O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan Transport vazirligi Yuridik boshqarmasi tomonidan ma’naviy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
Vazirlik markaziy apparati, hududiy transport boshqarmalari hamda tizim tashkilotlari xodimlarining bevosita ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirda Bosh Qomusimiz mazmun-mohiyati va uning ijtimoiy hayotdagi ahamiyati haqida so‘z bordi.
Bugungi kunda Bosh qomusimiz mamlakatimizda suveren demokratik davlat barpo etish, inson manfaatlari, huquq va erkinliklarini ta’minlash, iqtisodiyotimiz rivoji va turmushimiz farovonligini yuksaltirishning asosiy huquqiy kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda.
Transport vazirligi Yuridik boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Amriddin Omonturdiev ta’kidlaganidek, Konstitutsiyaning muhim jihati, unda inson huquqlari eng oliy qadriyat sifatida e’tirof etilganidir. Zero, Bosh Qomusimizning barcha tamoyillari, avvalo, inson va fuqarolar huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan bo‘lib, davlatning majburiyati ushbu huquq va erkinliklarni ta’minlashda aks etadi.
Tadbirda ishtirok etgan yuridik fanlar nomzodi, birinchi darajali adliya maslahatchisi Dilbaxor Yakubova Konstitutsiyamizning yaratilish tarixi, uning demokratik-huquqiy davlat barpo etish va inson manfaatlarini ta’minlashdagi ahamiyati, Bosh Qomusimizning haqchilligi, xalqaro huquq normalariga to‘la mos ekanligi haqida atroflicha ma’lumot berdi.