O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-iyundagi PF-94-son Farmoniga 5-ilova 8-bandida hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 10-oktabrdagi PQ-330-son qaroriga 1-ilovada belgilangan topshiriqlar ijrosi doirasida Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi xodimlari va Transport nazorati inspeksiyasining inspektorlarini Xalqaro muhandis-konsultantlar federatsiyasi (FIDIC) talablari asosida malakasini oshirish bo‘yicha o‘quv seminari boshlandi.
Transport vazirligi Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda tashkil etgan o‘quv seminar birinchi kunida loyihalarni, qurilish sohasidagi shartnomalarni FIDIC Xalqaro muhandis-konsultantlar federatsiyasi standartlariga muvofiq tuzish, bitimlarda ishlarning aniq hajmi, huquq va majburiyatlar, shuningdek, tomonlarning javobgarligi masalalari yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.
Xalqaro muhandis-konsultantlar federatsiyasi (FIDIC) doimiy ravishda investitsiya loyihalari ishtirokchilariga shartnomalarni tayyorlash va ishlarni tashkil qilishda yordam beradigan bir qator uslubiy qo‘llanmalar va tavsiyalarni tayyorlaydi, nashr etadi va tarqatadi. FIDICning andozaviy shartlari qurilish davrida uchraydigan deyarli barcha savollarga yoki muammoli vaziyatlarga javob beradi.
FIDIC metodikasi bo‘yicha tuzilgan shartnoma shartlarini mahalliy pudratchi va buyurtmachi o‘rtasidagi loyihalarda ham qo‘llash juda muhim sanaladi. Sababi, ushbu shartlar yordamida ish sifatini nazorat qilish, loyiha jarayonini boshqarish va moliyaviy jarayonni nazorat qilish orqali loyihalarni sifatli va o‘z belgilangan muddatida yakunlash mumkin.
FIDICni amalga oshirish protsedurasi va mexanizmlari xatarlar va xarajatlarni oldindan ko‘ra bilish, ularning oldini olish yoki ularni minimallashtirish, barqaror va sifatli ishlab chiqarish jarayonini yo‘lga qo‘yish imkonini berishi alohida seminarda alohida ta’kidlab o‘tildi.