Joriy yilning 28-29 may kunlari Toshkent shaxrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Ozarbayjon, Gruziya va Turkiya davlatlarining temir yo‘l administratsiya vakillari o‘rtasida CASCA+ transport yo‘lagi bo‘ylab yuk tashishlarni rivojlantirish bo‘yicha uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Mazkur uchrashuvda yirik eksport qiluvchi korxona vakillari ham ishtirok etdilar, xususan, Uzkimyoimpeks, Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, “UzAvtoSanoat” AJ, Toshkent quvur zavodi va boshqalar.
Uchrashuv davomida tomonlar CASCA+ transport yo‘lagini rivojlantirish maqsadida amalga oshirilishi kerak bo'lgan loyihalarni muhokama qildilar. Muhokama davomida CASCA+ transport yo‘lagi faoliyatini muvofiqlashtirish uchun “O’zbekiston temir yo’llari» AJ tomonidan konsorsium tashkil etish taklifi ilgari surildi, barcha temir yo'l ma'muriyatlari vakillari ushbu tashabbusni qo'llab-quvvatladilar va mazkur transport yo‘lagini yanada faol rivojlantirish maqsadida konsorsium uchun mutaxassislarni taqdim etishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Bundan tashqari CASCA+ yo‘lak bo‘yicha tez buziluvchi (meva-sabzavotlar) yuklarni refrijerator konteynerlarda tashishni yo‘lga qo‘yish va yo‘lakning sayt faoliyatini rivojlantirgan holda yo‘lak bo‘ylab harakatlanuvchi vagon va konteynerlar joylashuvini (dislokatsiyasini) onlayn tarzda kuzatish tizimini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Ta'kidlash joizki, 2024-yil 18-mart kuni O'zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati sohalarida investitsiyalar jalb qilish hamda eksportni ko‘paytirish masalalari bo'yicha videoselektor yig'ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev tez buziluvchi mahsulotlarni tashish uchun refrejirator konteynerlarni rivojlantirish muhimligiga e'tibor qaratgan edi.
*CASCA+ – Ozarbayjon, Gruziya, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Turkiya va O‘zbekiston davlat temir yo‘llari qo‘shma tashabbusi. Hozirda bu yoʻnalish uchta mintaqani qamrab oladi – Markaziy Osiyo (Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Turkmaniston), Janubiy Kavkaz (Ozarbayjon va Gruziya), Anadolu (Turkiya). Yo'nalish nomidagi "+" belgisi marshrut bo'ylab tashishdan manfaatdor bo'lgan yangi potentsial ishtirokchilarni qabul qilishga tayyorligini bildiradi, uning yakuniy maqsadi Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlari, xususan, Xitoyni Yevropa bilan bog'lashdir.