31-iyul kuni Transport vazirligida Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi bilan hamkorlikda “O‘zbek tili sinonimlarining izohli lug‘ati”, “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”, “Davlat tilida ish yuritish” kitoblarining taqdimoti o‘tkazildi.
Uchrashuvda Transport vazirligi markaziy apparati, tarkibiy bo‘linmalarning xodimlari va soha tashkilotlarida rahbarning ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida faoliyat olib borayotgan mutaxassis xodimlar ishtirok etdi. Vazirlikning hududlardagi boshqarmalari xodimlari tadbirni masofadan videokonferensaloqa orqali kuzatdi.
Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish bo‘yicha tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Sohadagi islohotlar barcha vazirlik va idoralar faoliyatida to‘liq davlat tilida ish yuritilishini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
Tadbirga tashrif buyurgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamenti, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbek tilini rivojlantirish jamg‘armasi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti mutasaddi xodimlari davlat tilida ish yuritishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, bu borada xodimlar savodxonligini, ma’naviyatini yanada yuksaltirish masalalari bo‘yicha ma’ruza qildi.
Tadbir davomida ona tilimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lishga va kundalik hayotda so‘zlashish madaniyatiga e’tibor qaratishga undaydigan “Bekat” videoroligi namoyish etildi.