Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Ichki turizm rivojiga xizmat qiluvchi yangi vertolyotlarning taqdimoti o‘tkazildi

Chop etish Sahifani ulashish
31.07.2021 6661 Yangiliklar


2021 - yil 31 - iyul kuni “Uzbekistan Helicopters” MChJ "Uzbekistan Airways Technics" samolyot-ta’mirlash majmuasida AIRBUS H-125 va MI-8MTV vertolyotlari taqdimotini o‘tkazdi.

Davlatimiz rahbari turizm infratuzilmasini rivojlantirish loyihalari taqdimotlari bilan tanishar ekan, mamlakatimiz hududlarining transport logistikasini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega ekanini, bu yurtimizning sayyohlik salohiyatini oshirishga imkon berishini bir necha bor ta’kidladi. Shu munosabat bilan sotib olingan yangi vertolyotlar Prezident tomonidan belgilangan ichki turizmni rivojlantirish vazifalarini samarali hal etish imkonini beradi.

“Uzbekistan Helicopters” aerovizual parvozlar bo‘yicha xizmatlarni taqdim etadi, shuningdek, eng murakkab qurilish loyihalarining montaj ishlarini bajarish, yirik hajmli yuklarni tashish, tog‘larga turistik ekskursiya parvozlarni va O‘zbekistonning tarixiy shaharlari bo‘ylab yo‘lovchilarni tashishni ham amalga oshiradi.

Ta’kidlash joizki, “Uzbekistan Helicopters” jamoasi uchun parvozlar xavfsizligi ustuvor yo‘nalish hisoblanadi. Buning uchun tashkilotda professional uchuvchilar va muhandis-texnik tarkib shakllantirilgan, moddiy-texnik baza muntazam ravishda modernizatsiya qilib borilmoqda.

Masalan, AIRBUS H-125 vertolyoti yuqori baland tog‘ va issiq iqlim sharoitlarida foydalanishga moslashtirilgan va tashqi ilgakka osgan holda 1400 kilogrammgacha yukni olib keta oladi. Shuningdek, aviatransport kuzatuv-qutqaruv operatsiyalarini amalga oshirish, yirik yong‘in maydonlarini o‘chirish, yuklarni ko‘tarish, hosilni changlatish, elektr uzatish tarmoqlarini yuqoridan kuzatish, aerovideo tasvirga olish, parashyutda sakrash, geologik qidiruv kabi keng ko‘lamli vazifalarda samarali qo‘llaniladi.

Bugungi kunda “Uzbekistan Helicopters” MChJ uchuvchilari muhandislar va texniklar bilan hamkorlikda yangi AIRBUS H-125 va MI-8MTV vertolyotlarini ekspluatatsiya qilish bo‘yicha tajriba va malakalarini mustahkalashmoqda.

Taqdimotda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari, turizm va sport vaziri Aziz Abduhakimov bugungi kunda mamlakatimizda turizm sohasiga qaratilayotgan e’tibor haqida gapirib, turizm infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan bunday loyihalarning amalga oshirilishi yaqin istiqbolda mamlakatda ichki turizni rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Tadbir doirasida turizm sohasi vakillari, OAV xodimlari va blogerlar to‘rtta yangi vertolyot bilan yaqindan tanishishdi va Toshkent-Beldersoy-Amirsoy-Chimyon yo‘nalishi bo‘ylab maxsus tanishuv parvozini amalga oshirishdi.