O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 14-iyundagi “Ma’muriy islohotlar doirasida transport sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-94-son Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 8-avgustdagi 488-son “Kemalarni xususiy sektor tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorning asosiy maqsadi O‘zbekiston Respublikasining ichki kema yo‘llarida va suv havzalarida foydalanishda bo‘lgan kemalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazishda davlat ishtirokini kamaytirish va bu sohada xususiy sektorni jalb etish hisoblanadi.
Qaror bilan tasdiqlangan Nizomda kemalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun tadbirkorlik subyektlarini tanlash tartibi, tadbirkorlik subyektlariga vakolatlarni berish va ishlarni amalga oshirish tartibi hamda faoliyatni amalga oshirish uchun tadbirkorlik subyektlarining majburiyati, huquqlari va javobgarligi belgilangan.
Transport vazirligi huzuridagi Transport nazorati inspeksiyasining suv transportida nazorat bo‘limi Kemachilik registri bosh inspektorlari hamda tadbirkorlik subyektlari tomonidan kemalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish, tadbirkorlik subyektlariga kemalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish bo‘yicha vakolatlarni berish, kemalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi hamda tadbirkorlik subyektlari tomonidan texnik ko‘rik o‘tkazish ishlarini tashkil etilganligini monitoringini yuritish tartibi, shuningdek, tadbirkorlik subyektlari tomonidan kemalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish davrida muntazam qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yilganda yoki bir marta qo‘pol ravishda buzilganda vakolatli organga xulosa taqdim etilishi belgilanmoqda.
Qaror bilan Transport nazorati inspeksiyasiga:
kemalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish istagini bildirgan tadbirkorlik subyektlarining imkoniyatiga baho berish va xulosa tayyorlash;
tadbirkorlik subyektlari tomonidan kemalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish;
texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan kemalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kema reestriga kiritib borish;
tadbirkorlik subyektlarining kemalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish ishlarini monitoring qilish vazifalari belgilab qo‘yildi.