Ma'lumki, joriy yilning 27 aprel kuni Buxoro viloyatida bo'lib o'tgan kuchli shamol va yomg'ir oqibatida ijtimoiy soha ob'ektlari va qator turar-joy massivlari jiddiy zarar ko'rgan. Mamlakatimizning ko'plab tashkilotlari va korxonalari qatorida "O'zbekiston temir yo'llari" AJga qarashli Toshkent, Qarshi, Qo'qon, Buxoro va Termiz mintaqaviy temir yo'l uzellarining tarkibiy bo'linmalari xodimlari Buxoro viloyatining Olot va Qorako'l tumanlaridagi ta'mirlash ishlarida faol ishtirok etmoqda.
1340 nafardan ortiq ishchi-xizmatchilar, shu jumladan boshqaruv tarkibidan tashkil topgan shtab guruhi katta zarar yetkazilgan 15 ta ob'ektni tiklash ishlarida salmoqli hissa qo’shib kelmoqda. Asosiy ishlar zarar ko'rgan infratuzilma va aholi yashash uylarning yaroqsiz holga kelgan tom qismlarni demontaj qilish, shuningdek, tom qismni to’liq tiklash bo'yicha amalga oshirilmoqda.
- Bizning ish shtabimizga biriktirilgan ob'ektlarning bugungi kungacha tom qismlarni ta’mirlashda jami 34360 metr kvadratda 17896 dona shifer qo'ydi, 5962,5 metr stropila, 17434 metr reyka va yog’ochli ustunlar o’rnatildi, 3949 metr kvadrat profnastil yangilangan va metr 600 kvadrat polizol va bitum bilan qoplandi, - deydi Qarshi vagon deposining ishlab chiqarish bo'limi muhandis-quruvchi Shahboz Jo’raev. – Bundan tashqari, bizning ishchi-xodimlarimiz aholi istiqomat qiladigan uy-joylarning hovlisida shikastlangan devorlarni ham qurish va ta’mir ishlarini bajarmoqda.
Ta'kidlash joizki, mazkur xayriya ishlarda ishtirok etayotgan ishchilar uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Kuniga uch mahal issiq ovqat tashkil etilmoqda. Har bir temiryo’lchining salomatligi nazorat ostida, shu jumladan, koronovrus COVID-19 ni aniqlash uchun muntazam ravishda testlar o'tkazilmoqda. Quruvchilarning himoyasi uchun barcha zarur chora-tadbirlar qat'iy amalga oshirilmoqda. Ularning barchasi ishchi kiyimi va shaxsiy himoya vositalari bilan ta'minlangan, deb xabar beradi «O‘zbekiston temir yo‘llari» AJ matbuot xizmati.