2020 yilning 1 yanvaridan boshlab avtomobil transportida yo‘lovchilarni hamda yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini amalga oshrish uchun litsenziya va litsenziya kartochkalarini elektron shaklda rasmiylashtirish tizimi to‘liq ishga tushiriladi.
Endi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar litsenziya va litsenziya kartochkalarini olish uchun Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qilishlari lozim.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 iyuldagi 636-son qarori bilan tasdiqlangan “Avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash yuzasidan davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti” orqali avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni shaharda, shahar atrofida, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash jarayoni yanada soddalashtirildi. Ushbu ma’muriy reglamentga muvofiq endi yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar ko‘rsatiladigan davlat xizmatlaridan foydalanish uchun faqat joylardagi Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali murojaat qiladilar. Arizachilar va litsenziyalovchi organ o‘rtasidagi barcha ma’lumotlar almashinuvi to‘liq elektron ko‘rinishda amalga oshiriladi.
Ushbu jarayon orqali litsenziya talabgorlarining tumanlardan viloyat markazlaridagi transport boshqarmalariga va Toshkent shahriga kelib litsenziya va litsenziya varaqalari olish uchun murojaat etishdagi ortiqcha ovoragarchilik hamda moliyaviy harajatlarning keskin qisqartirilishiga erishiladi.
Bundan tashqari litsenziya va litsenziya varaqalari endi QR-kod bilan himoyalangan elektron ko‘rinishga o‘tkazildi. Ya’ni litsenziya va litsenziya varaqalarini maxsus blankada berish amaliyotidan to‘liq voz kechildi.
Ariza beruvchining litsenziya va litsenziya varaqalari olish uchun taqdim etadigan hujjatlari elektron ko‘rinishdagi ma’lumotnomalar bilan almashtirildi.
Endi hujjatlar davlat idoralari o‘rtasida elektron shaklda almashiladi.
Ushbu jarayon orqali esa arizachilardan litsenziya va litsenziya varaqalari olish uchun zarur hujjat nushalarini yoki boshqa vazirlik va idoralar tomonidan beriladigan hujjatlar to‘g‘risida ma’lumotlarni talab etmaslik imkoniyati yaratildi va talab qilinadigan hujjatlar ro‘yxati keskin qisqartirildi.
Ariza beruvchiga avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni tashishga litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi qaror ariza beruvchining so‘rovnomasi barcha zarur ma’lumotlar bilan birgalikda olingan kundan boshlab bir ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatda qabul qilinadi.
Ushbu tizimning yo‘lga qo‘yilishi bilan arizachilarga shaffof, tezkor va sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyati yaratiladi.
O'zbekiston Respublikasi Transport Vazirligi axborot xizmati