Virtual qabulxona

Ishonch telefoni:
71-202-22-55 (1167)

Konstitutsiya - baxtimiz poydevori

Chop etish Sahifani ulashish
06.12.2023 2241 Yangiliklar

Joriy yilning 8-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganiga 31 yil to‘ladi. Sana munosabati bilan Transport vazirligi markaziy apparatida “Konstitutsiya - baxtimiz poydevori” mavzusida huquqiy maʼrifiy tadbir o‘tkazildi.

 

Asosiy qonunimizda belgilangan demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalari xususida yana-da chuqurroq tushunchaga ega bo‘lish maqsadida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi aʼzolari Sh.Buranov, M.Valiyev, Toshkent davlat yuridik universiteti Ekologiya huquqi kafedrasi mudiri, yuridik fanlari doktori, professor G.Uzakova hamda dotsent, yuridik fanlari nomzodi M.Mirzaabdullayeva ishtirok etdi.

 

Tadbirda yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning mazmun-mohiyati va ahamiyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi. Jumladan, Konstitutsiya takomillashtirilishi jarayoni, bunda xalqimizning faol ishtiroki, isloh qilingan Bosh qomusimizdan o‘rin olgan yangi normalar va ularning hayotimizdagi ulkan ahamiyati xususida so‘z yuritildi. Taʼkidlash joizki, yangi tahrirdagi Konstitutsiya inson huquq va erkinliklarining mustahkam huquqiy asosi bo‘ldi. 65 foizga yangilangan Bosh qomusimizning normalari 275 tadan 434 taga ortdi. Unda davlatning ijtimoiy sohadagi majburiyatlari bilan bog‘liq normalar soni 3 barobar ko‘paydi.

 

Tadbirda so‘zga chiqqanlar isloh etilgan Asosiy qonun mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyasi, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolat yaratganini alohida eʼtirof etdi.

 

Ochiq muloqot tarzida tashkil etilgan tadbir davomida qatnashchilarni qiziqtirgan savollariga batafsil javoblar qaytarildi. Shuningdek, «Mening Konstitutsiyam 31 yoshda» shiori ostida «Mening Konstitutsiyam va davlat tilim» mavzusida tashkil etilgan diktantda yuqori natija qayd etgan xodimlar vazirlik Birlashgan kasaba uyushmasi qo‘mitasi tomonidan taqdirlandi.