Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida

Chop etish Sahifani ulashish
03.05.2022 6126 Yangiliklar

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Respublika iqtisodiyotida turizmni strategik darajaga ko‘tarish, ichki turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish va hajmini keskin ko‘paytirish, fuqarolarni mamlakatimizning turizm salohiyati bilan tanishtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, taqdim etilayotgan turizm xizmatlari sifatini yaxshilash va jahon bozorlarida raqobatbardoshligini oshirish, turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlik sub’ektlari uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, zamonaviy xizmatlar infratuzilmasini jadal rivojlantirish, shuningdek, aholini ish bilan ta’minlash va ularning daromad manbaini kengaytirish maqsadida:

1. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2022 yil 1 iyundan boshlab “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida:

jamoa shartnomalariga ish beruvchilar tomonidan xodimlar uchun yiliga bir marotaba mahalliy sayohatga chiqish imkonini yaratish qoidalari kiritiladi;

sayohat xarajatlarining bir qismi ish beruvchilarning byudjetdan tashqari jamg‘armalari mablag‘lari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplab beriladi.

2. Quyidagilar “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida ichki turizmni rivojlantirish uchun mas’ul etib belgilansin:

yoshlar, ayniqsa, ta’lim muassasalari o‘quvchi-talabalari uchun turizmning tarixiy bilim beruvchi, madaniy-ko‘ngilochar, ekstremal, ekologik, etno- va plyaj turizmi turlari bo‘yicha – Yoshlar ishlari agentligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi va Xalq ta’limi vazirligi;

mehnat, mahallalar jamoalari uchun turizmning ishbilarmonlik, ekstremal, ekologik, agro-, etno- gastronomik turlari bo‘yicha  O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi hamda Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi;

xotin-qizlar uchun turizmning ziyorat, ma’rifiy, ijtimoiy, madaniy-ko‘ngilochar, ekologik, etnoturizm turlari bo‘yicha – Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi;

faxriylar, nuroniylar va pensionerlar uchun turizmning ziyorat, tibbiyot, sog‘lomlashtirish turizmi turlari bo‘yicha – Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi va “Nuroniy” jamg‘armasi.

Mazkur mas’ul tashkilotlar o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha har yili ish beruvchilar bilan birgalikda xodimlar respublika bo‘ylab sayohatga chiqishi uchun sayohat grafiklarini tasdiqlashni hamda sayohatni amalga oshirishni ta’minlasin.

3. “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida ichki turizmni rivojlantirishni muvofiqlashtirib borish uchun mas’ul etib Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari belgilansin.

4. Turizm va madaniy meros vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining 2022 yil 1 sentyabrdan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari (keyingi o‘rinlarda – mahalliy turistlar) uchun “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida respublika hududlari bo‘ylab ichki sayohatlarni amalga oshirish xarajatlarining bir qismini qaytarish (“Cashback”) (keyingi o‘rinlarda – Sayohat xarajatlarini qaytarish) tartibini joriy etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

a) Sayohat xarajatlarini qaytarish ichki sayohatlarni rejalashtirish va mablag‘larni qaytarish hamda “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” dasturi doirasida taqdim qilinadigan chegirmalar, tayyor turistik paketlarni mustaqil shakllantirishni nazarda tutuvchi elektron platforma, shu jumladan, uning mobil ilovasi (keyingi o‘rinlarda – Platforma) orqali amalga oshiriladi;

b) Sayohat xarajatlarini qaytarish sayohat qilish davomida bir vaqtning o‘zida quyidagilar nazarda tutilganda amalga oshiriladi:

avia, temir yo‘l va (yoki) avtomobil transportidan foydalanish;

joylashtirish vositalari xizmatlaridan foydalanish;

madaniyat tashkilotlariga tashrif buyurish;

v) Sayohat xarajatlarini qaytarish har bir turistga quyidagi miqdorlarda amalga oshiriladi:

aviaqatnov orqali borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 150 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;

temir yo‘lda yoki avtobusda borib-kelish chiptasi narxining 15 foizi, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;

joylashtirish vositasida tunab qolish xarajatining 15 foizi, lekin 80 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;

teatr, muzey, sirk va badiiy galereyalarga har bir tashrif chiptasi narxining 50 foizi, lekin 20 ming so‘mdan oshmagan miqdorda;

g) sayohat xarajatlari faqatgina Platforma orqali amalga oshirilgan ichki sayohatlar uchun uning yakuni bilan mahalliy turistlarning bank kartalariga qaytariladi;

d) Platforma Davlat soliq qo‘mitasining maxsus mobil ilovasi (SoliqUz) bilan integratsiya qilingan holda, xarajatlar haqqoniyligi mobil ilova yordamida tekshirilib, xarid chekining matritsali shtrix kodini (QR-kod) hamda mahalliy turistlarning doimiy yashash joylarini ko‘rsatish orqali sayohatlar ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

