Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Kiberjinoyatchilikning oldini olish – dolzarb vazifa

Chop etish Sahifani ulashish
17.07.2024 1415 Yangiliklar

Bugungi kunga kelib, kiberjinoyatchilikning oldini olish, bu boradagi targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, aholining bilim va tushunchalarini boyitish dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Sababi yil sayin axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalangan holda sodir etilayotgan jinoyatlar ko‘rsatkichi butun dunyoda ortib bormoqda.

 

Respublikamiz bo‘ylab o‘tkazilayotgan “Kibermadaniyatni yuksaltirish oyligi” doirasida bugun Transport vazirligida targ‘ibot tadbiri tashkil etildi. Tadbirda vazirlik markaziy apparati, tizim tashkilotlari va soha korxonalari xodimlari ishtirok etishdi.

 

Markaziy bankning “CERT-CBU” Kiberxavfsizlik markazi mutaxassislari ishtirokida tashkil etilgan tadbirda fuqarolarning kiberjinoyatlar qurboniga aylanishining oldini olish, yoshlarning kiber olamdagi tahdidlarga nisbatan bilim va tushunchasini oshirish masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

 

Ochiq muloqot tarzida kechgan uchrashuvda mutaxassislar tomonidan xodimlarga o‘z shaxsiy ma’lumotlari, bank plastik karta kodlari va boshqa muhim ma’lumotlarni sir saqlash lozimligi, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlar orqali jo‘natilayotgan soxta havolalar va yolg‘on qo‘ng‘iroqlar hamda shubhali ilovalardan ehtiyotkor bo‘lish lozimligi ta’kidlab o‘tildi.

 

Kiber jinoyatlar va ularning oqibatlari to‘g‘risida mutaxassislar tomonidan batafsil ma’lumot berildi. Jarayon so‘ngida moliyaviy zarar etkazuvchi firibgarlardan ogoh bo‘lish kerakligi uqtirilib, bu ma’lumotlarni o‘z yaqinlariga ham etkazish maqsadga muvofiq ekanligi aytildi.