Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Hududlarda jamoat transporti tizimini rivojlantirish masalalari yuzasidan davra suhbati o‘tkazildi

Chop etish Sahifani ulashish
23.05.2024 1520 Yangiliklar

2024-yil 23-may kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan “Hududlarda yo‘lovchi tashish transporti tizimi yo‘lga qo‘yilish holati va istiqboldagi rejalar” mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Transport vazirligi va uning huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi mutasaddi rahbarlari hamda OAV vakillari ishtirok etgan tadbirda ta’kidlanganidek, malakatimizda aholiga avtotransport xizmati ko‘rsatishni yaxshilash, jamoat transporti yo‘nalishlari tarmog‘ini kengaytirish va harakat tarkibini zamonaviy, ekologik toza avtobuslar bilan yangilash bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

 

Shuningdek, hududlarda yo‘lovchi tashish transporti tizimini kompleks rivojlantirish, yo‘lovchilarga sifatli va xavfsiz transport xizmatlarini ko‘rsatish, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish, xususan, sohani moliyalashtirish tizimi yanada takomillashtirilmoqda. Bu borada Prezidentimizning qator Farmon va qarorlari sohani yanada rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

 

Xususan, “Jamoat transporti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga muvofiq, avtobusda yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashuvchilar bilan hisob-kitoblar “bosib o‘tilgan yo‘l” va “sifat” mezonlari asosida amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, jamoat transportidan foydalanishda yo‘lovchilar uchun qulay tariflar, jumladan imtiyozli va bepul, cheklangan va cheklanmagan hamda rag‘batlantiruvchi tariflar belgilanganligi hamda avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi joriy etilganligi aholiga qulayliklar yaratish bilan birga jamoat transportidan foydalanish jozibadorligini oshirishga xizmat qilmoqda.

 

Davra suhbatida qayd etilganidek, bugungi kunda jamoat transporti muntazam ravishda zamonaviy avtobus va elektrobuslar bilan yangilab borilmoqda. Tadbirkorlarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida shahar jamoat transportiga mo‘ljallangan avtobuslar sotib olishda bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etildi. Sohada amalga oshirilgan ishlar natijasida jamoat transporti yetib bormagan 1 081 ta aholi punkti muntazam transport qatnovi bilan qamrab olindi.

 

Bundan tashqari, hududlarda jamoat transporti jozibadorligini oshirish, yo‘lovchilarga zamonaviy avtobuslarda xizmat ko‘rsatish maqsadida 2023-yilda respublika bo‘yicha 1 203 ta avtobus, 782 ta mikroavtobus xarid qilingan.

 

2024-yilda hududlarda 6 840 km umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari ta’mirlanishi rejalashtirilgan. Joriy yilning birinchi choragida 3 676,3 km qismi to‘liq ta’mirlanib, foydalanishga topshirilgan. Avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish va ta’mirlash bo‘yicha 40 dan ortiq standart va me’yoriy hujjatlar ilg‘or xorijiy tajriba asosida qayta ishlab chiqiladi. Sohada sifat nazoratini kuchaytirish maqsadida loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlash, yo‘l-qurilish ishlarini amalga oshirish, ularni qabul qilib olishda hajm va sifat ko‘rsatkichlarini nazarda tutadigan tizim joriy etiladi.

 

Davra suhbatida deputatlar aholining yo‘lovchi tashish xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘liq qondirish, qatnov muntazamligi, xavfsiz, sifatli va qulay transport xizmatlarini ko‘rsatish, transport infratuzilmasini yaxshilash, jamoat transporti harakati ustuvorligini ta’minlash borasidagi ishlarning yetarli emasligini tanqid ostiga olishdi.

 

Qizg‘in muhokamalarda aholiga transport xizmati ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish, jamoat transporti yo‘nalishlari tarmog‘ini kengaytirish va tizimdagi ko‘rsatkichlarni yanada oshirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ilgari surildi. Shuningdek, jamoat transport haydovchilarini tanlash, ularning malakasi va madaniyatini oshirish, hududlararo qatnovchi avtobuslarning grafikka amal qilgan holda harakatlanishini ta’minlash bo‘yicha ham takliflar berildi.

 

Yakunda muhokama etilgan masalalar yuzasidan kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi va tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.