Bugun, 22-sentabr kuni Transport vazirligida Litva Republikasi Tashqi ishlar vazirligi delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Transport vaziri o‘rinbosari Abdusamat Mo‘minov hamda Litva tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Mantas Adomenas rahbarligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda transport sohasidagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Har ikki tomon vakillari mamlakatlarimiz o‘rtasida transport va logistika yo‘nalishida hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish uchun barcha sharoitlar mavjud ekanligini, imkoniyatlardan samarali foydalanish har ikki tomon uchun ham manfaatli ekanligini alohida ta’kidlab o‘tishdi.
Uchrashuvda tomonlar joriy yil yakuniga qadar xalqaro avtomobil tashuvlari masallari bo‘yicha qo‘shma komissiya yig‘ilishini o‘tkazishga, 2023 - yilning birinchi yarimida Litva transport va kommunikatsiya vazirining Toshkentga tashrifini tashkil etishga kelishib olishdi.
Shuningdek, uchrashuvda milliy tashuvchilarga viza tartibini soddalashtirish bilan bog‘liq masalalar muhokama etildi. Uchrashuv yakunida tomonlar muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab oldilar.