5. Moliya vazirligi respublika byudjetining qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan sayohat xarajatlarini qaytarishni moliyalashtirish uchun joriy yilda jami 30 milliard so‘m, jumladan, uning birinchi bosqichini moliyalashtirish uchun bir hafta muddatda 10 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘larning Turizm va madaniy meros vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) ajratilishini ta’minlasin.

Turizm va madaniy meros vazirligiga Platformani ishlab chiqish bo‘yicha buyurtmachi bo‘lish, unga xizmat ko‘rsatish, uning faoliyatini takomillashtirib borish va doimiy ravishda texnik qo‘llab-quvvatlash funksiyalari yuklatilsin.

6. Quyidagilar:

a) Turizm va madaniy meros vazirligi (A.Abduxakimov):

2022 yil 1 sentyabrga qadar Platformani ishlab chiqish va ishga tushirish;

2022 yil 1 oktyabrga qadar joylashtirish vositalari, turoperator va turagentlar, gid (gid-tarjimon), yo‘riqchi-yo‘l boshlovchi va ekskursiya yetakchilari Platforma orqali o‘z xizmatlarini yo‘lga qo‘yishlari uchun barcha sharoitlarni yaratish;

turizm sohasi sub’ektlari o‘rtasida Platforma imkoniyatlarini doimiy targ‘ib qilib borish;

Platformaga xizmat ko‘rsatish va keyinchalik modernizatsiya qilish hamda doimiy ravishda texnik qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rish;

b) Transport vazirligi (I.Maxkamov):

Transport vazirligining “Uztrans” yagona interaktiv axborot tizimi, shuningdek, “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ, “Uzbekistan airways” AJ va boshqa yo‘lovchi tashish litsenziyasiga ega tashkilotlarning elektron chiptalarni xarid qilish portallarini Platformaga integratsiya qilish va doimiy ravishda uzluksiz faoliyat olib borishini ta’minlash;

temir yo‘l qatnovlari sonini ko‘paytirish va aholining sayohat qilishi uchun ularning qulay logistikasini yaratish;

Turizm va madaniy meros vazirligi hamda turoperator va turagentlar takliflariga asosan turizm salohiyati yuqori bo‘lgan tuman va shaharlarni o‘zaro bog‘lovchi temir yo‘l va avtobus qatnovlarini tezkorlik bilan yo‘lga qo‘yish;

v) Madaniyat vazirligi (O.Nazarbekov) va Madaniy meros agentligi (Sh.Nurulloyev) madaniyat tashkilotlari, shu jumladan, moddiy-madaniy meros ob’ektlari chipta chekining fiskal belgisini matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali Platformada ro‘yxatdan o‘tkazish uchun sharoit yaratish;

g) Davlat soliq qo‘mitasi (Sh.Kudbiyev) maxsus mobil ilova (SoliqUz)ni Platforma bilan integratsiya qilish, shuningdek, uning uzluksiz faoliyat olib borishi hamda xizmat ko‘rsatiladigan ob’ektlarda chipta chekining fiskal belgisini matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali Platformada ro‘yxatdan o‘tkazish uchun sharoitlar yaratilganligi holatini o‘rganish maqsadida muntazam profilaktika ishlari olib borilishini tashkil etish;

d) Adliya vazirligi (R.Davletov) “Fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlarining yagona elektron arxivi” axborot tizimini Platformaga integratsiya qilish va uzluksiz faoliyat olib borishi yuzasidan shaxsan mas’ul etib belgilansin.

