Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Buxoroda avtobuslar harakati qayta tiklandi

Chop etish Sahifani ulashish
22.06.2020 8160 Yangiliklar

 

Bugun, 22 iyundan Buxoro viloyatidagi «sariq» va «yashil» toifasidagi hududlarda jamoat transporti (Damas va mikroavtobuslardan tashqari shahar va shahar atrofi yo‘nalishlari bo‘yicha avtobuslar) harakatiga ruxsat berildi.

Ruxsat berilgan transportlarga karantin talablariga qat’iy rioya etish belgilangan. Jumladan, avtokorxona tomonidan transport vositasini har bir qatnov oldidan va oxirgi bekatda, shuningdek, avtoshohbekatlarda to‘liq dezinfektsiya qilish, haydovchilarni tibbiy niqob va qo‘lqoplar bilan ta’minlash hamda ularning muntazam ravishda o‘z vaqtida almashtirib borish choralari ko‘riladi. Shuningdek, avtobus saloniga faqatgina tibbiy niqobdagi yo‘lovchilar kiritiladi.

Hozirda «qizil» toifadagi hudud hisoblangan Vobkent, G‘ijduvon va Shofirkon tumanlari bilan bog‘liq yo‘nalishlar harakatiga ruxsat berilmaydi. Yuqoridagilardan kelib chiqib, viloyatdagi avtobuslarda yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi avtotransport korxonalari rahbarlaridan ushbu talablarga qat’iy amal qilgan holda faoliyatni olib borishlari talab etiladi.

Viloyat transport boshqarmasi hamda Davlat sanitariya-epidemiologiya nazorat inspektsiyasi viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan mazkur talablarga rioya etilishi bo‘yicha doimiy nazorat tadbirlari o‘tkazib boriladi. Aniqlangan qoidabuzarliklar bo‘yicha qonuniy jazo choralari ko‘riladi.