Davlatimiz Rahbari tomonidan 2024-yilning 16-yanvarida makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda belgilangan topshiriqlar ijrosi hamda “Transport vazirligi tizimida davlat byudjet tizimi byudjetlarining mablag‘larini maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan monitoring va nazorat tizimini o‘rnatish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori ijrosi yuzasidan bugun vazirlikda kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish vazir o‘rinbosari Ilhomjon Abdugafarov boshchiligida hamda O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi va Bosh prokuraturaning mas’ul xodimlari ishtirokida o‘tkazildi.
Tadbirda vazirlik tomonidan joriy yil 7 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar, byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali ishlatilishi ustidan monitoring va nazorat qilish, xato va kamchiliklarni oldini olish hamda bartaraf etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga yig‘ilishda Hisob palatasi xodimi Soxib Kenjayev so‘zga chiqib, hisobot davrida amalga oshirilgan ishlar, shu jumladan risk-tahlillar bo‘yicha o‘rganishlar o‘tkazilishi, xato va kamchiliklar oldi olinishi hamda bartaraf etilishi, Hisob palatasi tomonidan yuborilgan ko‘rsatmalar ijrosi, me’yoriy huquqiy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqilishi bo‘yicha ishlarni tanqidiy muhokama qilib, takomillashtirish bo‘yicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish lozimligini ta’kidlab o‘tdi.
Shuningdek, yig‘ilishda Hisob palatasi xodimi Nuriddin Imonqulov tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-iyuldagi “Byudjet mablag‘laridan foydalanish ustidan moliyaviy nazoratni kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-100-sonli Farmonining mazmun mohiyati yuzasidan vazirlik hamda uning tizim tashkilotlari rahbarlariga tushuntirishlar berildi.