7. Turizm va madaniy meros vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Suv xo‘jaligi vazirligining “O‘zbekiston turizm magistrali” turizm transport koridori (keyingi o‘rinlarda – Turizm transport koridori) bo‘ylab avtomagistral yo‘llari va yo‘l bo‘yidagi infratuzilma holatini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruhi takliflariga muvofiq, belgilangan tartibda Turizm transport koridori bo‘ylab yer uchastkalarini realizatsiya qilish va avtomagistral yo‘llari bo‘ylab zamonaviy standartlarga javob beradigan “Karvonsaroy”larni tashkil etish to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

8. Belgilansinki, Turizm transport koridori bo‘ylab turizm xizmatlari yo‘lga qo‘yiladigan ob’ektlar Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Qurilish vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan namunaviy loyihalar asosida barpo etiladi. Bunda:

har bir “Karvonsaroy”ning tashqi ko‘rinishi an’anaviy arxitektura va ushbu hududning o‘ziga xosligini inobatga olgan holda ishlab chiqilishi;

har bir “Karvonsaroy”da turizm xizmatlari, hunarmandchilik va mahalliy qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi, avtomobillarga, shu jumladan, elektromobillarga xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, avtoturargoh hamda zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalarining mavjud bo‘lishi;

“Yashil makon” umummilliy лoyиҳaси doirasida har bir “Karvonsaroy” atrofida daraxt va buta ko‘chatlarini ekish nazarda tutiladi.

9. Turizm va madaniy meros vazirligi Qurilish vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda zamonaviy “Karvonsaroy”larni tashkil etish bo‘yicha manzilli ro‘yxatni shakllantirsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

10. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Buxoro, Jizzax va Navoiy viloyatlari hokimliklari Turizm va madaniy meros vazirligi, Suv xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda tegishlicha Aqchako‘l, Ashshi ko‘l, Zikri ko‘li, Aydarko‘l, Tuzkon ko‘li va To‘dako‘l hududlarida hayvonot dunyosi ob’ektlarini muhofaza qilish maqsadida ularning yashash muhiti, xususan, asosiy to‘planish joyi sifatida belgilangan hududlarga kirmaydigan yer maydonlarida plyaj zonalarini tashkil qilish uchun yer uchastkalarini 10 yilgacha bo‘lgan muddatga belgilangan tartibda ijaraga berish choralarini ko‘rsin.

Belgilansinki, plyaj zonalari hududida ekologik va sanitariya talablariga javob beradigan yengil konstruksiyali bino va inshootlar barpo etiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Buxoro, Jizzax va Navoiy viloyatlari hokimliklari sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkazilayotgan qishloq xo‘jaligi yer maydonlarini realizatsiya qilishda qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi nobudgarchiligining o‘rnini qoplash bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlari yer maydoni ajratib beriladigan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan qoplanishini ta’minlasin.

Turizm va madaniy meros vazirligi Suv xo‘jaligi vazirligi va Qurilish vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda plyaj zonalarining batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqsin.

11. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari turizm sohasini rivojlantirishga doir loyihalarni samarali amalga oshirish maqsadida:

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda investorlar bilan muzokaralar o‘tkazish choralarini ko‘rsin;

Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligi bilan birgalikda ikki oy muddatda loyihalarni amalga oshirish uchun zarur yer uchastkalarini belgilangan tartibda investorlarga ajratib berish masalasini ko‘rib chiqsin;

Turizm va madaniy meros vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda 2023-2024 yillarda ichki turizm yo‘nalishi bo‘yicha hududlarda boshlanadigan yirik turizm loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qaror loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

12. Turizm va madaniy meros vazirligi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya, Xususiy turizm tashkilotlari uyushmasi hamda O‘zbekiston restoratorlari va otelerlari uyushmasining turizm xizmatlarini diversifikatsiya qilish maqsadida quyidagilarni nazarda tutuvchi tungi vaqtda (soat 18:00 dan 06:00 ga qadar) amal qiladigan mexanizmlarni joriy qilish va rivojlantirish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullansin:

maxsus tashkil etiladigan “turizm ko‘chalari”da joylashgan umumiy ovqatlanish korxonalari, ko‘ngilochar va savdo ob’ektlari, madaniyat tashkilotlari (keyingi o‘rinlarda – turizm namoyishi ob’ektlari) faoliyatini jamoat xavfsizligi va aholi osoyishtaligini ta’minlagan holda to‘sqinliksiz amalga oshirish;

turizm namoyishi ob’ektlarining uzluksiz faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash uchun zarur infratuzilma va muhandislik-kommunikatsiyalar tizimini yanada yaxshilash;

madaniy-ko‘ngilochar va konsert tomosha tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish uchun zarur sharoitlar yaratish;

maxsus avtobuslar (shuttle-bus) qatnovini yo‘lga qo‘yish;

turizm namoyishi ob’ektlarining faoliyat olib borishiga ruxsat berishning yagona tartibini joriy qilish va turizm namoyishi ob’ektlarini qo‘llab-quvvatlash tizimini yaratish.

13. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:

a) tungi vaqtda faoliyat olib boruvchi turizm namoyishi ob’ektlarining uzluksiz faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash uchun davlat tomonidan quyidagilar amalga oshiriladi:

faoliyat yuritayotgan turizm namoyishi ob’ektlari atrofi uzluksiz yoritilishi ta’minlanadi, shu jumladan, mazkur hududlar energiya tejovchi texnologiyalar va qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan jihozlanadi;

turizm namoyishi ob’ektlari “Xavfsiz shahar” konsepsiyasiga integratsiya qilinadi;

“turizm ko‘chalari”da jamoat xavfsizligi normalari va talablari doirasida “xavfsizlik chaqiruv tugmalari” o‘rnatiladi hamda “Wi-Fi” zonalari tashkil etiladi;

b) tungi vaqtda faoliyat olib borayotgan turizm namoyishi ob’ektlariga:

ob’ektlarning ichki qismi, xizmat ko‘rsatish xonalari, kirish va chiqish, shu jumladan, favqulodda vaziyatlar yuz bergan taqdirda harakatlanish va fuqarolarni evakuatsiya qilish joylarida ma’lumotlarni kamida o‘ttiz kun davomida saqlash imkonini beruvchi videokuzatuv tizimini o‘rnatish va “Xavfsiz shahar” konsepsiyasiga integratsiya qilish;

binolarning yon-atrofi, avtoturargoh va ularga tegishli boshqa hududlarni kamida 10 metr masofada yoritish;

ob’ektlarni to‘liq tovush o‘tkazmaydigan tarzda jihozlash. Bunda, tungi vaqtda musiqa va tovush kuchaytirgich asbob-uskunalaridan aholining tinchligini buzmagan holda foydalaniladi;

ob’ektlarni yong‘in o‘chirish vositalari, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur dori vositalari va tibbiy buyumlar to‘plamiga ega tibbiy yordam qutichalari bilan ta’minlash;

binoning barcha uchun ko‘rinarli joylarida yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlar yuz bergan taqdirda harakatlanish va fuqarolarni evakuatsiya qilish chizmasi hamda tezkor va qutqaruv xizmatlarining telefon raqamlari aks ettirilgan ma’lumotlarni aks ettirish talabi belgilanadi.

Davlat organlariga belgilangan tartibda tungi vaqtda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatiga asossiz aralashish, ular faoliyatiga byurokratik to‘siqlar qo‘yish bilan bog‘liq bo‘lgan har qanday harakatlar taqiqlansin.

Turizm va madaniy meros vazirligi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy gvardiya hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda zaruratga qarab, har bir hududda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 yanvardagi PQ-104-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus xizmat ko‘rsatish ko‘chalariga aylantiriladigan markaziy ko‘chalar ro‘yxatida keltirilgan ayrim ko‘chalarda maxsus “turizm ko‘chalari”ni tashkil etsin va ushbu ko‘chalarda tungi vaqtda turizm namoyishi ob’ektlarining faoliyat olib borishini ta’minlasin.

14. Ichki turizmni diversifikatsiya qilish dasturi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 9 fevraldagi PF-6165-son Farmoni bilan tasdiqlangan Transport-logistika masalalarini tezkor ko‘rib chiqish bo‘yicha idoralararo komissiya (A.Abduxakimov, S.Umurzakov) ikki hafta muddatda:

Farg‘ona va Samarqand, Farg‘ona va Buxoro, Farg‘ona va Termiz hamda Farg‘ona va Urganch shaharlari orasida aviaqatnovlarni qayta yo‘lga qo‘yish masalasi ko‘rib chiqilishini;

Farg‘ona – Mo‘ynoq – Farg‘ona yo‘nalishida aviaqatnovlar tashkillashtirilishini ta’minlasin.

16. 2022 yildan boshlab iyul oyida “Yoshlar turizmi oyligi”, 2023 yildan boshlab esa yanvar oyining birinchi dekadasi va mart oyining uchinchi dekadasida – “Yoshlar turizmi haftaligi”ni o‘tkazib borish yo‘lga qo‘yilsin.

