi.
Fuqarolar tomonidan tanlangan ichki yo‘llar axborot portalida avtomatik ravishda taklif sifatida shakllanadi va boshqa fuqarolarning ovoz berishi uchun imkoniyat yaratiladi.
Har bir tuman va shaharlarda bildirilgan takliflar bo‘yicha berilgan eng ko‘p ovozlar sonidan kelib chiqib, yuqoridan pastga qarab saralanadi.
G‘olib takliflar tuman (shahar) mahalliy byudjetlari parametrlarida hududiy ichki yo‘llarni ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘larning kamida 50 foizi doirasida takliflarni amalga oshirish qiymatini hisobga olgan holda avtomatik tarzda ketma-ketlik bo‘yicha aniqlanadi.
Qarorga ko‘ra shuningdek, 2022 - yil 1 - martgacha ichki xo‘jalik yo‘llarining joylashgan manzili (geopozitsiyasi), to‘liq nomi, uzunligi, holati (asfaltlangan, ta’mirtalab) va boshqa ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan Ichki xo‘jalik yo‘llari reestri shakllantiriladi.
2023 - yil 1 - yanvardan “Shaffof yo'l” platformasi to‘liq ishga tushiriladi.