Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Eksport rejalari va investitsiya loyihalarining bajarilishi tanqidiy tahlil qilindi

Chop etish Sahifani ulashish
14.10.2020 5304 Yangiliklar

 

14-oktyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi hamda Koreya Respublikasi bilan hamkorlikdagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar loyihalar ijrosini tanqidiy koʻrib chiqish, yangi oʻsish nuqtalarini belgilashga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.

Xitoy va Janubiy Koreya Oʻzbekistonning strategik sheriklaridir. Ikki davlat bilan ham oliy darajadagi tashriflar doirasida keng koʻlamli kelishuvlarga erishilgan, savdo, iqtisodiyot, investitsiya, gumanitar va boshqa sohalardagi loyihalarni qamrab olgan “yoʻl xaritasi” qabul qilingan.

Lekin koronavirus pandemiyasi barcha mamlakatlar iqtisodiyoti uchun kutilmagan sinov boʻldi. Karantin cheklovlari tashqi savdo aloqalarining qisqarishiga, transport qatnovlari kamayishiga, investitsiya loyihalari kechikishiga olib kelmoqda.

Davlatimiz rahbari 6-oktyabr kuni Koreya Respublikasi Prezidenti Mun Chje In bilan telefon orqali suhbatlashdi. Muloqotda qoʻshma dastur va loyihalarni tezlashtirish hamda ularni amalga oshirishda koʻmaklashish, kerak boʻlsa, imtiyozli kreditlarni oshirish yuzasidan kelishib olindi. Yil oxiriga qadar davlat rahbarlari ishtirokida onlayn sammit oʻtkazilishi belgilandi.

Xitoy bilan ham aloqalar izchil rivojlanmoqda. Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning mamlakatimizga boʻlajak davlat tashrifiga puxta tayyorgarlik koʻrilmoqda.

Shu yilning 8 oyi davomida Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasidagi savdo aylanmasi hajmi 4 milliard dollarga, Janubiy Koreya bilan 1,4 milliard dollarga yetdi.

Yigʻilishda Prezidentimiz bu davlatlar bilan hamkorlik boʻyicha imkoniyatlar koʻpligi, lekin hozirgi natijalar yetarli darajada emasligini taʼkidladi. “Yoʻl xaritalari” ijrosi oqsayotgani, ish tizimli olib borilmayotganini jiddiy tanqid qildi.

Bu yil ayrim sohalarda eksport koʻrsatkichlari pasaygan. Jumladan, Xitoyga oʻtgan sakkiz oyda toʻqimachilik sohasida 42,3 foizga, kimyo va neft-kimyo sanoatida 33,1 foizga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetkazib berishda 18,1 foizga kamaygan.

Shu davrda Janubiy Koreyaga eksport boʻyicha Surxondaryo, Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarida sustkashlikka yoʻl qoʻyilgan.

Yigʻilishda tarmoq va hudud rahbarlari eksportning ahamiyatini hanuzgacha chuqur tushunib yetmayotgani, ularning bu boradagi ish uslubi bugungi kun talabiga mutlaqo javob bermayotgani koʻrsatib oʻtildi.

– Har bir tarmoq va hudud rahbari oʻz mahsulotlarining raqobatdoshligini oshirish, tannarxini tushirish va ularni tashqi bozorlarga yetkazib berish boʻyicha yangi, samarali takliflar ishlab chiqib, bu masalalar bilan doimiy shugʻullanishi shart, – dedi Prezident. 

Xitoyning ochiq iqtisodiy siyosati va mamlakatimizning qulay geografik joylashuvidan samarali foydalanish, Janubiy Koreya bozoriga yuqori qoʻshimcha qiymatli mahsulotlarni aviatransport orqali tashish muhimligi aytib oʻtildi.

XXR va Koreya Respublikasi mamlakatimizning yirik investorlari ham hisoblanadi. Xususan, oxirgi uch yilda Xitoydan 3,9 milliard, Janubiy Koreyadan 850 million dollar sarmoyalar oʻzlashtirilgan.

Lekin ayrim investitsiya loyihalari ijrosi kechikmoqda.

Yigʻilishda shunday loyihalar tarmoq va viloyatlar kesimida tanqidiy muhokama qilindi. Muddatidan ortda qolayotgan yoki toʻxtab qolgan loyihalarni chuqur tahlil qilgan holda, ularni jadallashtirish va ishga tushirish choralari belgilandi. Shu bilan birga, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga Xitoy hamda Janubiy Koreyadan toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyalarni jalb qilishni koʻzda tutuvchi yangi loyihalarni shakllantirish zarurligi qayd etildi.

Transport, sogʻliqni saqlash, madaniy-gumanitar sohalardagi loyihalarning borishi ham koʻrib chiqildi.

Xitoy va Janubiy Koreya bilan keng qamrovli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, yangi yoʻnalishlar topish va qoʻshma loyihalarni amalga oshirish, ularning ijrosini nazorat qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.

– Bugun zamon oʻzgaryapti, talab oʻzgaryapti. Hamma tarmoqlar tahlil qilinmoqda. Ularni rivojlantirish boʻyicha qarorlar qabul qilyapmiz. Natija ham shunga mos boʻlishi kerak. Iqtisodiy barqarorlikning kafolati – eksport va investitsiya koʻrsatkichlarini oshirish, – deya taʼkidladi Prezident.

Videoanjuman koʻrinishida oʻtgan yigʻilishda Bosh vazir oʻrinbosarlari, vazirlar, hokimlar va Oʻzbekistonning chet mamlakatlardagi elchilari ishtirok etib, eksport va investitsiya loyihalaridagi qoloqlikni bartaraf etish choralari yuzasidan hisobot berdi.

Mutasaddilarga barcha qoʻshma loyihalarni tanqidiy koʻrib chiqqan holda, ularni tezlashtirish va belgilangan muddatlarda sifatli amalga oshirish boʻyicha yangilangan “yoʻl xaritalari” tayyorlash hamda kelgusi yil uchun yangi istiqbolli dasturlarni ishlab chiqish boʻyicha topshiriqlar berildi.