Belgilansinki:

a) “Yoshlar turizmi oyligi” va “Yoshlar turizmi haftaligi” doirasida o‘quvchi, talaba va yoshlarning sayohat guruhlarini tashish maxsus jihozlangan xizmat avtomobillarida ichki ishlar organlari hamrohligida Ichki ishlar vazirligi Maxsus byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi;

b) “Yoshlar turizmi oyligi” doirasida “Yoshlar turizmi” qurultoyi tashkil etiladi. Bunda:

respublikaning har bir hududidan 50 nafar iqtidorli, ijtimoiy himoyaga muhtoj, shu jumladan, nogironligi bo‘lgan hamda “Yoshlar daftari”ga kiritilgan o‘quvchi, talaba va yoshlar jalb qilinadi;

kitobxonlik kunlari, milliy va etnosport turlari bo‘yicha sport musobaqalari hamda madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar tashkil etiladi;

yuqori natijalarga erishgan hamda yoshlarga o‘rnak ko‘rsatadigan sportchilar va murabbiylar hamda san’at va madaniyat, ilm-fan va biznes sohalarining namoyandalari ishtirokida “mahorat darslari” o‘tkaziladi;

yoshlar uchun biznesni tashkil qilish, hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash bo‘yicha davra suhbatlari tashkil etiladi;

yoshlar bilan taniqli teatr va kino ijodkorlarining ijodiy muloqotlari uyushtiriladi;

“Yoshlar turizmi” qurultoyi tashkil etiladigan va unga yaqin hududdagi (viloyat, shahar) turizm namoyishi ob’ektlariga sayohatlar tashkil etiladi;

“Yoshlar turizmi” qurultoyini tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlar Jamg‘arma mablag‘lari hamda qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi;

v) Turizm va madaniy meros vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari “Yoshlar turizmi” qurultoyini yuqori saviyada o‘tkazishga mas’ul hisoblanadi.

17. Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari:

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan birgalikda uch oy muddatda tashkilot va idoralarga biriktirilgan muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarni dinlar tasnifi bo‘yicha (islomiy obidalar, yahudiylik, xristianlik, buddaviylikka oid ziyoratgohlar va boshqalar) to‘liq xatlovdan o‘tkazsin;

moddiy madaniy meros ob’ektlarini xalqaro standartlar asosida xatlovdan o‘tkazsin;

2022 yil 1 sentyabrga qadar respublikadagi Muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlarning ro‘yxatini shakllantirsin va “Uzbekistan.travel” yagona milliy turistik axborot portaliga joylashtirsin;

Xususiy turizm tashkilotlari uyushmasi bilan birgalikda Muqaddas qadamjolar va ziyoratgohlar ro‘yxatidagi ob’ektlarning respublika hududlarining “chorlov nuqtasi” sifatida turizm yo‘nalishlariga kiritilishini va keng targ‘ib qilinishini ta’minlasin.

18. Vazirlar Mahkamasi:

a) bir oy muddatda Toshkent shahrining turizm infratuzilmasini rivojlantirish orqali, uni mintaqaviy turistik markazga aylantirish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi qaror loyihasining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritilishini ta’minlasin:

yirik ko‘ngilochar va turizm ob’ektlarini (akvapark, safari park, astronomiya va gul bog‘i) qurish bo‘yicha yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish, shu jumladan, ularning moliyaviy manbaini aniqlash;

Toshkent shahridagi yirik muzeylar va O‘zbek davlat sirkini rekonstruksiya qilish, zamonaviy axborot texnologiyalari asosida interaktiv xizmatlarni yo‘lga qo‘yish, muzeylarning arxiv fondini tartibga solish;

Toshkent shahrida 2022-2024 yillarda tashkil etiladigan madaniy-ko‘ngilochar tadbirlar va festivallar, shu jumladan, xalqaro tadbirlar kalendar rejasini belgilash;

Toshkent shahrining zamonaviy va taniqli turistik brendini ishlab chiqish va uni targ‘ib qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni tasdiqlash;

b) ikki oy muddatda respublikada yangi dor yo‘llarini tegishli xavfsizlik darajasini ta’minlagan holda qurish va jihozlashni jadallashtirish bo‘yicha dasturni tasdiqlasin. Bunda, dor yo‘llarini qurish uchun yuqori salohiyatga ega hududlarni aniq belgilash va tashabbuskorlarga kredit mablag‘lari ajratish nazarda tutilsin.

19. Turizm va madaniy meros vazirligi (A.Abduxakimov) Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (I.Norqulov) bilan birgalikda maxsus soliq rejimi joriy etilgan 28 ta tuman va shaharning 135 ta mahallasi kesimida turizmni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritalari”ni tasdiqlab, ularning ijrosi bo‘yicha har oyda Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin. Bunda:

Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi (I.Norqulov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu tuman va shaharlarning mahallalarida infratuzilmani rivojlantirish loyihalarini amalga oshirsin;

Moliya vazirligi (T.Ishmetov) joriy yilda ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun respublika byudjetidan 250 milliard so‘m ajratsin.

