Bugun, 27-iyun kuni Transport vazirligi majlislar zalida “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan muhokama yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda vazirlik markaziy apparati va idoraviy mansub tashkilotlar hamda soha korxonalari mas’ullari ishtirok etishdi. Davlat dasturida belgilangan vazifalarning o‘z muddatlarida va sifatli amalga oshirilishini ta’minlash bo‘yicha vazirlikning Muvofiqlashtiruvchi guruhi tashkil etilgan bo‘lib, topshiriqlar ijrosi yuzasidan monitoring ishlari muntazam ravishda olib borilmoqda.
Tahliliy ruhda o‘tgan yig‘ilishda joriy yilgi ustuvor vazifalarning ijrosi hamda 2024-yilning bugungi kun holatiga amalga oshirilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Davlat dasturiga ko‘ra, Transport vazirligiga 37 ta bandda 66 ta topshiriq yuklatilgan bo‘lib, shundan, 46 ta topshiriqda vazirlik asosiy ijrochi, 20 ta topshiriqda esa ham ijrochi hisoblanadi. 2024-yil 26 iyun holatiga jami 66 ta topshiriqdan 22 tasining ijrosi ta’minlangan.
Yig‘ilishni olib borgan vazir kotibiyati boshlig‘i A.Xujanov mamlakatimiz transport va yo‘l xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirish, sohada ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yangi bosqichga ko‘tarish orqali aholiga qulay shart-sharoitlarni yaratish borasida davlat dasturida belgilangan vazifalarning to‘liq, sifatli va so‘zsiz bajarilishini ta’minlash lozimligini ta’kidlab o‘tdi.
Bu borada mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.