Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining VI Maslahat uchrashuvi arafasida 2024-yil 8-avgust kuni Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari transport vazirlarining ikkinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston transport vazirlari ishtirok etdi.
Uchrashuvda vazirlar tranzit yo‘laklari, temir yo‘l va avtomobil tashuvlari, shuningdek, havo transporti sohalaridagi hamkorlikning dolzarb masalalarini muhokama qildilar. Mamlakatlarning avtomobil va temir yo‘llarni qurish, yangilarini ochish va xalqaro havo qatnovi tarmog‘ini kengaytirishga qaratilgan transport o‘zaro bog‘liqligini rivojlantirish siyosatiga alohida e’tibor qaratildi.
Tadbir yakunida tomonlarning hamkorlikni yanada mustahkamlash niyatlari mustahkamlangan Ostona kommyunikesi imzolandi.
Bundan tashqari, vazirlar investitsiyalarni jalb qilish uchun qulay muhit yaratish, infratuzilmani rivojlantirish va transport-logistika markazlari faoliyatini tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish doirasida mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikka qaratilgan Memorandumni imzoladilar.
Memorandumning imzolanishi 2023-yilda Dushanbe shahrida imzolangan Markaziy Osiyoda quruqlikdagi transportning o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash to‘g‘risidagi Bitimning mantiqiy davomi bo‘ldi.