O‘zbekiston hukumati va Jahon banki o‘rtasida maslahat xizmatlari to‘g‘risida bitim imzolandi. Bundan ko‘zlangan maqsad mamlakatimiz fuqaro aviatsiyasini modernizatsiya qilishga ko‘maklashishdan iborat.
Bu tomonlar o‘rtasidagi ikkinchi kelishuvdir. Dastlabki muzokaralar natijasida erishilgan bitimga ko‘ra, bank 2019 yil avgustida maslahat xizmatlari ko‘rsatishni yakunlagan.
Yangi kelishuvlar Jahon bankining fuqaro aviatsiyasi bo‘yicha milliy siyosatni va turli segmentlarning rivojlanish strategiyasini ishlab chiqishda hukumatga ko‘rsatadigan yordamini o‘z ichiga oladi. Ushbu jarayon O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi, Fuqaro aviatsiyasi agentligi, “Uzbekistan Airways” AJ, “Uzbekistan Airports” AJ va boshqa manfaatdor vazirlik, idoralar bilan yaqin hamkorlikda amalga oshiriladi.
– Xavfsiz, ishonchli va samarali aviatsiya sohasi mamlakatda savdo, biznes va turizmni rivojlantirishda muhim omil hisoblanadi – deydi Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori. – Biz hukumat bilan bu yo‘nalishdagi hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ishonamanki, munosabatlarimiz O‘zbekiston iqtisodiyotining yanada o‘sishiga, rivojlanishiga xizmat qiladi.
2017 yilda islohotlar dasturi amalga oshirila boshlangandan buyon Jahon banki O‘zbekistonga moliyaviy va texnik yordam ko‘lamini kengaytirib kelmoqda. Ayni paytda bankning mamlakatdagi investitsiya portfeli umumiy qiymati 3,5 milliard dollarga teng. Tuzilma mavjud 21 ta loyiha asosida makroiqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, energetika, transport, sog‘liqni saqlash, ta’lim tizimi, suv ta’minoti va sanitariya, aholini ijtimoiy himoya qilish, shuningdek, shahar va qishloq infratuzilmasini rivojlantirishga hissa qo‘shmoqda.
O'zbekiston Respublikasi Transport Vazirligi axborot xizmati