20.  Belgilansinki:

2022 yil 1 iyuldan boshlab “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlog‘i” yoki “Turizm ovuli” maqomi berilgan fuqarolar yig‘inlari hududlarida mehmon uylari, ovqatlanish, ko‘ngilochar joylar tashkil etgan tadbirkorlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 27 yanvardagi “Xizmatlar sohasini rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-104-son qarori 2-bandining “a” va “v” kichik bandlarida nazarda tutilgan soliq imtiyozlari va qoidalari tatbiq etiladi;

oilaviy mehmon uylarini ta’mirlashga 100 million so‘mgacha, mebel, maishiy texnika va boshqa buyumlar bilan jihozlashga 50 million so‘mgacha hamda suzish havzalarini tashkil etishga 200 million so‘mgacha loyihalarni moliyalashtirish uchun tadbirkorlarga kreditlar beriladi.

Bunda, Moliya vazirligi (T.Ishmetov) mehmon uylarini tashkil etish va ularni ta’mirlash maqsadida 2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining respublika byudjetidan aholini uy-joy bilan ta’minlash dasturlarini moliyalashtirish uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan 100 milliard so‘m miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltirilishini ta’minlansin.

21.  Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (A.Voitov) Markaziy bank (B.Zoxidov) hamda Turizm va madaniy meros vazirligi (B.Shaxriyorov) bilan birgalikda turizm sohasidagi loyihalarni amalga oshirish, shu jumladan, joylashtirish vositalari va yirik ovqatlanish shoxobchalari hududlarida zamonaviy suzish havzalarini barpo etish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 19 apreldagi “Hududlarda tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-212-son qarorida nazarda tutilgan mablag‘larning 50 million AQSH dollarini yo‘naltirsin.

Turizm va madaniy meros vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki hafta muddatda joylashtirish vositalari va yirik ovqatlanish shoxobchalari hududlarida zamonaviy suzish havzalarini barpo etish bo‘yicha manzilli loyihalarni shakllantirib,
Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritsin.

22. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi 2022 yil 1 dekabrga qadar ov turizmini rivojlantirish maqsadida tashabbuskorlarni jalb qilgan holda ov xo‘jaligining tegishli infratuzilmasini (qirg‘ovulxona, hayvonlar boqish joyi) birinchi navbatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Navoiy, Jizzax va Sirdaryo viloyatlarida joriy qilish choralarini ko‘rsin.

23. Turizm sohasini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun:

Markaziy bank (B.Zoxidov) tijorat banklari bilan birgalikda bir oy muddatda 1 trillion so‘m miqdorida kredit resurslarining;

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (Sh.Vafoyev) 2022 yilning yakuniga qadar 100 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘larning jalb qilinishini ta’minlasin.

24. Turizm va madaniy meros vaziri o‘rinbosarlari:

B.Shaxriyorov – investitsiya dasturi ijrosini ta’minlash, yangi ish o‘rinlarini tashkil etish, turizm infratuzilmasini, turistik-rekreatsion zonalar va klasterlarni rivojlantirish, Sayohat xarajatlarini qaytarish tartibini joriy etish, vazirlikning moliya va buxgalteriya masalalari;

B.Ibragimov – tashqi, ziyorat va ichki turizm oqimlarini oshirish, ommaviy tadbirlarni tashkil etish va xalqaro hamkorlikni rivojlantirish masalalari;

N.Zikrillayev – ta’lim, turizm sohasini raqamlashtirish, metodologiya va nodavlat notijorat tashkilotlar bilan ishlash, litsenziyalash, sertifikatlashtirish va standartlashtirish masalalari bo‘yicha mas’ul etib belgilansin.

Bosh vazir o‘rinbosari A.Abduxakimov uch kun muddatda turizm va madaniy meros vaziri o‘rinbosarlarining o‘zlariga yuklatilgan vazifalari bo‘yicha 2022 yil davomida oyma-oy amalga oshiriladigan tadbirlarni nazarda tutuvchi ish rejasi va maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlanishini ta’minlasin.

25. Hisob palatasi madaniy meros ob’ektlarining xatlovdan o‘tkazilishi va mazkur qarorga muvofiq beriladigan imtiyoz va kreditlarning belgilangan tartibda ajratilishini nazorat qilib borsin.

26. Turizm va madaniy meros vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

27. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 2-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.

28. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh.Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

           Prezidenti                                                          Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri, 

2022 yil 30 aprel