Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Doha – Toshkent – Doha yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yildi

Chop etish Sahifani ulashish
02.06.2024 2100 Yangiliklar

Qatar va O‘zbekiston munosabatlarida muhim bosqich ikki mamlakat poytaxti o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam havo qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

 

2-iyun kuni soat 10:28 da "Qatar Airways" aviakompaniyasining Toshkentga rejalashtirilgan birinchi reysi Doha aeroportidan uchib ketdi. O‘zbekiston poytaxtiga Airbus 320 samolyoti mahalliy vaqt bilan soat 13:30 da qo‘ndi. Parvoz vaqti 3 soatni tashkil qildi.

 

“Toshkent” xalqaro aeroportida yangi havo qatnovining ochilish marosimida “Uzbekistan Airports” aksiyadorlik jamiyati rahbari Javlonbek Umarxodjayev, “Toshkent” xalqaro aeroporti direktori Jasur Po‘latov, Fuqaro aviatsiyasi agentligi rahbari Tohir Nazarov, O‘zbekiston Transport vazirligi havo transporti boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Jamoliddin Nazarov, Qatar fuqaro aviatsiyasi departamenti boshlig‘i Mohamed Faleh Al-Hajri, "Qatar Airways" aviakompaniyasining Sharqiy hududlar bo‘yicha bosh vitse-prezidenti Marvan Koleylat, shuningdek, ikki mamlakat jurnalistlari va blogerlari ishtirok etdi.

 

“Bugun biz uchun eng yaxshi aviakompaniyalardan biri Toshkent aeroportiga muntazam reyslarni amalga oshira boshlagan muhim kun. Ikki davlat o‘rtasidagi havo qatnovi nafaqat A nuqtadan B nuqtaga parvozlar, balki o‘tgan yil oxiridagi oliy darajadagi ikki tomonlama tashriflardan so‘ng mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgan ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar rivojining muhim qismidir. O‘zbekiston Qatarni Yaqin Sharqdagi istiqbolli iqtisodiy hamkor deb biladi. O‘zaro munosabatlarni rivojlantirish uchun tomonlar Markaziy Osiyoni Fors ko‘rfazi mamlakatlari bilan bog‘laydigan eng qisqa, ishonchli va xavfsiz transport-logistika yo‘laklarini shakllantirishdan manfaatdor”, — dedi “Uzbekistan Airports” rahbari Javlonbek Umarxodjayev.

 

“Toshkent yo‘nalishlar tarmog‘imiz geografiyasini kengaytirishda yangi nuqtaga aylandi. Ishonchimiz komilki, ushbu yangi yo‘nalish nafaqat Qatar va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlaydi, balki biznes, turizm va madaniy almashinuvlar uchun ham keng eshiklarni ochadi. Doha – Toshkent – Doha yo‘nalishi bo‘yicha yo‘lovchi qatnovlari haftasiga to‘rt marta – dushanba, chorshanba, juma va yakshanba kunlari Airbus A320 samolyotlarida amalga oshiriladi. Kelgusida biz Toshkentga parvozlar chastotasini oshirish hamda Buxoro va Samarqandga reyslarni yo‘lga qo‘yishni ham ko‘rib chiqyapmiz”, — deya qo‘shimcha qildi sharqiy mintaqa katta vitse-prezidenti Marvan Koleylat.

 

"Qatar Airways" Qatarning milliy aviakompaniyasi bo'lib, bosh qarorgohi Dohada joylashgan. Aviakompaniya dunyoning 170 dan ortiq yo'nalishlariga parvoz qiladi. Qatar Airways ko‘plab nufuzli mukofotlarni qo‘lga kiritgan va Skytrax tomonidan yetti marta dunyoning eng yaxshi aviakompaniyasi deb topilgan.